Polsha Ukrainaga 200 ta tank jo‘natdi. T-72 haqida nimalar ma’lum?
Polsha harbiy yordam doirasida Ukrainaga T-72 rusumli 200 ta tank va o‘nlab jangovar piyoda mashinalarini (BMP-1) jo‘natdi. Polsha radiosi xabariga ko‘ra, polshaliklarning qo‘shni mamlakatga harbiy yordami hajmi yetti milliard zlotiydan (1,5 mlrd dollar) oshiqni tashkil etadi.
Tanklar jo‘natilgani haqidagi ma’lumot Varshavada rasman tasdiqlandi.
«Aniq raqamlarni keltirmayman, ammo bosh vazirning Polsha Ukrainaga harbiy yordam yetkazib bergani, yetkazib berayotgani va yetkazib berishda davom etishi haqidagi gapini tasdiqlayman, jumladan T-72 tanklari ham. Men tafsilotlarga to‘xtalishni istamayman, ammo bu, shubhasiz muhim yordam», degan Polsha Milliy xavfsizlik byurosi rahbari Pavel Solox Polsat News uchun bergan intervyusida.
Polshadagi nashrlar Varshava Kiyevga yetkazib bergan qurollar qatorida 2S1 «Gvozdika» rusumli o‘ziyurar gaubitsalar va «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari, shuningdek Mig-29 va Su-27 samolyotlari uchun «havo-havo» tipidagi raketalar borligi haqida yozgan.
Polsha radiosi Ukraina WB Electonics kompaniyasining razvedkachi dronlari, Piorun zenit-raketa majmualari hamda katta miqdorda o‘q-dorilar qabul qilib olgani haqida xabar tarqatgan.
Ochiq manbalar orqali qurollarga oid ma’lumotlarni tahlil qiluvchi Oryx mutaxassislari guruhi ham Polshadan Ukrainaga texnikalar yetkazib berilgani haqida xabar bergan.
T-72 jangovar tanki SSSR davrida Uralvagonzavodda ishlab chiqarilgan. Sovet armiyasi undan 1973 yildan foydalana boshlagan. 30 yil mobaynida bu tank 14 bor modernizatsiya qilingan.
T-72 ko‘plab harbiy mojarolarda - Livan va Suriyadagi urushlarda, Iroq va Eron o‘rtasidagi urushda, Yugoslaviya parchalangach ro‘y bergan qurolli ziddiyatlarda, Chechenistonda, 2008 yilgi Rossiya-Gruziya urushida, Tog‘li Qorabog‘dagi urushda va Ukraina sharqidagi janglarda ishtirok etgan.
2014 yil boshida Ukraina qurolli kuchlari zaxirasida T-72 tanklaridan 600 dona bo‘lgan, Donbassda harbiy harakatlar boshlangach, mudofaa vazirligi bu tanklardan foydalanishni tiklagan.
Tanklar Ukrainadagi eng yirik zirhli tanklar zavodida modernizatsiya qilingan. T-72 yanada kuchliroq dvigatel (840 ot kuchi), T-80 tanki gusenitsalari (g‘ildirak vazifasini o‘tovchi keng zanjir tasma), yaxshilangan himoya, zamonaviy raqamli radiostansiyaga ega bo‘lgan va sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimiga ulangan. Tankning tungi ko‘rish qurilmalari uchinchi avloddagi tasvirni kuchaytiruvchi elektron-optik o‘zgartirgichlar bilan jihozlangan.
T-72 tankining turli modifikatsiyalaridan Rossiya armiyasi ham Ukrainaga bosqinda faol foydalanmoqda.
Ittifoqchilardan tanklar
24 fevral kuni Rossiya bosqini boshlangach, Ukraina hamkorlarga harbiy yordam so‘rab murojaat qila boshladi. Aprel oyi boshida The New York Times nomi sir tutilishini so‘ragan amerikalik mulozimga asoslangan holda AQSh NATO bo‘yicha ittifoqchilar bilan Ukrainaga sovetlar davrida ishlab chiqarilgan tanklarni yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishganini xabar qildi.
T-72 tanklari, BMP-1 va gaubitsalarning ilk guruhi Ukrainaga Chexiya tomonidan yetkazib berildi. OAV dastlabki partiya o‘ndan ortiq tanklarni o‘z ichiga olganini xabar qildi.
Polsha radiosi xabariga ko‘ra, Polsha qurolli kuchlari ixtiyorida qariyb 400 dona T-72 rusumli tanklar mavjud.
Polsha mudofaa vazirligi qaroriga ko‘ra, 2019 yilda bu tanklarning bir qismi modifikatsiya qilingan, ammo, nashrning qayd etishicha, Ukraina armiyasiga asosan modernizatsiya qilinmagan texnikalar jo‘natilgan.
AQSh Sharqiy Yevropa mamlakatlari arsenalidagi S-300 zenit-raketa majmualarini ham Ukrainaga yetkazib berish borasida kelishuvga erishgan. Slovakiya o‘tgan oyda bunday komplekslarni Ukrainaga jo‘natgan.
Rossiya bosqinidan oldin va uning ilk bosqichida NATO mamlakatlari Rossiya alyans bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv keltirib chiqarmasligi uchun Ukrainaga hujumkor qurollar yetkazib berishdan qochayotgandi.
Ammo Bucha va rossiyalik harbiylar ishg‘ol qilgan boshqa hududlarda sodir etilgan vahshiyliklardan keyin G‘arbning pozitsiyasi o‘zgardi. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg blok bundan buyon Kiyevga yetkazib beriladigan qurollarni mudofaa va hujumkor qurollar sifatida ajratmasligini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
19:29 / 20.12.2024
Reuters: Bayden administratsiyasi Ukrainaga oxirgi harbiy yordam paketini e’lon qilishga tayyorlanmoqda
14:56 / 12.11.2024
Makron va Starmer Tramp g‘alabasidan keyin ham Ukrainani qo‘llashda «sobit» bo‘lishga va’da berishdi
19:38 / 01.11.2024
Ukrainani qo‘llash yoki sotqinlik - AQShdagi saylovlardan nima kutish mumkin?
19:38 / 11.10.2024