«Real» yana chempion, APLda poyga qizimoqda. Kun o‘yinlari yakunlari
«Real» finishga to‘rt tur qolganida 35-bor Ispaniya chempioniga aylandi, Dortmundni Holandning het-trigi qutqara olmadi, APLni tark etadigan ilk jamoa nomi aniq bo‘ldi. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan boshqa voqealar.
Ispaniya: Anchelotti unikal murabbiy, «Atletiko»da muammolar
Real — Espanol 4:0
Gollar: Rodrigo (33, 43), Asensio (55), Benzema (81).
Real — Kurtua, Vaskes, Kazemiro (Isko, 60), Valexo, Marselo, Kamavinga (Gila, 75), Modrich (Kroos, 60), Sebalos, Rodrigo (Vinisius, 75), Asensio, Mariano (Benzema, 60).
Ogohlantirishlar: Mariano (42), Kazemiro (46).
Oltin o‘yin arafasida Luka Modrich «Real» bilan yangi shartnoma imzolagani va bu bir mavsum bilan cheklanmasligi, kelishuv 2024 yilga qadar uzaytirilishi mumkinligi haqida xabar tarqaldi. Bu yangilikning o‘zini bayram deb atash mumkin. «Santyago Bernabeu»da yig‘ilgan muxlislar 7-daqiqada sobiq kumirlari Krishtianu Ronalduni olqishlashdi.
Maydonda esa yosh avlod javlon urdi. Bahorda besh o‘yinda maydonga tushgan Rodrigo to‘rt gol urdi. Ushbu braziliyalik avvalgi 79 o‘yinida jami shuncha gol urgandi. U hisobni faxriy jamoadoshi Marseloning uzatmasidan keyin ochdi. Marselo esa «Qirollik klubi» bilan 24-sovrinini qo‘lga kiritdi va yanvarda vafot etgan klub afsonasi Pako Xentodan o‘zib ketib, klub tarixidagi eng sovrindor futbolchiga aylandi.
Marselo — ham afsona. Zaxiradan qo‘shilib, o‘yinga nuqta qo‘ygan Benzema kabi. Albatta Karlo Anchelotti ham. U endi kuchli beshlik chempionatlarining barchasida g‘olib chiqqan ilk murabbiyga aylandi. Anchelotti Italiyada «Milan», Angliyada «Chelsi», Fransiyada «PSJ», Germaniyada «Bavariya» bilan chempion bo‘lgandi. U «Real»dagi avvalgi faoliyatida YeChLni qo‘lga kiritgan, ammo ichki chempionatdagi birinchi mavsumida chempion bo‘la olmagach, iste’foga chiqarilgandi.
Uning Madridga qaytishi esa o‘zini to‘la oqladi. Chempionlikdan keyin bo‘shashgan «Atletiko» va o‘zgarishlar davridagi «Barselona» fonida chempionlik ancha oson qo‘lga kiritildi. «Real»ni chempionatning keyingi mavsumida kuchaygan raqiblar kutadi, ammo Madrid ham yangi mavsumga Antonio Ryudiger va Kilian Mbappe bilan kuchaytirilgan holda borishi kutilmoqda. Futboldagi «katta dubulg‘a»ni qo‘lga kiritgan Anchelotti yana bir tarixiy natijaga qo‘l urishi va Chempionlar ligasini to‘rt bor qo‘lga kiritgan ilk murabbiyga aylanishi mumkin.
Hozircha 35-bor chempionlikni rasmiylashtirgan madridliklar «Yuventus»ni ortda qoldirgan holda, top-5 chempionatlar rekordchisiga aylandi.
Atletik B — Atletiko 2:0
Gollar: Ermoso (8, avtogol), Uilyams (55, penalti).
Atletik Bilbao — Simon, de Markos, Alvares, Martines, Berchich (Balensiaga, 87), N.Uilyams (Zarraga, 75), D.Garsiya (Vensedor, 75), Vesga, Muniain, R.Garsiya (Vivian, 87), I.Uilyams (Berenger, 77).
Atletiko — Oblak, Lorente, Ermoso, Ximenes, Mandava (Korrea, 46), Lodi, Karrasko (Kunya, 65), Errera (Koke, 65), Kondogbia (de Paul, 65), Grizmann, Suares (Vrsalko, 70).
«Atletiko» raqiblarning ochko yo‘qotishi tufayligina to‘rtinchi o‘rinni o‘zida saqlab qolmoqda. Madridliklar hozirda pasayish davrida. O‘tgan turda jamoa turnir jadvalining quyi qismida joylashgan «Granada» mudofaasini yorib o‘tolmagandi, endi esa kutilganidek Bilbaoda katta qiyinchilikka uchradi. Basklar yanvarda kubok o‘yini yarimfinalida Diyego Simeone jamoasini mag‘lub etishgani tasodif bo‘lmaganini isbotlashdi.
«Matraschilar»ga eng jiddiy xavf Inyaki Uilyams tomonidan bo‘ldi, u Ximenes bilan to‘p uchun kurashda yengib chiqib, Ermosoni to‘pni o‘z darvozasiga yo‘naltirishga majbur qildi. Keyinroq uning zarbasi darvoza ustuniga tegdi. «Atletiko» tanaffusdan keyingina xavfli hujumlar uyushtira boshladi va Grizmanning zarbasi darvoza to‘sinini titratdi.
Ammo bu tasavvur aldamchi bo‘lib chiqdi va javob hujumida mezbonlar penalti ishlashdi, Uilyamslarning kattasi zarbani panenka uslubida ijro etib, «San-Mames»ni to‘lqinlantirdi. Dushanba kuni «Xetafe»ga safar qiladigan «Betis» g‘alaba qozonsa, to‘rtinchi o‘rin bilan oradagi farqni bir ochkogacha qisqartirishi mumkin.
Liverpuldagi mag‘lubiyatdan keyin Unai Emeri yana tarkibda yoppa rotatsiya uyushtirdi va bu «Vilyarreal» turnir jadvalida oxirgi o‘rinni egallab turgan «Alaves»dan mag‘lub bo‘lishga olib keldi. «Sariq submarinalar» mag‘lubiyatdan qutulib qolish uchun o‘ynashdi, ammo o‘yin oxirida Lo Selso qulay pozitsiyadan xato zarba berdi, Pako Alkaserning ikki zarbasi darvozabon tomonidan qaytarildi. Valensiyaliklarga shunchaki ikki frontda kurash olib borish uchun kuch yetmayapti, natijada jamoa keyingi mavsumda yevrokuboklarda qatnashish imkonini yo‘qqa chiqarmoqda. «Vilyarreal» oltinchi o‘rindagi «Real Sosedad»dan uch ochkoga ortda qolmoqda va yakshanba kungi o‘yinda basklar «Rayo Valekano»ga qarshi o‘yinda muvaffaqiyatga erishsa, bu farq yanada yiriklashadi.
Angliya: Klopp yetakchilarga dam berdi
Nyukasl – Liverpul 0:1
Gol: 0:1 – 19 Keyta.
Liverpul – Alisson, Gomes, Matip, van Deyk, Roberson, Milner (Tiago Alkantara, 78), Henderson (Fabino, 69), Keyta, Mane (Saloh, 69), Diogu Jota, Dias.
Ogohlantirishlar: Diogu Jota (43), Joelinton (43), Gomes (51), Mane (68).
«Liverpul» bilan yangi shartnoma tuzgan Yurgen Klopp Aleksandr-Arnold, Fabino, Tiago Alkantara va Saloh kabi yetakchilarga dam berib o‘ynashi ham mumkin. Qizillar safidagi har bir futbolchi, jumladan Keyta ham gol ura oladi, «Nyukasl» futbolchilarining arbitrni golni bekor qilish uchun undashlari behuda ketdi, hujum boshlangan vaqtda Milner yakkakurash vaqtida to‘pga o‘ynagandi.
O‘z navbatida mehmonlar darvozasi oldidagi trevoga aldamchi bo‘lib chiqdi, Almironning goli ofsayd tufayli bekor qilindi. «Liverpul» to‘la xotirjam bo‘lishi uchun ikkinchi gol yetishmadi, Diogu Jota qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi. Ammo mehmonlar shusiz ham uddalashdi va - bu mavsumda Keyta gol urgan barcha uchrashuvlarda g‘alabaga erishilgan.
Lids — Manchester Siti 0:4
Gollar: Rodri (13), Ake (54), Jyezus (78), Fernandino (90+3).
Manchester Siti – Ederson, Kanselu, Laport, Diash, Ake (Zinchenko, 60), Gundo‘g‘an, Grilish, Rodri (Fernandino, 83), Foden (Bernardu Silva, 80), Sterling, Jyezus.
Ogohlantirishlar: Firpo (6), Grilish (14), Kanselu (68).
O‘z o‘yinini keyinroq o‘tkazgan «Siti» yana yetakchilikni qaytarib olish uchun o‘ynashiga to‘g‘ri keldi va bu ish muammmosiz uddalandi. Xosep Gvardiola jamoasi «standartlar»dan unumli foydalandi. Birinchi vaziyatda Fodenning jarima nuqtasidan bergan uzatmasiga Rodri mohirlik bilan sakrab hisobni ochdi. Ikkinchi gol burchak zarbasi ijro etilganidan so‘ng markaziy himoyachilarning bog‘lami ishlashi evaziga urildi. Ruben Diash Foden uzatgan to‘pni boshi bilan darvoza yaqinida turgan Akening oyog‘iga tashlab berdi. Ikkinchi bo‘limning ikkinchi yarmida Gabriel Jyezusning navbatdagi goli uchrashuv taqdirini amalda hal qildi, qo‘shimcha daqiqalarda esa Fernandino «Lids» darvozasiga to‘rtinchi golni urdi. «Shaharliklar» yana birinchi. «Liverpul» bilan chempionlik poygasi katta ehtimol bilan so‘nggi turga qadar davom etadi.
Italiya: «Napoli»ning qaytishi
Napoli — Sassuolo 6:1
Gollar: Kulibali (7), Osimhen (15), Losano (19), Mertens (21, 54), Rahmani (80) — Lopes (87).
Napoli – Ospina, Di Lorenso (Dzanoli, 82), Kulibali, Rahmani, Ruy (G‘ulom, 82), Fabian Ruis (Demme, 77), Zambo-Angissa, Mertens, Insine, Losano (Politano, 77), Osimhen (Elmaz, 77).
Ogohlantirishlar: Lopes (18), Frattezi (53), Berardi (84).
So‘nggi uch turda atigi bir ochko olgach, chempionlik poygasidan chiqarib qo‘yilgan «Napoli» bor alamini «Sassuolo»dan old. Janubliklar o‘yinni shu qadar kuchli boshladiki, qora-yashillarning favoritlar uchun noqulay raqib sifatidagi maqomini unutishga to‘g‘ri keldi. O‘yin taqdiri birinchi bo‘lim o‘rtalaridayoq hal bo‘ldi, neapolitanliklar yigirma daqiqa ichida raqib darvozasini to‘rt bor ishg‘ol etishdi va bu jamoaning 2009 yildan buyon o‘yinni bunday start bilan boshlashi bo‘ldi. Ayniqsa Osimhenning natijasini e’tirof etish mumkin, u faoliyatida ilk bor kuchli beshlik chempionatlarida bir mavsumda 13 gol urishga erishdi. Bu katta raqam bo‘lib ko‘rinmaydi, ammo u jarohati tufayli bir necha oy mobaynida maydonga tusha olmaganini e’tiborga olish kerak. Asosiysi esa, mavsum finishida Luchano Spalletti jamoasi hamon Milan klublariga tahdid solishda davom etadi.
Germaniya: favoritlar kuni emas
Mayns — Bavariya 3:1
Gollar: Burkardt (18), Niakate (27), Barreyro (57) — Levandovski (33).
Bavariya – Ulrayx, Pavar, Zyule (Stanishich, 79), Ernandes (Nyanzu, 67), Devis, Zabitser (Musiala, 46), Goretska (Sane, 46), Gnabri, Kimmix, Shupo-Moting (Vidovich, 67), Levandovski.
Ogohlantirishlar: Kimmix (43), Ernandes (65), Pavar (73), Sane (86).
Amaldagi chempion sifatida o‘ynagan «Bavariya» Maynsda sensatsion ravishda mag‘lubiyatga uchradi. Myunxenliklar uchun bu o‘yindagi yagona ijobiy vaziyat — Levandovskining goli bo‘ldi. Polshalik forvard bir turnir doirasida safar o‘yinlarida 18 gol urgan holda bundesliga rekordini qayd etdi. Yulian Nagelsmann jamoasiga parallel o‘yinda «Borussiya» namoyish etishga uringan kambek kamlik qildi.
Borussiya D — Bohum 3:4
Gollar: Holand (18 penalti, 30 penalti, 62) — Polter (3), Holtmann (8), Lokadiya (81), Pantovich (85, penalti).
Borussiya D – Hits, Akanji, Zagadu, Gerreyru (Rote, 84), Vitsel (Papadopulos, 87), Brandt (Mukoko, 87), Bellingem, Volf (Reyner, 84), Roys, Holand, Bayno-Gittens (Passlak, 63).
Ogohlantirishlar: Bellingem (24), Losilla (31), Mashovich (35), Brandt (54), Rote (89), Tsoller (90), Papadopulos (90).
Dortmundliklar o‘yinning 8-daqiqasiga kelib ikki gol o‘tkazib yuborgan holda muxlislarini shokka tushirdi, ammo Holand o‘zini ko‘rsatdi. Norvegiyalik hujumchi tanaffusga qadar ikki bor penaltini aniq ijro etib hisobni tenglashtirdi, o‘yinning ikkinchi bo‘limida esa Roysning qanotdan uzatmasidan keyin darvozani ishg‘ol etib, professional futbolchilik faoliyatida 12-het-trigini nishonladi. Bu goldan keiyn «Bohum» nokaut holatiga tushgandek edi, ammo mehmonlar iroda ko‘rsatishdi va o‘yin oxirida g‘alabani ilib ketib, bundesligada qolishlarini kafolatladi.
Kun statistikasi
- APLga chiqqan so‘nggi to‘rt mavsumida har safar chempionshipga tushib ketgan 2-chi jamoa «Norvich» bo‘ldi. Bunday seriya avval «Kristal Pelas» bilan ham ro‘y bergan. Ammo «kanareyka»lar chempionshipga jami olti bor tushib ketgan va bu borada eng yuqori ko‘rsatkich qayd etgan.
- Genuya derbilarida «Sampdoriya» bosh murabbiyi Marko Jampaolo 5 bor g‘olib chiqdi. Bu 1994/95 yilgi mavsumda uch ochkolik tizimga o‘tilganidan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
- «Real» himoyachisi Alaba 10 mavsumda ketma-ket chempion bo‘ldi. Avstriyalik himoyachi bundesligadagi seriyasini la ligada ham davom ettirdi.
- A seriyada bir klub uchun 150 gol urgan 10-futbolchi «Latsio» hujumchisi Chiro Immobile bo‘ldi.
- Niderlandiya chempionatida 124 o‘yinda maydonga tushgan «Ayaks» yarimhimoyachisi Dushan Tadich klub rekordini o‘rnatdi.
- La ligada «Atletik» yarimhimoyachisi Raul Garsiya 550-o‘yinini o‘tkazdi. U bu borada «Real» afsonasi Raul bilan tenglashib oldi, o‘yinlar soni bo‘yicha undan oldinda joriy mavsumni «Betis» safida o‘tkazgan Xoakin (596) va o‘tmishdagi taniqli darvozabon Subisarreta (622) bor.
- «Trabzonspor» 13 659 kun davom etgan tanaffusdan keyin yana Turkiya chempionligini nishonladi.
Mavzuga oid
12:33
Husanovning «o‘g‘irlangan» goli va Londonda tennischa hisob. Kun o‘yinlari
12:02 / 22.12.2024
«Barsa»da inqiroz, «Siti»da antirekord. Kun o‘yinlari
11:12 / 19.12.2024
«Real»da yangi sovrin, «Arsenal»ga hakamlar yordam berdi, Shomurodov gol urdi
23:50 / 17.12.2024