O‘zbekiston | 09:57 / 06.05.2022
12591
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tashkil etildi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahar bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahar 4-son bolalar klinik shifoxonasi va 3-son yuqumli kasalliklar klinik shifoxonalarini qo‘shib yuborish orqali, 300 o‘ringa mo‘ljallangan budjetdan moliyalashtiriladigan davlat muassasasi shaklidagi Toshkent shahar bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini qayta tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Bunyodkor ko‘chasi, 42-a uy manzilida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya va qon quyish ilmiy-amaliy tibbiyot markazining sobiq bino-inshootlari tegishli hududi bilan birga Markazga operativ boshqaruv huquqi asosida o‘tkazib beriladi.

Quyidagilar markaz faoliyatining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • bolalarni tekshirish, ularga yuqori malakali tibbiy-konsultativ yordam ko‘rsatish;
  • bolalarga Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan standartlarga muvofiq yuqori malakali ixtisoslashtirilgan statsionar yordam ko‘rsatish;
  • tuman tibbiyot birlashmalari mutaxassislariga konsultativ va tashkiliy-metodik yordam ko‘rsatish;
  • Toshkent shahar davolash-profilaktika muassasalari amaliyotiga zamonaviy tibbiy texnologiyalarni va boshqarishning iqtisodiy metodlarini joriy etish;
  • tibbiyot xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda qatnashish;
  • tibbiyot muassasalarida davolash-profilaktika jarayoni sifatini ekspertizadan o‘tkazish.

Quyidagilar markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

  • davlat budjeti mablag‘lari;
  • pulli tibbiy xizmat ko‘rsatishdan (tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatiga kiritilmagan) olinadigan mablag‘lar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilanishicha:

a) Markaz Toshkent shahar 4-son bolalar klinik va 3-son yuqumli kasalliklar shifoxonalarining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

b) Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani Kichik halqa yo‘li ko‘chasi, Qushbegi mavzesi 26-uyda joylashgan Toshkent shahar 3-son yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasining bino-inshootlari tegishli hududi bilan birga Toshkent davlat stomatologiya institutiga;

Toshkent shahar, Shayxontohur tumani Markaz-27, Bog‘ ko‘chasi 20-uyda joylashgan Toshkent shahar 4-son bolalar klinik shifoxonasining bino- inshootlari tegishli hududi bilan birga Sog‘liqni saqlash vazirligiga operativ boshqaruv huquqi asosida beriladi.

Mavzuga oid