O‘zbekiston | 20:35 / 07.05.2022
9723
4 daqiqa o‘qiladi

Ofshor kompaniyalarga o‘z benefitsiarlarini ochiqlash talabi qo‘yilishi mumkin

Adliya vazirligi oxirgi benefitsiar mulkdorlar reyestrini shakllantirish va uni barcha uchun ochiq manbaga aylantirishni taklif etmoqda. Agar qonun qabul qilinsa, ofshor zonalar va xorijiy sub’yektlarga aloqador kompaniyalarga oxirgi benefitsiarini ochiqlash majburiyati yuklatiladi.

Foto: Getty Images

Adliya vazirligi “Oxirgi benefitsiar mulkdorlar yagona davlat reyestri to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqdi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, “oxirgi benefitsiar mulkdor” tushunchasining aniq mezonlari, oxirgi benefitsiar mulkdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim qilmaydigan korxona va tashkilotlar belgilanmoqda.

Ayrim tadbirkorlik sub’yektlariga (asosan ofshor zonalar va chet ellik elementi mavjud tadbirkorlik sub’yektlari) o‘zlarining oxirgi benefitsiar mulkdorlarini oshkor qilish majburiyati yuklanmoqda.

Asosiysi, benefitsiar mulkdorlar yagona davlat reyestrini shakllantirish taklif etilmoqda. Undagi ma’lumotlarni kamida har chorakda yangilash, unda yopiq turdagi ma’lumotlar (shaxsga doir ma’lumot) ham bo‘lishi nazarda tutilmoqda.

“Oxirgi benefitsiarlarga nisbatan talablarni belgilash, ularning reyestrini yuritish va uning ochiq bo‘lishini ta’minlash – rivojlangan davlatlarning ochiqlik va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi eng so‘nggi tendensiyalaridan biri hisoblanadi.

Loyiha qabul qilinishi mamlakatda biznes muhitini rivojlangan davlatlar standartlari darajasiga olib chiqishga, korrupsiyaga, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishni kuchaytirishga, shuningdek, sohada jamoatchilik nazoratini takomillashtirishga kuchli poydevor yaratadi”, deyiladi vazirlik xabarida.

“Juda foydasi bor qonun”

Avvalroq, adliya vaziri Ruslanbek Davletov ofshorlar bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi.

“Bu – juda katta ahamiyatga ega qonun. Ofshorlar bilan bog‘liq. Ya’ni biz juda ko‘p firmalarni bilamiz, muassisi kim, direktori kim. Lekin oxirigacha yetib bo‘lmaydi. Shuning uchun qonun bilan bu narsaning oxiriga yetish kerak.

Oxirgi benefitsiar baribir yuridik shaxs emas, jismoniy shaxs bo‘ladi. Har qanday firmaning oxirida inson turadi. Shuning uchun mana shu qonun loyihasini ham ishlab chiqdik. Buni ham jamoatchilik muhokamasiga beramiz. Qo‘llab-quvvatlansa, qabul qilinsa, juda foydasi bor”, – degandi adliya vaziri.

Ofshor o‘zi nima?

Ofshor – kompaniyalarni boshqa davlatlarda tashkil etish orqali mulk egaligini yashirish. Masalan, kimningdir Britaniyada mulki bor, biroq tashkiliy jihatdan unga boshqa davlatda egalik qilishi ofshor hisoblanadi. Odatda bu usul bilan mulkning egasini aniqlash murakkablashadi, soliq to‘lashdan qochiladi. O‘z navbatida, ofshor hududlar investitsiya oqimini ko‘paytirishga erishadi.

Buyuk Britaniya va uning dengizorti hududlari, Kipr va Singapurda ofshor kompaniyalar ko‘p uchraydi. Bu – ushbu davlatlar qonunchiligida kompaniyalarga o‘z egasi shaxsini ochiqlashga oid talablar qat’iy emasligi va korporativ soliqlar past yoki umuman yo‘qligi kabi omillar bilan izohlanadi.

Yashirin ofshor kompaniyaga ega bo‘lish noqonuniy bo‘lmasa ham, maxfiy kompaniyalarning murakkab tarmog‘idan foydalanib pul yuvish (jinoiy daromadlarni legallashtirish)ning yo‘llaridan biri sifatida ko‘riladi.

Mavzuga oid