Jahon | 12:52 / 12.05.2022
12478
3 daqiqa o‘qiladi

KXDR koronavirusga chalinish bilan bog‘liq «ilk holat» haqida xabar berdi. Mamlakatda lokdaun joriy etilgan

KXDR hukumati mamlakatda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq ilk holat qayd etilgani haqida xabar berdi. Bu haqda Shimoliy Koreya nashrlariga asoslangan holda Janubiy Koreyaning Yonhap agentligi xabar tarqatdi.

Siyosiy byuro yig‘ilishida olingan suratda Kim Chen Indan boshqa barcha tibbiy niqobda o‘tirganini ko‘rish mumkin.
Foto: KCNA

Xabar qilinishicha, Pxenyanda «Omikron» variantini yuqtirib olish holatlari aniqlangan - 8 may kuni Covid-19 alomatlari kuzatilgan aholidan test olingan.

Shundan keyin butun mamlakatda «maksimal favqulodda holat» rejimi joriy etilgan va lokdaun e’lon qilingan. Aynan qancha odam zararlangani ma’lum emas.

KXDR rahbari Kim Chen In o‘z qo‘l ostidagilarga virus tarqalishini to‘xtatish bo‘yicha topshiriq bergan va mamlakat «kutilmaganda paydo bo‘lgan» bu inqirozni yengib o‘tishini va’da qilgan.

«Mamlakatning barcha uyezdlari va shaharlarida hamma o‘z hududini yopib, zararli virus tarqalishi yo‘llarini xavfsiz tarzda to‘smoqda. Biz to‘satdan kelgan inqirozni yengib o‘tamiz va albatta g‘alaba qilamiz», degan u KXDR Mehnat partiyasi markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosining payshanba kuni maxsus chaqirilgan yig‘ilishida.

Kim Chen In mamlakat chegaralarida nazoratni kuchaytirishga buyruq bergan.

KXDR hukumati bunga qadar mamlakatda pandemiya davrida koronavirusga chalinish bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmaganini ma’lum qilib kelardi.

Mamlakat chegaralari to‘liq yopilgani virus mamlakatga kirib kelishining oldini olgani aytilardi. KXDR virus tarqalishining oldini olish uchun yana qanday choralar ko‘rgani ma’lum emas.

Pxenyan hatto Covax xalqaro mexanizmi doirasida vaksinalar yetkazib berilishidan bosh tortgan va shimollik koreyslar uchun mo‘ljallangan preparatlar boshqa davlatlarga taqsimlangandi.

2020 yil iyulida mamlakatda vatanga qaytgan qochqinlardan birida koronavirus borligi gumon qilinayotgani haqida xabarlar tarqalgandi, ammo bu borada keyingi ma’lumot berilmadi.

Ekspertlar KXDR hukumati mamlakatga koronavirus kirib kelishining oldini olishga muvaffaq bo‘lishganiga shubha bilan qarashadi.

2021 yil iyunida mamlakat rahbari Kim Chen In KXDR sog‘liqni saqlash sohasidagi «jiddiy hodisa» haqida xabar berdi, ammo tafsilotlarni keltirmadi. Shimoliy Koreyadan tashqarida esa mamlakatda kovid avj olgani haqida gapira boshlashdi.

Mavzuga oid