O‘zbekiston | 07:50 / 13.05.2022
5180
2 daqiqa o‘qiladi

«Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi

Foto: iStock

Prezident tomonidan «Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun imzolandi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.

Hujjatda transplantatsiya o‘tkazishning maqsad va shartlari, uning obektlari, donorlar doirasi (tirik va o‘lik), donor va retsipiyentning huquqlari, a’zolar va to‘qimalarni olish shartlari belgilangan.

Qonunning amal qilishi insonning ko‘payishiga taalluqli bo‘lgan a’zolar va to‘qimalarning (tuxum hujayrasi, sperma, tuxumdonlar, moyaklarning yoki embrionlarning) transplantatsiyasiga, a’zolar va to‘qimalarning autogen (bir shaxsning o‘zi tirik donor va retsipiyent bo‘ladi) transplantatsiyasiga, shuningdek qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Tirik donordan yoki inson murdasidan olingan inson a’zolari va (yoki) to‘qimalari transplantatsiya obektlari bo‘lishi mumkin, ularning ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Qonunda Vazirlar Mahkamasining hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi sohasidagi vakolatlari belgilangan.

Inson a’zolari va to‘qimalarini olish va ularning transplantatsiyasi davlat sog‘liqni saqlash tizimining tibbiyot muassasalari tomonidan amalga oshiriladi, ushbu muassasalarning ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Inson a’zolari va to‘qimalarini uning murdasidan olishga uning tiriklik chog‘idagi notarial tartibda tasdiqlangan yozma roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.

Qonunda tirik donor va retsipiyentning huquq va majburiyatlari belgilangan.

Inson a’zolari va to‘qimalaridan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirish, shuningdek transplantatsiyaga muhtoj bo‘lgan shaxslarga tezkorlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Donorlarning, retsipiyentlarning, shuningdek inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining yagona davlat reyestri tashkil etiladi.

Mavzuga oid