O‘zbekiston | 16:21 / 13.05.2022
10031
2 daqiqa o‘qiladi

Prokuratura ko‘richakda gumonlanib operatsiya qilingan ayolning o‘limi sabablarini o‘rganmoqda

Andijonning Qo‘rg‘ontepa tumani shoshilinch yordam bo‘limiga isitma va og‘riq bilan olib kelinib, o‘tkir ko‘richak kasalligi bilan operatsiya stoliga yotqizilgan Oysirg‘a Davlatova vafoti bo‘yicha prokuratura izoh berdi.

Foto: KUN.UZ

Qayd etilishicha, ekspertizaning 28 aprel kungi dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro O.Davlatovada ikkala o‘pka va buyraklar kamqonligi, oq rangligi, ikkala buyrak va atrof yumshoq to‘qimalariga qon quyilishi, oshqozon va ingichka ichaklarning yallig‘lanishi, oshqozon va ingichka ichaklar bo‘shlig‘ida 1000 ml qoramtir suyuqlikning mavjudligi va shilliq qavatlariga qon quyilishi, poliorganik yetishmovchiligi aniqlangan.

Tekshiruv davomida ishga aloqador shaxslardan tushuntirish xatlari olinib, fuqaro O.Davlatovada kasallikning kechishi, jarrohlik operatsiyasi va muolajalarning o‘z vaqtida olib borilganligi, shifokorlar va boshqa xodimlarning xatti-harakatlarini o‘rganish maqsadida komissiyaviy sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Shuningdek, tuman prokurori tomonidan 8 may kuni to‘plangan hujjatlar bo‘yicha tekshiruv muddati bir oyga qadar uzaytirilgan.

Eslatib o‘tamiz, O.Davlatova shifoxonaga kuchli og‘riq bilan olib kelingach, ko‘rikdan o‘tkaziladi va ko‘richak tashxisi bilan operatsiya stoliga yotqiziladi. Shifokorlar bemorning yaqinlariga ko‘richagi yiringlab ketgani, shu sababli tananing boshqa joylariga ham og‘riq berayotganini aytishgan. Biroq ko‘richakning olib tashlangan qismida yiring kuzatilmagan.

Operatsiyadan so‘ng bemor biroz vaqt o‘ziga kelmaydi va birdaniga koma holatiga tushib qoladi. Biroz muddat o‘tgach esa vafot etadi.

 

Mavzuga oid