18 yillik umr kushandasi yoki millionlab insonlarni kishanlagan odat
Tamaki chekish orqali odam o‘z-o‘zini zaharlaydi. Avvalo o‘pka zararlanib, organizmni kislorod bilan ta’minlash funksiyasi yomonlashadi, shu tariqa boshqa alomatlar ko‘payib boradi. “Sog‘lom hayot” loyihasi bu global muammo miqyosi, asoratlari va uni tark etish bo‘yicha asosiy tavsiyalarni sanab o‘tadi.
Chekish inson salomatligi uchun ziyon ekani hech kimga sir emas. Buni nafaqat o‘tkazilgan tadqiqotlar, balki yon-atrofimizni kuzatish orqali ham bilib olishimiz mumkin. Bugungi kunda har beshinchi yigit, har yigirmanchi qiz tamaki chekuvchi hisoblanadi, doimiy kashandalarning har o‘ntadan to‘qqiztasi bu zararli odatni 25 yoshigacha orttirib olgan.
Tahlillarga ko‘ra, dunyo aholisining 780 millionga yaqini chekishni tashlashni xohlaydi va buning uchun bir qancha usullardan ham foydalanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ham bu borada o‘z tavsiyalari mavjud. Koronavirus xavf solgan yillarda tamaki chekuvchilar uchun ikki hissa sinov bo‘ldi desak adashmagan bo‘lamiz. Sababi virusning eng og‘ir alomati nafas a’zolarini zararlash bo‘lgani uchun kashandalarning u siz ham nosog‘lom o‘pkasi bu «sinov»ni juda og‘ir asoratlar bilan o‘tkazdi.
Xo‘sh, bugungi kunda ushbu zararli odat bilan kurashish, uning qaramligidan insonlarni qutqarish qay darajada amalga oshirilmoqda. Bu borada mutaxassis shifokor Hilola Jumayevaning fikrlariga quloq tutamiz.
Tamaki o‘pkani qanday zararlaydi?
Dastlab, o‘pka zararlana boshlaydi va nafas yo‘llarining yallig‘lanishi yuzaga keladi. Bizning nafas yo‘limizda tashqaridan kirib keladigan zarrachalar va turli mikroorganizmlarni tutib qoladigan mikroskopik «kiprikcha»lar mavjud. Tamaki chekuvchi insonda, eng avvalo, ana shu «kiprikcha»ning faoliyati buziladi va u o‘z vazifasini bajara olmay qoladi. Natijada o‘pkaning himoya qatlami yo‘q bo‘lib, endi zararli mikroorganizmlar to‘g‘ridan to‘g‘ri nafas yo‘liga tushib qolishi mumkin.
Bundan tashqari, katta nafas yo‘li ko‘p miqdorda shilimshiq ajratadi va bu o‘z navbatida yo‘talni paydo qiladi. Doimiy yo‘tal esa o‘z-o‘zidan surunkali obstruktiv o‘pka kasalligining alomatidir. Agar chekishni shu tarzda davom ettirsangiz, sekin-astalik bilan quyidagi alomatlar ham paydo bo‘la boshlaydi:
- Nafas olish yo‘llari torayib, nafas olish va chiqarish qiyinlasha boshlaydi.
- Havo yetishmay qolishi tez-tez bezovta qila boshlaydi.
- O‘pkaning havo «qop»lari – alveolalari sekin-astalik bilan yemirilib boradi. Aynan ular qon aylanish tizimini qon bilan ta’minlab turadi. Agar alveolalar vayron bo‘lsa, o‘pkaning organizmni qon bilan ta’minlash funksiyasi pasayib boradi.
- Sport, raqs, qo‘shiq va yaxshi nafas olishni talab qiladigan boshqa mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish tobora qiyinlashadi.
- Eng yomoni, o‘pka ham xuddi sigaret kuli kabi kuygan tusga kira boshlaydi.
Kashandalar qancha umr ko‘radi?
Tadqiqotlarga ko‘ra, kashandalar umrida chekmagan kishilarga nisbatan 18 yilgacha kam umr ko‘rar ekan.
Har ikkinchi kashanda bevosita chekish bilan bog‘liq asoratlar oqibatida vafot etgan. Bu o‘limlarning 87 foizi umrining oxirigacha chekishni davom ettirganlar bilan sodir bo‘lgan, 6 foizi – kamida 15 yil ilgari tamaki chekishni tashlaganlar orasida kuzatilgan. Olimlarga ko‘ra, tamaki chekishdan qancha tez voz kechilsa, odamning uzoqroq umr ko‘rish imkoniyati shuncha oshadi.
Chekuvchilar soni global miqyosda o‘sib boryapti. Erkaklar orasida har beshinchi o‘lim bevosita tamaki bilan bog‘liq. Aholisi eng ko‘p tamaki chekuvchi mamlakatlarga Xitoy, Hindiston, Indoneziya, AQSh, Rossiya, Bangladesh, Yaponiya, Turkiya davlatlari kiradi.
Chekishni qanday tashlash mumkin?
Tamakini birdaniga tashlash qiyin. Ammo buni o‘z boshidan o‘tkazgan insonlarning fikridan kelib chiqib aytishim mumkinki, bu imkonsiz emas. Shuning uchun ham hech qachon kech bo‘lmaydi. Sababi chekishni tashlaganingizga:
- 1 oy bo‘lgan bo‘lsa, nafas olish sezilarli darajada tozalanadi. Surunkali yo‘tal sizni bezovta qilmay qo‘yadi. Uyqu me’yorlashadi. Ish qobiliyati oshadi. Tovush xiralashishi yo‘qoladi.
- 3-6 oy bo‘lgan bo‘lsa, o‘pka tamakining zararli mahsulotlaridan (qatron, tamaki changi va boshqalar) tozalanadi.
- 4-5 yil bo‘lgan bo‘lsa, o‘pka saratoni bilan kasallanish sezilarli darajada kamayadi.
- 10-15 yildan so‘ng sog‘lom inson organizmiga ega bo‘lasiz.
Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin: Qanday qilib tamaki chekishni zararsiz tashlash mumkin? Quyidagi bir nechta zararsiz va sinovdan o‘tgan tavsiyalarni siz bilan bo‘lishmoqchimiz:
1. Chekishni birdaniga tashlamoqchi bo‘lgan insonlarda organizm uzoq vaqt kurashadi va nikotin talab qiladi. Shu sababli chekishdan voz kechish asta-sekin amalga oshirilishi, chekilayotgan sigaretlar sonini kundan kunga kamaytirish kerak.
2. Ko‘proq suv ichish tamaki xumorini kamaytirishga yordam beradi.
3. Chekishni tashlash bilan bir qatorda parhezga rioya qilish talab etiladi. Statistika ma’lumotlariga qaraganda chekishni tashlashning birinchi yillarida o‘rtacha 2-4 kilogrammgacha semirish kuzatiladi, biroq har kimning organizmi o‘ta individualdir.
4. Sigaret o‘rniga saqich, konfet, qurut va boshqa o‘zingizga ma’qul mahsulotlarni iste’mol qilishga odatlaning.
5. Jismoniy mashqlarni esdan chiqarmang. U, hech bo‘lmasa, uydan ishgacha masofani piyoda bosib o‘tish bo‘lishi xam mumkin. Chekishni tashlash davrida organizm faollikni talab qiladi. Shu orqali ortiqcha kaloriyalar tabiiy yo‘l orqali yo‘qotiladi.
6. Nafas olish mashqlarini bajaring. Chuqur-chuqur nafas olib chiqaring. Besh martadan.
7. Sigaret haqida o‘ylamang. Chekayotgan va chekmagan paytingizdagi umumiy holatingizni solishtirib ko‘ring. Kundalik jadvalga rioya qiling. Bu ovqatlanishga xam, jismoniy mashqlar bajarishga xam tegishli.
Shifokor Hilola Jumayeva ma’lumotlari asosida
Abror Zohidov va Maxsuma Oqqo‘ziyeva tayyorladi.
Mavzuga oid
21:30 / 20.12.2024
«Sog‘lom oziq-ovqat» ta’rifi yangilandi - endi u nimani anglatadi?
21:59 / 18.12.2024
Dunyodagi birinchi Fertilo bola tug‘ildi
21:06 / 16.12.2024
Ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar pandemiya darajasiga yetdi – tadqiqot
15:14 / 13.12.2024