Jahon | 11:30 / 17.05.2022
40499
6 daqiqa o‘qiladi

Foto: Ukrainalik harbiylarni «Azovstal»dan olib chiqish boshlandi

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi ular «almashuv jarayoni» orqali Kiyevga yetkazilishini ma’lum qilgan. Rossiya hozircha buni tasdiqlamagan.

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi 17 mayga o‘tar kechasi Mariupolda «Azovstal» zavodidagi harbiylarni «qutqarish bo‘yicha amaliyot» o‘tkazilayotgani haqida xabar berdi. Bu bayonotga ko‘ra, og‘ir yaralangan 53 kishi Novoazovskdagi shifoxonaga yetkazilgan, yana 211 nafar harbiy xizmatchi — Olenivkaga (ikki aholi punkti ham «DXR» kuchlari nazoratida) yetkazilgan, bu yerdan ular «almashuv jarayoni» orqali Ukraina nazoratidagi hududga o‘tkaziladi.

Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Ganna Malyarning aytishicha, 53 nafar og‘ir yarador harbiy Novaazovskdagi kasalxonaga olib ketilgan. 211 nafar harbiy esa rus asirlariga almashiladi. «Mariupol himoyachilari oldiga qo‘yilgan barcha vazifa bajarildi. Asosiy vazifa ularning hayotini saqlab qolish edi. Afsuski, ayni damda «Azovstal»ni harbiy yo‘l bilan deblokada qilish imkonsiz», degan vazir o‘rinbosari.

Rossiya hukumati vakillari almashuvga tayyorlanilayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirmagan.

«Mariupol garnizoni oldinga qo‘yilgan jangovar vazifani ado etdi. Oliy harbiy qo‘mondonlik tomonidan «Azovstal»da bo‘lib turgan bo‘linmalar komandirlariga shaxsiy tarkibning jonini saqlab qolishga buyruq berildi. <…>  «Azovstal» hududida qolayotgan himoyachilarni qutqarish bo‘yicha chora-tadbirlar davom etmoqda»,  — deyiladi Bosh shtab bayonotida.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tungi murojaatida «ukrain qahramonlari Ukrainaga tirik holda kerakligi» va ularning qaytishi bo‘yicha ishlar «nazokatlilik va vaqt talab etishi»ni aytdi.

Evakuatsiya qilinayotganlar orasida ko‘plab yaradorlar bor. Foto: Reuters
Foto: Reuters

Avvalroq Reuters agentligi dushanba kuni «Azovstal»dan ukrainalik harbiylar chiqarilgan o‘nlab avtobuslar chiqib ketgani haqida xabar tarqatgandi. Agentlik bu avtobuslardagi ukrain harbiylari sonini aniqlashning imkoni bo‘lmaganini qayd etgan. RT zavoddan «300 nafar atrofida jangari», jumladan 50 nafar atrofidagi yaradorlar olib chiqilganini ma’lum qilgan.

Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Birinchi kanal muxbiri Irina Kuksenkova 17 may kuni ertalabki soat 4 da «Azovstal»dagi ukrain harbiylari «asirga tushishda davom etayotgani», Olenivkaga olib ketilganlarni so‘roq qilish boshlangani haqida xabar bergan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, zavodda 2,2 mingdan ortiq kishi qolgan.

16 may kuni RF mudofaa vazirligi «Azovstal»da qamalda qolgan ukrainalik harbiylar bilan asirlarni olib chiqish borasida kelishuvga erishilgani haqida xabar tarqatgandi. Ukraina hukumati bu bayonot bo‘yicha izoh bermagandi; zavodni yarador bo‘lmagan harbiy xizmatchilar ham tark etishi haqida aytilmagandi. Keyinroq Rossiya nashrlari va harbiy korrespondentlarning telegram-kanallarida «Azovstal»dan evakuatsiya qilingani aytilgan harbiylarga oid videolar tarqaldi. Kun oxirida Reuters agentligi Novoazovskka yetkazilgan yarador harbiylar suratlarini namoyish etdi.

Navoazovskka yetkazilgan yaradorlar
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Kechga yaqin «Azov» polki «Mariupol mudofaachilari buyruqni bajarishgani», 82 kun davomida «dushmanning bir necha barobar ustun kuchlari»ni o‘ziga jalb qilib turib, Ukraina armiyasiga qayta guruhlanish, hamkorlardan qurollar olish va shaxsiy tarkibni kengaytirish imkoniyatini taqdim etgani haqida bayonot berdi. Bayonotda endi «odamlar hayotini saqlab qolish maqsadida butun Mariupol garnizoni oliy harbiy qo‘mondonlikning tasdiqlangan qarorini bajarishi va ukrain xalqi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga umid qilishi» aytilgan. Aynan qanday qaror haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritilmagan.

Bungacha «Azov» jangchilari mudofaani saqlab turish to‘g‘risida buyruqni bajarishayotgani va shu tufayli taslim bo‘la olmasliklarini aytib kelishayotgandi.

Avvalroq «Azov» jangchilari «Azovstal»dan evakuatsiya bo‘lish o‘zlarining yagona imkoniyati ekani, shu bilan birga hududdan faqat qurol ko‘targan holda chiqishlari mumkinligini bildirishgandi. 8 may kuni jurnalistlar uchun onlayn matbuot anjumani vaqtida «Azov» polkining razvedka boshqarmasi ofitseri Ilya Samoylenko rossiyaliklarning tashviqot videosida tirik holda namoyish etilgan asirlikdagi jangchilar keyinroq o‘ldirib yuborilgani ma’lum bo‘lgani tufayli asirga tusha olmasliklari haqida aytgandi.

«Azovstal»da qolayotgan ukrain jangchilarining ozod etilishi — so‘nggi haftalarning asosiy mavzusiga aylandi. 11 may kuni zavod mudofaasidagi «Azov» polki jangchilarining rafiqalari Rim papasi Fransisk bilan uchrashishdi va undan Rossiya prezidenti bilan ularning ozod etilishi masalasida gaplashishni so‘rashgandi. 14 may kuni «Yevrovideniya»da g‘olib chiqqan ukrainlarning Kalush Orchestra guruhi ham «Azovstaldagilarga yordam berish»ga chaqirishdi. Volodimir Zelenskiy Mariupoldagi ukrain harbiylarining halok bo‘lishi Rossiya bilan har qanday tinchlik muzokaralariga «nuqta qo‘yishi»dan ogohlantirgandi.

Mavzuga oid