O‘zbekiston | 13:11 / 22.05.2022
43262
8 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Mariupol to‘liq egallanganini ma’lum qildi. «Azov» polki komandirlari ham olib chiqilgan

«Azov» komandiri bu yerdan zirhli avtomobilda olib ketilgan - go‘yoki mariupolliklar «vahshiyliklar uchun uni jazolashni istashadi».

Rossiya mudofaa vazirligi 21 mayga o‘tar kechasi «Azovstal» zavodi hududini himoya qilib kelgan ukrain harbiylarining barchasi u yerni tark etganini ma’lum qildi. Kombinat aprel oyi o‘rtalarida Rossiya armiyasi nazoratiga o‘tgan Mariupol shahrida ukrain harbiylari qarshilik ko‘rsatayotgan so‘nggi qal’a bo‘lib turgandi.

RF mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov 20 may kuni kechqurun bu yerda ukrainalik harbiy xizmatchilarning 531 kishidan iborat so‘nggi guruhi taslim bo‘lgani va hafta boshidan buyon zavod hududidan chiqqanlar soni 2439 nafarligini ma’lum qilgan. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, idora rahbari Sergey Shoygu Vladimir Putinga «Mariupol shahri va kombinat to‘liq ozod etilgani» haqida hisobot bergan.

Ukraina hukumati kombinat rossiyalik harbiylarga topshirilgani borasida rasmiy izoh bermagan. Prezident Volodimir Zelenskiy Ukraina «Azovstal» kombinatidan olib chiqilgan ukrainalik askarlarni rossiyalik harbiy asirlarga alishtirishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Juma kuni kechqurun Rossiya davlat nashrlari va hukumatparast telegram-kanallarda «Azovstal» mudofaachilaridan biri - 36-dengiz piyodalari brigadasi komandiri Sergey Volin («Volina» laqabli) aks etgan video namoyish etildi, u videoda o‘zi asir tushganini tasdiqlaydi. Shuningdek, zavod hududini «Azov» polki komandiri Denis Prokopenko (laqabi «Redis») va komandir o‘rinbosari Svyatoslav Palamar (laqabi «Kalina») ham tark etgani aytilgan. Ularning videoyozuvlari ko‘rsatilmagan.

Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiya mudofaa vazirligida ma’lum qilinishicha, «Azov» komandiri Prokopenko kombinat hududidan maxsus zirhli avtomobilda olib ketilgan, go‘yoki bu orqali u «ko‘p sonli vahshiyliklar uchun mariupolliklarning qasos olishidan asralgan». Avvalroq Rossiya rasmiylari bir necha bor Mariupol qamali vaqtida tartibsiz bombardimonlar va tinch aholi vakillarining ommaviy o‘limi uchun javobgarlikni «ukrainalik natsionalistlar» zimmasiga yuklashga harakat qilgandi. Aprel oyi o‘rtalarida YeHXT missiyasi Mariupolda rossiyalik harbiylar tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlar va gumanitar huquqning buzilishi haqidagi hisobotni e’lon qilgandi.

Ukrain harbiylarini nima kutmoqda?

Rossiya mudofaa vazirligi «Azovstal»dagi yarador harbiylar «DXR» kuchlari nazoratiga o‘tgan Novoazovsk va Donetskdagi tibbiy muassasalarga yuborilishini ma’lum qilgan.

Asir olingan harbiylarning katta qismi Donetsk yaqinidagi Olenivka posyolkasidagi koloniyaga joylashtirilgan - Mariupol meri maslahatchisi Petro Andryushchenkoning ma’lumotiga ko‘ra, bu yerda filtrlash jarayonidan o‘ta olmagan uch-to‘rt ming nafar atrofidagi mariupolliklar ham saqlanayotgandi.

«Azovstal» mudofaachilaridan kamida 89 nafari Rossiyaga olib ketilgan va Taganrogdagi izolyatorga qamalgan. TASS xabariga ko‘ra, RF Tergov qo‘mitasi ukrain harbiylarini «Ukraina rejimi jinoyatlari» doirasida so‘roq qilmoqchi.

Volodimir Zelenskiy Ukraina harbiylar o‘z nazorati ostidagi hududga qaytarilishini kutayotganini aytgan. Vitse-premer Irina Vereshchuk esa ukrainalik yarador harbiylar sog‘aygach asirlikdagi rossiyalik harbiylarga almashtirilishiga umid bildirgan.

Ko‘plab rossiyalik siyosatchilar va hukumatparast nashrlar almashuvga qarshiligini bildirgan. Xususan, Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin duma qo‘mitasiga «natsist jinoyatchilar»ni (Dumadagilar «Azov» polki a’zolarini shunday ataydi) almashishni taqiqlovchi qonun loyihasini tayyorlashga ko‘rsatma bergan.

Bunga javoban Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar ukrainaliklarni «rossiyalik deputatlarning «Azov» polki jangchilarini almashtirmaslik borasidagi chaqiriqlaridan qattiq xavotirga tushmaslik»ka chaqirgan. Uning fikricha, bu chaqiriqlar ichki auditoriya uchun mo‘ljallangan bo‘lishi mumkin.

«Azovstal» qamali

«Azovstal»da faol harbiy harakatlar 18 mart kuni boshlandi. Mart oyi boshida Mariupol rossiyalik harbiylar qurshovida qolgandi. Shu bilan birga «Azovstal» ikki oydan oshiq vaqt davomida Ukraina nazoratida bo‘lib keldi, zavodni ukrain harbiylari, jumladan «Azov» polki himoya qildi.

21 aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin «kameralar qarshisida» mudofaa vaziri bilan uchrashuv o‘tkazib, «Azovstal»ni shturm qilishni to‘xtatishni buyurdi, zavod to‘rt tomondan o‘rab olingan holatda qoldi. Shu bilan birga, Ukraina tomoni ma’lum qilishicha, zavod hududini o‘qqa tutish tinmadi.

«Azovstal»da qolgan harbiylar taslim bo‘lishdan bosh tortishdi va qariyb bir oy davomida blokadada qolishdi: ularning ichimlik suv, oziq-ovqat, dori-darmon va o‘q-dori zaxiralari tugadi.

Rossiyalik harbiylar «Azovstal»ni shturm qilishda davom etsa-da, hududni egallay olmadi. Zavod Kalmius daryosi va Azov dengizi o‘rasidagi katta hududni egallagan. Zavod o‘z yuk tashish porti va yerosti kommunikatsiya tizimiga ega. Bunday mustahkamlangan rayonni piyoda kuchlari orqali shturm qilish haftalar davomida natija keltirmasligi mumkin edi.

Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA

«Azovstal» hududidagi harbiylar 16 may kuni kechqurun olib chiqila boshlandi. Ukrain harbiylari «asir tushish» yoki «kapitulyatsiya» iboralarini ishlatishdan qochdi va bo‘layotgan hodisalarni harbiylarni «qutqarish amaliyoti» deb atadi, harbiylar tez orada almashuv jarayoni doirasida Ukraina hududiga qaytarilishi ma’lum qilindi. Harbiylarning o‘zi asir tushishdan oldin qo‘mondonlik buyrug‘i bajarilayotganini aytdi. Jarayon boshlangach prezident Volodimir Zelenskiy harbiylarni qaytarish «ehtiyotkorlik va vaqt talab etishi»ni aytdi va «ukrain qahramonlari Ukrainaga tirik holda kerakligi»ni qayd etdi.

Amerikadagi Urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) hisoblashicha, Rossiyadagi manbalar «Azovstal»dan chiqqan harbiylar sonini oshirib ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin. ISW xodimlari fikricha, bu orqali maksimal darajada rus harbiy asirlarini qaytarishga erishish bo‘yicha kelishish ko‘zda tutilgan yoki Rossiya tomoni «bir necha yuz» ukrain askarlari zavod hududini shuncha vaqt saqlab tura olganini tan olishni istamayapti.

Mavzuga oid