Iqtisodiyot | 17:02 / 23.05.2022
34439
6 daqiqa o‘qiladi

“Bu yil o‘tgan yilgidan ikki baravar kam hosil oldik” - gilos mavsumi haqida bog‘bon bilan suhbat

Farg‘onaning Rishton tumanida faoliyat yurituvchi bog‘bon Ixtiyor Niyozov bilan gilosning bu yilgi hosili, uning navlari va narx-navo haqida suhbatlashdik.

Foto: Ixtiyor Niyozov / Kun.uz

— Ixtiyor, bozorda gilosning turfa xilini ko‘rishimiz mumkin. Narxlari ham juda farqlanadi. O‘zbekistonda ommalashgan navlar haqida ma’lumot bersangiz.

— Chindan ham yurtimiz tuprog‘i turli ne’matlar taqdim qiladi. Birgina gilosning o‘zidan ko‘pchilik biladigan 8 xilini sanab o‘tishimiz mumkin. Ba’zan “Nega buncha qimmat, 5 ming so‘mga ham gilos bor-ku” degan e’tirozlarni eshitib qolamiz. Chindan ham bozorlarimizda 5 ming so‘mga ham gilos topish mumkin. Shu bilan birga, xaridorbop va eksportbop shunday navlar borki, ularning bahosidagi farq bir necha dollargacha boradi.

Men o‘zimning bog‘imdan ana shu 8 navni terib oldim va bitta surat hamda uning ta’rifi bilan giloslar qay darajada farqlanishini tushuntirib bermoqchiman. Diqqat qiling, navlar suratda ketma-ket joylangan (quyida Farg‘onadagi narxlari):

1. Jaydari gilos. Olcha. Kompotbop va ko‘p miqdorda sotib olinadi. O‘rtacha bahosi 5 ming so‘m
2. Madaniylashgan olcha-gilos. Venger yoki shponka ham deyiladi. O‘rtacha 15 ming so‘m
3. Sariq gilos. “Drogana jyeltaya” navi. 5 ming so‘m
4. Sariq gilosning madaniylashtirilgan navi. “Lochin barg” deb ham atashadi. 7 ming so‘m
5. Mahalliy tilda “Samin” deb atalayotgan nav. 5 ming so‘m
6. “Bahor”, 20 ming so‘m (eksportbop)
7. “Kalta sopli”. 7 ming so‘m
8. “Valovaya”. 30-35 ming so‘m (eksportbop)

Bu bizning bozorlarda ko‘p sotiluvchi mahalliy navlar bo‘lib, yana o‘nlab turdagi giloslar bor. Alohida ta’kidlayman – narxlar bugungi kundagi va eng arzon qiymatda olingan. Shuningdek, O‘zbekistonning ichida ham hududlarga ko‘ra baho o‘zgaraveradi.

Narx qimmatligi bo‘yicha e’tirozlarga kelsak, gilosni bundan arzon narxga sotish bog‘bonga foyda keltirmaydi.

Yana ba’zan “Chet elga yaxshisi-yu, o‘zimizga yomonimi?” degan gap-so‘zlar quloqqa chalinadi. Bu asosli emas. Suratdagi 7-raqamli gilosga e’tibor bering. “Kalta sopli” deya nomlaydigan bu navimiz ta’mi eksportbop gilosdan o‘tsa o‘tadiki, qolishmaydi. Faqat bu nav uzoq saqlanmaydi. Shu farq sabab eksport qilinmaydi.

— Bu yilgi hosil qanday bo‘ldi, umuman, joriy yilda gilosdan ko‘zlangan foyda olindimi?

— Hamma uchun javob bersam to‘g‘ri bo‘lmas, ammo bizning hududda o‘tgan yilgi hosilning taxminan yarmi olindi. Narx-navo ham ozgina oshganini aytmasa, oldingi yilgi bilan deyarli bir xil. Bu bog‘bonlar daromadi kamayganini bildiradi. Lekin biz bunga ko‘nikkanmiz, har yil boshlanganda Allohga tavakkal bilan mehnat qilamiz. Birda unday, birda bunday...

— Nega bunday bo‘ldi?

— Mart oxirida, aprel boshida, ya’ni gilos gullagan paytda harorat me’yoriy ko‘rsatkichdan past bo‘ldi. Aprel oyi esa haddan tashqari issiq bo‘ldi. Vodiyda “Qo‘qongilos” deb ataladigan “Biche serdse” navli eng eksportbop gilosimiz changlashishi uchun issiq havo noqulay hisoblanadi. Bu hosilga jiddiy ta’sir qildi.

— Eksport asosan qaysi davlatlarga bo‘lyapti?

— Gilos – nisbatan kam hosil beradigan va ko‘p xarajat hamda mehnat talab qiladigan meva. Biz bog‘bonlar odatda ishimizdan ortmaymiz, hosilni ko‘ngildagidek tayyorlab bersak xursandmiz va o‘zimiz eksport bilan bevosita shug‘ullanmaymiz. Bizdan xarid qiladiganlar ham haqiqiy eksportchilargacha bo‘lgan uchinchi, to‘rtinchi odamlar. Eksportning asosiy an’anaviy yo‘nalishlari – Rossiya, Xitoy va qo‘shni davlatlar.

Yaqinda viloyatimizda yetishtirilgan giloslar Singapurga eksport qilingani va yarim kilolik qutilarda 8,8 dollar narxda sotilayotganini o‘qib g‘ururlandim. O‘rni kelganda bir narsani aytib o‘tishim shart: o‘zbek gilosi mazasi jihatdan dunyoning manaman degan davlati gilosini ortda qoldira olishiga ishonaman.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid: Statqo‘m ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2021 yilda 18 ta davlatga 84,8 mln dollarlik 60,8 ming tonna gilos eksport qilgan. Bu 2020 yil bilan solishtirganda 29,5 ming tonnaga ko‘proq.

2021 yilda O‘zbekiston eng ko‘p gilos eksport qilgan davlatlar:

  • Qozog‘iston – 27,5 ming tonna
  • Rossiya – 24,7 ming tonna
  • Qirg‘iziston – 6,8 ming tonna
  • Ukraina – 725 tonna
  • Belarus – 593 tonna
  • Koreya – 208 tonna
  • Polsha – 98 tonna.

Shuningdek, O‘zbekiston 2018 yildayoq gilos eksport qiluvchi davlatlar top beshligiga kira olgan.

Mavzuga oid