Sport | 14:17 / 25.05.2022
35702
6 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekistonga murabbiy sifatida qaytish niyatim bor». Geynrix bilan intervyu

Toshkentda o‘tgan o‘zbek futboli va Italiya A Seriyasi afsonalari o‘rtasidagi futbol-shou bahonasida yurtimizga qaytgan Aleksandr Geynrix O‘FA matbuot xizmatiga intervyu berdi.

Foto: Tribuna.uz

Suhbat boshida 37 yoshli sobiq futbolchi hozirda nima bilan mashg‘ul ekani haqida aytib o‘tdi.

«Ayni damda vaqtni oilam davrasida o‘tkazyapman, asosan oilaviy yumushlar bilan bandman. Faoliyatim davomida oilamdan uzoqda bo‘ldim, vaqtim safarlarda o‘tardi. Shu bois, endi ozroq tanaffus qilib, ko‘proq vaqtimni Moskvada oilam davrasida o‘tkazishga qaror qildim», - deydi Aleksandr.

«Yaxshi futbolchidan har doim ham yaxshi murabbiy chiqmaydi»

Milliy jamoamiz sobiq hujumchisi futboldagi rejalari haqida gapirib, O‘zbekistonga murabbiy sifatida qaytish niyati borligini yashirmadi.

«Keyingi rejalarim? Bu haqda tez orada bilib olasiz. Hozircha bu haqda gapirishni istamayman.

O‘zbekistonga murabbiy sifatida qaytish niyatim bormi? Bor. Ammo yaxshi futbolchidan har doim ham yaxshi murabbiy chiqmaydi. Menda murabbiylik tajribasi yo‘q. Bizning avloddan aksariyat sobiq jamoadoshlarimda murabbiylik faoliyati o‘xshayapti, kimlardadir esa unchalik emas. Ya’ni murabbiy bo‘lish hammaga ham emas. Buning uchun yaxshi tayyorgarlik ko‘rishni istayman. Shunchaki murabbiy sifatida kelib, nomiga ishlab, o‘xshata olmay yakunlashni istamayman. Nimanidir boshlamoqchi bo‘lsam, buni yaxshi bajarish uchun kirishadigan insonman. Murabbiylikni boshlash bo‘yicha takliflar bo‘ldi, ammo o‘zim rad etganman», - deydi Sasha.

Foto: O‘FA

«Milliy jamoada nimadir o‘zgarish bo‘lganini hozircha ko‘rganim yo‘q»

Geynrix milliy jamoamizning yangi murabbiy qo‘l ostida qay daraja o‘zgargani va Eldor Shomurodov haqida ham fikr bildirdi.

«Hozirga qadar O‘zbekiston milliy jamoasi va Superliga bahslarini kuzatib boryapman. Milliy jamoamizda hali rasmiy o‘yinlar bo‘lgani yo‘q, yangi murabbiy o‘rtoqlik bahslarida o‘z qarashlarini futbolchilarga singdirishga intilmoqda. Shu sababli milliy jamoada nimadir o‘zgarish bo‘lganini hozircha ko‘rganim yo‘q.

Men to‘p surgan hujum chizig‘ida o‘zgarish bormi? Ha, «Roma»dagi bolakay yaxshi o‘ynamoqda. Juda ham zo‘r. Menimcha, hujumda unga kimdir raqobat qilishi qiyin», - dedi sobiq forvard.

Germaniya klubidan tushgan taklif haqida

Aleksandr suhbat davomida o‘z vaqtida unga Yevropadan taklif bo‘lganini ham aytib o‘tgan.

«Albatta, menda ham o‘z vaqtida Yevropaga ketish varianti bo‘lgan. Hattoki 2-3 marta ko‘rikda ham bo‘lganman, shunchaki bu ommaga ovoza qilinmagan. Germaniyaning «Bohum» klubiga borgandim. Ammo yoshroq bo‘lganmiz, tilni bilmaganman, qiyin bo‘lgan va ortga qaytishga qaror qilganman», - deya eslaydi milliy jamoamiz sobiq hujumchisi.

«Hamma o‘yinda yutqazgan bo‘lsak-da, Toshkentda bizni qahramonlardek kutib olishgan»

Geynrixning aytishicha, faoliyatidagi eng yorqin xotiralari 2003 yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati bilan bog‘liq. O‘shanda Viktor Borisov murabbiyligidagi O‘zbekiston yoshlar jamoasi o‘z guruhida Inesta yetakchiligidagi Ispaniya, Argentina va Maliga qarshi to‘p surgan.

«Yoshlar o‘rtasidagi JCh-2003dan faoliyatimdagi eng yorqin xotiralar qolgan. O‘shanda ilk marta jahon chempionatida qatnashganmiz. Guruhimizda Argentina, Ispaniyadek jamoalarga qarshi munosib to‘p surganmiz. Hamma o‘yinda yutqazgan bo‘lsak-da, Toshkentda bizni qahramonlardek kutib olishgan. Chunki biz raqibga qaramay, munosib qarshilik ko‘rsatganmiz. Shunday o‘yinlar bo‘ladi, sen mag‘lub bo‘lasan, ammo maydonda boringni berganing uchun ham muxlislar seni olqishlaydi. Shu bois yoshlar o‘rtasidagi JCh-2003dagi natijamiz uchun uyalmaganmiz. Aksincha, faxrlanganmiz. To‘g‘ri, Ispaniya, Argentinadek raqiblarga qaysidir jabhalar bo‘yicha yutqazganmiz, ammo o‘yin davomida raqibdan qolishmasligimizni isbotlash uchun jang qilganmiz», - deydi Geynrix.

Foto: Getty Images

«Argentina darvozasiga kiritgan golim – eng yodda qolarli»

Geynrix futbolchilik faoliyati davomidagi eng yodda qolarli gollarini ham saraladi.

«Faoliyatimdagi eng yodda qolarli gol? Bunday gollar ko‘p. Ammo shunday o‘yinlar bo‘lardi, chiroyli gol kiritsam-da, mag‘lubiyatga uchraganimiz uchun ahamiyatini yo‘qotardi. Ba’zida esa oddiy gol bo‘lsa-da, g‘alaba goli bo‘lardi. Masalan, Argentina yoshlar jamoasi darvozasiga uzoq masofadan jarima zarbasidan kiritgan golim xotiramda muhrlangan. O‘zimizda Suriya darvozasiga ham muhim golni kiritgandim. «Paxtakor» safida ham Osiyo Chempionlar ligasida Saudiya Arabistonida jarima zarbasidan chiroyli gol kiritganman. Tasodif tufayli golga aylangan», - deya eslaydi Aleksandr.

Eslatib o‘tamiz, Geynrix 2002-2017 yillar davomida O‘zbekiston milliy jamoasi safida to‘p surib, 2018 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlagandi. 

 

Mavzuga oid