O‘zbekiston | 21:10 / 25.05.2022
16459
2 daqiqa o‘qiladi

«Rahbarlarning skeptik munosabati va injiqligi» – Mirodil Jalolov “Epsilon” kompaniyasida yuzaga kelgan qiyinchiliklar haqida 

Gaz qazib olishga ixtisoslashgan “Epsilon” kompaniyasi rahbari Mirodil Jalolov Kun.uz’ga bergan intervyusida kompaniyaning ayni paytda tushib qolgan qiyin ahvoli, ishchilar va hamkorlar oldida yuzaga kelgan qarzdorlik va uning sabablari haqida gapirdi.

«Muammolarimiz 2020 yil 14 yanvardan boshlandi. Sohadagi ayrim o‘rta va katta rahbarlarning skeptik munosabati, injiqligi bizning ishlarni to‘xtatishga olib keldi.

Aslida, bunda bizning ham aybimiz bor. Mana hozir buni ta’kidlashim, aytishim kerak. Hozir ishlab chiqarish korxonalaridan, xomashyolarni yetkazib beruvchilardan, soliqning oldida qarzimiz bor. Bu qayerdan kelib chiqdi?

Ayni vaqtda kompaniyamizning taxminan 4,5 trln qarzdorligi bor. Bizga O‘zbekiston banklari 260 mln kredit berdi, shundan 150 mln.nini yopdik. Lekin foizlari qolgan, biz ularni o‘z vaqtida to‘lay olmadik. Bundan tashqari, ishlab chiqarib, mahsulotni bizga yetkazib bergan korxonalar bor, ulardan ham qarzimiz qolgan. Taxminan 4,5 trln atrofida.

Bu intervyu Kun.uz saytida e’lon qilinadi. Shundan foydalanib men, avvalo, ishchilarimizdan uzr so‘ramoqchiman. Ularni qiynab qo‘ydik. Kuchimizni to‘g‘ri taqsimlolmadik. Tun-u kun shu ishchilarni o‘ylaymiz.

Hozir ishchilarimizni bir savol qiynayapti: “Epsilon”ning kelajagi nima bo‘ladi? Ishdan bo‘shab ketamizmi? Qayerga boramiz?

Shuni aytishim kerakki, men bormanmi, yo‘qmanmi, bu kompaniya ishlaydi. Mendan yaxshiroq, pragmatik rahbar kelar. Ish hammaga topiladi.

Davlatning oldida bajara olmayotgan majburiyatlarimiz bor, buning uchun uzr so‘rayman. Yuqorida aytganimdek, o‘zimning ayrim kamchiliklarim va ayrim rahbarlarning injiqligi, skeptik munosabati korxonamizni shu ahvolga olib keldi.

Bu hayot. U kurashlardan iborat. Kurashlar har doim bo‘lgan va bo‘ladi. Buning hisobi, rejasini qilolmagan rahbar yaxshi rahbar emas», – dedi Mirodil Jalolov.

Intervyuni to‘liq holda quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Mavzuga oid