967 ta taklif va Toshkent shahri eng faol - Konstitutsiyaviy komissiya brifing o‘tkazdi
Bugun, 28 may kuni Konstitutsiyaviy komissiya matbuot kotibi Odil Tojiyev brifing o‘tkazib, komissiyaga kelib tushgan takliflar yuzasidan ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, 28 may kunning birinchi yarmiga qadar komissiyaga jami 967 ta taklif kelib tushgan.
«24 may kuni qisqa muddatda «Jamiyat – islohotlar tashabbuskori» bosh g‘oyasi asosida faoliyat ko‘rsatuvchi maxsus axborot platformasi ish boshlashi, unga qadar taklif@meningkonstitutsiyam.uz yoki taklif@2022.uz elektron pochtalari orqali takliflar yuborish mumkinligini e’lon qilgan edik.
26 may kunidan boshlab esa, elektron pochtadan tashqari, “www.meningkonstitutsiyam.uz” onlayn platformasi, Telegram maxsus boti, 1341 qisqa raqamli “Koll-markaz” singari vositalar ishga tushirildi.
Bundan tashqari, fuqarolar takliflarini o‘z hududlaridagi mahallalar va Xalq deputatlari mahalliy Kengashiga og‘zaki yoki yozma shaklda bildirishi uchun sharoit yaratildi.
Takliflar bilan ishlash guruhiga 28 may 10:00 holatiga ko‘ra 967 ta takliflar kelib tushgan.
Takliflarning demografik tahlili shuni ko‘rsatdiki, 641 ta takliflarning tashabbuskorlari erkaklar, 263 tasi ayollar tomonidan yuborilgan», dedi Odil Tojiyev.
Komissiya matbuot xizmati rahbari shuningdek, yuborilayotgan takliflarning hududlar kesimidagi tahlillarini ham keltirib o‘tdi.
«Hozirga qadar Konstitutsiyaviy komissiyaga takliflarni yo‘llash borasida Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi fuqarolarimiz boshqa hududlarga nisbatan faol bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin.
Takliflarning sohalar kesimidagi tahlili shuni ko‘rsatdiki, xalqimizga sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, ta’limni rivojlantirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ekologiyaga ustuvor ahamiyat qaratish, xususiy mulk himoyasini muhofaza qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish kabi masalalarda konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirishga oid takliflar kelib tushgan.
Xalqimiz, keng jamoatchilik amaldagi Konstitutsiyaning barcha, 6 ta bo‘limiga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish bilan bog‘liq takliflarni bergan bo‘lib, ularning aksariyati Bosh qomusimizning ikkinchi, uchinchi va beshinchi bo‘limlariga tegishli bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, kelib tushgan takliflar Komissiya a’zolari ishtirokida ko‘rib chiqilmoqda hamda tegishli xulosa bilan Komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida muhokamaga kiritiladi.
Yig‘ma-axborot tahlil guruhi takliflarni ko‘rib chiqishda milliy manfaatlarimizga, xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalariga mosligi, xorijiy davlatlarning ilg‘or konstitutsiyaviy tajribasi hisobga olinganligi, konstitutsiyaviy huquq ilmining talablariga javob berishi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratmoqda», – dedi u.
Komissiya matbuot kotibi brifing yakunida keng jamoatchilikni Konstitutsiyaviy komissiyaga taklif yuborishda faol bo‘lishga chaqirib, bu borada biror taklif va tashabbus e’tibordan chetda qolmasligini ham eslatib o‘tdi.
Mavzuga oid
18:14 / 11.12.2024
Konstitutsiyaviy sud prokurorlarning ikkita vakolatini bekor qilishga chaqirdi
15:38 / 10.04.2023
“San’atkor uchun “zapret” degan mudhish tushuncha bor edi” - Ozoda Nursaidova
13:04 / 10.04.2023
“Davlatning ko‘magi bilan o‘limdan qoldim” – navoiylik bemor
13:34 / 09.04.2023