O‘zbekiston | 23:00 / 28.05.2022
42291
16 daqiqa o‘qiladi

Avariyalar, sharpalar, oligarxlar - hafta dayjesti

O‘zbekistonda 8 million kishiga pul tarqatilyapti: kimga qanchadan? Konstitutsiyaga kiritiladigan ilk o‘zgarish ma’lum: qachon “sharpalar”dan asosiy savolga o‘tiladi? Jahon banki 3 yil ichida O‘zbekistonni oligarxlar egallab olishini bashorat qildi: xususiylashtirish jarayonlari buni isbotlayaptimi? O‘tgan haftaning asosiy yangiliklari – Kun.uz dayjestida.

8 million kishiga pul tarqatilyapti

O‘zbekistonda aholiga yana pul tarqatilmoqda. Pensiya va nafaqa oluvchi qariyb 4 million fuqaroga Toshkent shahrida 400 ming so‘mdan, boshqa hududlarda 300 ming so‘mdan bir martalik yordam ko‘rsatilyapti. Bundan tashqari, kam ta’minlangan oilalarda yashovchi 4,5 million bolaning har biriga 200 ming so‘mdan beriladigan bo‘ldi.

“Temir daftar”ga kiritilgan, lekin yuqoridagi ikki toifaga mansub bo‘lmagan oilalarga esa har bir oila a’zosiga 20 kilogrammdan bepul un tarqatiladi.

Ehtiyojmand aholini to‘g‘ridan to‘g‘ri pul tarqatish orqali qo‘llab-quvvatlash pandemiya davrida ko‘plab davlatlarda kuzatilgan edi. O‘zbekistonda ham 2020 va 2021 yillarda bir necha marta aholining alohida toifalariga pul tarqatildi. Oxirgi marta o‘tgan yilning dekabr oyida ayrim toifa fuqarolarga 800 ming so‘mdan berilgandi.

Ta’kidlash kerak, bu safar yordam oluvchilar soni avvalgilaridan bir necha barobarga ko‘p. Bu galgi aksiya inflatsiya tezlashgani fonida ro‘y bermoqda. Shuningdek, bu yil davlat g‘allani fermerlardan bozor narxida sotib oladigan bo‘ldi. Fermerlar uzoq kutgan yangilikning ro‘y berishi ayrim hududlarda erkinlashmay qolgan qolipli non narxini oshirishi, ya’ni bozor narxiga o‘tkazishi kutilyapti.

Kambag‘allik muammosi ko‘plab rivojlangan davlatlarda allaqachon hal etib bo‘lingan. O‘zbekiston esa keyingi besh yilda kambag‘allik darajasini 2 barobarga kamaytirishni maqsad qilgan. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov Buxoroda o‘tkazilgan forumda aytib o‘tdi.

O‘zbekistonda kambag‘allikning hozirgi darajasi qanaqa ekani, ya’ni aholimizning qanchasi kambag‘al yashayotgani bo‘yicha tadqiqotlar va statistik raqamlar hozircha e’lon qilinmagan. Xuddiki, hali noma’lum raqamni 2 barobarga kamaytirish haqida gapirilayotgandek. Shunisi aniqki, O‘zbekistonda 4,5 mln nafar bola kam ta’minlangan oilalarda ulg‘ayyapti.

***

Eng yirik neft zavodlaridan biri sotildi

Foto: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

O‘zbekistonda davlat mulklarini xususiylashtirishning navbatdagi bosqichi davom etyapti. Dushanba kuni Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodidagi yuz foiz davlat ulushi sotilgani e’lon qilindi. Xaridor – “Sanoat energetika guruhi” MChJ.

Bu xususiylashtirish jarayoni bo‘yicha jamoatchilikda qator savollar uyg‘ondi. Avvalo, “ochiq o‘tdi” deb aytilgan tanlovda “Sanoat energetika guruhi”dan boshqa yana qaysi kompaniyalar qatnashgani noma’lum. Qolaversa, bu MChJga egalik qiladigan kompaniya Kiprdagi ofshorga borib taqaladi.

Yana shunisi e’tiborliki, O‘zbekistondagi neft konlarining katta qismi “Sanoat energetika guruhi” qo‘liga o‘tib qolgan. 2019 yilda qabul qilingan hukumatning maxfiy qaroriga asosan, o‘sha paytda nomi Jizzakh Petroleum bo‘lgan kompaniyaga “O‘zbekneftgaz” balansidagi 102ta neft va 6ta gaz koni o‘tkazib berilgan. 2021 yilda esa “O‘zbekneftgaz” Jizzakh Petroleum'dagi barcha ulushlaridan voz kechgan. Davlatning millionlab dollarlik bu aktivi sotilganmi yoki boshqa yo‘l bilan sovg‘a qilinganmi, noma’lumligicha qolmoqda.

Tasodifni qarangki, 2021 yilda ro‘y bergan ayni shu xususiylashtirishdan keyin, 2022 yildan boshlab neft va tabiiy gaz bo‘yicha soliq stavkalari faqat xususiy kompaniyalar uchun naq 2-3 barobarga pasaytirildi. Misli ko‘rilmagan darajadagi bunday tarixiy soliq imtiyozi boshqa hech bir sohaga emas, umummilliy boylik deb e’lon qilingan yerosti aktivlariga nisbatan joriy etildi.

Kun.uz'dagi ma’lumotga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda qazib olingan neftning 14 foizi “O‘zbekneftgaz”, 66 foizi esa “Sanoat energetika guruhi” tomonidan qazib olingan.

***

O‘zbekistonda oligarxiyaga uch yil qoldimi?

Foto: Kun.uz

Sobiq SSSR davlatlari tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, aynan xususiylashtirish jarayonlari oligarxlar vujudga kelishida katta o‘rin tutadi. Bu haqda Jahon bankining O‘zbekistonga oid yangi hisobotida alohida qayd etilgan. Xalqaro ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonda jamiyat manfaati emas, yakka o‘z manfaatini ko‘zlovchi shaxslarning hokimiyatni egallab olish xavfi 2025 yilga borib eng yuqori darajaga chiqishi mumkin.

Jahon banki ma’lum bir shaxslar uchun alohida va yashirin imtiyozlar berilayotganiga ham e’tibor qaratdi. “Bu imtiyozlarning ba’zilari haqida e’lon qilinadi, lekin ko‘p kelishuvlar, ayniqsa moliyaviy rag‘batlantirish bilan bog‘liq bo‘lganlari, yashirin tarzda muhokama qilinadi va oshkor etilmaydi”, deyiladi hisobotda.

Xalqaro kuzatuvchilarning fikricha, O‘zbekiston davlat boshqaruvida oxirgi yillarda qator yutuqlarga erishgan, lekin ko‘p islohotlar hali oxiriga yetmagan. Masalan, shaffoflikni oshirish, korrupsiyani kamaytirish, so‘z erkinligini ta’minlash, adolatli sud-huquq tizimini qurish, deputatlar nazoratini kuchaytirish bo‘yicha qilingan ishlarni Jahon banki “juda zaif va tugallanmagan” deb ta’rifladi. Bundan tashqari, xalqaro ekspertlar hokimlarning javobgarligini kuchaytirish ishlarini ancha sust deb baholadi.

Hisobotda savdodagi to‘siqlarga ham urg‘u berilgan. Jahon bankining tavsiyasiga ko‘ra, agar O‘zbekiston ham Jahon savdo tashkilotiga, ham Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lmoqchi bo‘lsa, JSTni birinchi o‘ringa qo‘ygani maqsadga muvofiq.

Juma kuni YeOIIning oliy sammitida ishtirok etgan prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston bu ittifoq bilan sheriklik munosabatlarini kuzatuvchi maqomida davom ettirishini aytdi. Kuzatuvchilar bu bayonotni O‘zbekiston hozircha YeOIIga qo‘shilish niyatida emasligining belgisi deb hisoblayapti.

***

Konstitutsiya: Hatto sharpalar haqida ham gapirilyapti, asosiy savolga esa javob yo‘q

Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar meningkonstitutsiyam.uz portalida qabul qilinmoqda.

“Dunyoda konstitutsion islohotlar sharpasi kezib yuribdi” –konstitutsiyashunos Akmal Saidovning bu gapi hafta iqtibosiga aylandi.

“Karl Marks va Fridrix Engelsning “Kommunistik partiya manifesti” Yevropada kommunizm sharpasi kezib yuribdi, degan so‘zlar bilan boshlangan. Men shuni sal boshqacharoq qilib, hozir butun dunyoda konstitutsiyaviy islohotlar sharpasi kezib yuribdi, demoqchiman”, dedi Saidov va oxirgi 25 yilda 100dan ortiq davlatda konstitutsiyaviy islohot bo‘layotganini qo‘shimcha qildi.

Konstitutsiyaviy komissiya fuqarolardan taklif yig‘ishni boshladi. Buning uchun meningkonstitutsiyam.uz portali, Telegram-bot va koll-markaz tashkil qilindi. Portaldagi takliflar moderatsiyadan o‘tganidan keyin e’lon qilinadi.

Kiritilajak o‘zgarishlardan birinchisi ma’lum bo‘ldi deyish mumkin: Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev hokimlarning tuman kengashini boshqarishiga chek qo‘yish kerakligini aytdi. “Qachongacha, hokim ham ijro hokimiyati, ham vakillik hokimiyatining rahbari bo‘lishi kerak? Bu – ochiq gap, noto‘g‘ri. Konstitutsiya bu masalani yechib qo‘yishi kerak”, dedi u.

Komissiya fuqarolardan kelib tushgan ilk takliflarni ochiqladi. Ular orasida, har kim internetdan erkin foydalanish huquqiga egaligi, insofsiz raqobatga va monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini konstitutsiyaga kiritishga chaqiriqlar bor. Bundan tashqari, eng kam oylik insonning nafaqat o‘zi, balki oilasining ham hayot kechirishi uchun yetarli miqdorda bo‘lishi kerakligini asosiy qonunga kiritish ham ko‘rib chiqiladi. Eslatib o‘tamiz, hozirda eng kam oylik – 822 ming so‘m; bu miqdor keyingi oydan 920 ming so‘m bo‘ladi.

***

Tinch zamonning begunoh qurbonlari

Kosonsoy tumanidagi mudhish YTH videoga tushib qolgan.

Hafta davomida dahshatli avariyalarning suratlari ko‘pchilikni larzaga soldi. Sirdaryoda “Lacetti” va “Nexia” to‘qnashuvida har ikkala mashina ham konserva bankasidek majaqlanib ketdi. Kuppa-kunduzi ro‘y bergan hodisada 5 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Ular orasida 6 va 3 yoshli bolalar ham bor.

Bekobodda shunga o‘xshash manzara “Cobalt” va “Jiguli” ishtirokida ro‘y berdi. Bu avariya ham tunda emas, tush paytida sodir bo‘ldi. Vafot etgan ikki insondan biri – shu yil tug‘ilgan chaqaloq. Uch kishi shifoxonaga yotqizildi, ulardan biri – 9 yoshli bola.

Yana bir dahshatli YTH Namanganning Kosonsoy tumanida ro‘y berdi. 7-sinf o‘quvchisi “Jiguli”da boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida ketayotgan o‘z tengdoshini bosib ketdi. Bola shifoxonada vafot etgan.

Aqlga sig‘maydi. Shu uchta avariyaning o‘zida to‘rtta bola qurbon bo‘ldi, yana biri jarohatlandi. Tinch zamonda maktabga ketgan bola uyiga tobutda qaytsa, onasining bag‘ridagi chaqaloq konservadek majaqlangan mashina ichida o‘lsa, bitta mashinada ketayotgan bog‘cha yoshidagi ikkita norasida nima bo‘lganini tushunib yetmay, ming azobda kasalxonada jon bersa. Aqlga sig‘maydi.

Hafta oxiriga kelib, yana bitta YTH haqida xabar berildi. Samarqandning Bulung‘ur tumanida 8-sinf o‘quvchisi otasining “Lacetti”sini haydab chiqib, ikki kishini urib yuborgan, ulardan biri vafot etgan, ikkinchisi shifoxonaga yotqizilgan.

O‘zbekistonda avariyalardan o‘lim ko‘rsatkichi haddan tashqari yuqori. Ishonch bilan ayta olamizki, bunda korrupsiyani himoya qilayotgan, tanish-bilishchilikni qo‘llab-quvvatlayotganlarning bilvosita qo‘li bor. Qoidabuzar tanishini jazodan qutqarib qolib, bu orqali qoidani mensimaslik “krutoy”likka aylanishiga sabab bo‘layotganlar, yo‘l ta’miri uchun ajratilgan pullarni o‘g‘irlayotganlar, sun’iy tanqislik yaratib, sifatsiz mashina chiqarayotganlar va shunga sharoit yaratayotganlar barcha lavozimlaridan haydalmas ekan, yo‘llarda bolalar qoni oqishda davom etadi.

Farzandlaringizni ehtiyot qiling, qoidani buzmang.

***

Piyoda yurganlarni mukofotlash: u go‘yo hech qachon bo‘lmagandek...

Foto: Kapital.uz

Yodingizda bo‘lsa, kuniga 10 ming qadam yurgan fuqarolarga 3 ming so‘mdan pul to‘lash 1 yil ham davom etmasdan, yanvar oyida to‘xtatib qo‘yilgan edi. O‘shanda buning o‘rniga yangicha tartib o‘rnatilishi va’da qilingandi.

Ma’lum bo‘lishicha, yangi tartib joriy etilmasdan, piyoda yurganlarni rag‘batlantirish loyihasi aprel oyida butkul yopib yuborilgan.

E’tiborlisi, noyabr oyida prezident bu loyihani davom ettirish kerakligini aytgandi: “Kelgusi yilda targ‘ibot ishlarini kuchaytirish va platformadan foydalanuvchilar ko‘lamini yanada kengaytirishga qo‘shimcha 60 milliard so‘m ajratilsin. Qaysi davlatda bor – yurganga pul berish? Lekin men shunga roziman”, degandi Shavkat Mirziyoyev.

Loyihani bekor qilish tashabbuskorlari prezident tashabbusiga qarshi chiqishganini yaxshi tushunishgan shekilli, bu haqda 2 oydan beri jamoatchilikka bir og‘iz ham gapirishmagan. Bu ma’lum bo‘lganidan keyin ham mas’ullar, aniqrog‘i Sport vazirligi birorta izoh berishni o‘ziga ep ko‘rmadi.

Ma’lumot uchun, yanvar oyida “Sog‘lom turmush tarzi” ilovasi foydalanuvchilari 1 millionga yetgani aytilgandi. Sport vazirligi ayrimlar dasturni manipulyatsiya qilayotganini aytib, bir necha marta ilova ishini to‘xtatib qo‘ygandi. Vaholanki, kimdir telefonini ventilyatorga aylantirib pul ishlagan bo‘lsa, dasturni qurilmaning GPS'iga ulash bilan muammoni hal qilsa bo‘lardi. Yana bir masala, bir yil ham ishlatilmagan ilova va platformani yaratishga sarflangan budjet pullari uchun kim javob beradi?

***

Bu hafta yana nimalar bo‘ldi?

Foto: Telegram / SAMARQANDLIKLAR24

Samarqand tumanidagi ajabtovur 12 qavatli bino buzib tashlanishi mumkin. Hovlilararo bo‘y cho‘zgan bu binoning surat va videolari internetda tarqalib, “arxitektura yodgorligi” deb kinoya qilinayotgan edi. Qurilish vazirligining ma’lum qilishicha, bino noqonuniy qurilgan. Fuqaro o‘z uyining bir qismini buzib, 2012 yilda mehmonxona qurishni boshlagan. Unga qurilish inspeksiyasi bir necha marta ogohlantirish bergan. Mutaxassislarga ko‘ra, binoning seysmik holati talabga javob bermaydi, kolonnalarning ayrim joylari darz ketgan. Binoni buzib tashlash bo‘yicha xulosa berilgan bo‘lib, ish sudda ko‘rib chiqiladi.

Samarqand shahrida ichki ishlar xodimlari qozog‘istonlik sayyohlarni tungi vaqtda yurgani uchun to‘xtatib, pasportlarini ko‘rsatishganiga qaramay IIBga olib borgani, bunga majburlash uchun elektroshoker qo‘llagani ayon bo‘ldi. Xodimlar soat 23:00dan keyin shaharda yurish mumkin emasligini iddao qilgan. Xodimlardan biri bu harakatlarini ularga “plan” qo‘yilgani bilan izohlagan. Ichki ishlar vazirligi tegishli xodimlar ishdan bo‘shatilishi va javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi. Holatni Qozog‘iston tomoni nazoratga olgan. “O‘zbekiston jamoatchiligining o‘zi huquqni muhofaza qiluvchilarning harakatlarini qoralayapti”, dedi Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov.

23 mayga o‘tar kechasi respublikaga sovuq havo oqimi kirib kelib, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarining ayrim tumanlarida qor yog‘gan edi. O‘sha kuni tog‘larda harorat nol darajagacha pasaygan. Chorvadorlarning aytishicha, Qashqadaryoning Dehqonobod tumanida 500 ga yaqin qo‘y va echkilar muzlab qolgan.

Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov deputatning daxlsizligi huquqidan mahrum qilindi. U davlat manfaatlariga 1,7 mlrd so‘m zarar keltirganlikda gumonlanyapti. Shu hafta berilgan ma’lumotga ko‘ra, korrupsiya urchib ketgani bo‘yicha eng ko‘p shikoyat tushayotgan hudud ham, eng ko‘p korrupsion jinoyat sodir etilayotgan hudud ham aynan Andijon viloyati bo‘lib turibdi.

Asaka shahrida shifokorlar bemor qornida salfetkani unutib qoldirdi. Voqea 2020 yilda bo‘lgan. Tug‘uruqxonaga kelgan homilador ayol kesarcha kesish usulida tug‘dirilgach, uning qornida salfetka bo‘lagi qolib ketgan. Bu 9 oy o‘tgandan keyin, ayol qattiq qorin og‘rig‘i bilan murojaat qilgan paytda ayon bo‘lgan.

Xonanda Nargiz Toshkentdan Moskvaga uchib borganida, Domodedovo aeroportida qo‘lga olindi va O‘zbekistonga qaytarib yuborildi. Ma’lum bo‘lishicha, uning Rossiyaga kirishiga 50 yillik taqiq qo‘yilgan. Advokatining aytishicha, u Rossiyaning Ukraina urushiga nisbatan salbiy fikr bildirgani uchun shunday taqiqqa uchragan. U Instagram'da “Ukrainaga sharaf” deb yozilgan post ostiga “Qahramonlarga Sharaf!” deya javob yozgani aytilmoqda.

UzAuto Motors'ning Cobalt va Nexia-3 modellariga magnitola qaytyapti. Lekin hammasiga ham emas. Mashinasi magnitola bilan kelgan xaridorlardan qo‘shimcha 1 mln 200 mingga yaqin mablag‘ undirilmoqda. Kompaniya bu haqda hozircha rasman ma’lumot berganicha yo‘q.

Mavzuga oid