O‘zbekiston | 14:25 / 28.05.2022
8167
4 daqiqa o‘qiladi

Senat O‘zbekistonda milliy messenjer  va ijtimoiy tarmoq yaratilmaganini tanqid qildi

O‘zbekistonda faqat bir marta 2016 yilda milliy ijtimoiy tarmoq yaratilgan, biroq u ham ommalashmagan.

Foto: KUN.UZ

Ayni paytda Senatning 26-yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Yalpi majlisda Senat tomonidan Vazirlar Mahkamasiga “Internet jahon axborot tarmog‘ida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va zararli axborotlardan himoya qilish masalalari” bo‘yicha parlament so‘rovi yuborilgani va unga kelgan javob tahlil qilindi.

Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyevning qayd etishicha, parlament so‘rovi bo‘yicha yuborilgan javob tahliliga ko‘ra sohada bajarilmagan kamchiliklar mavjud. Xususan, milliy messenjer va ijtimoiy tarmoq yaratish bo‘yicha ishlar qilinmayapti.

“So‘rovda xorijiy ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar o‘rnini bosa oladigan barcha mavjud imkoniyatlarni ko‘zda tutgan milliy messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarni yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar so‘ralgandi. Hukumat tomonidan internet tarmog‘ida milliy kontentni rivojlantirish mexanizmlariga yetarli e’tibor qaratilmagan”, dedi Farhod Boqiyev.

Senatorning ma’lumot berishicha, milliy ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda axborot kommunikatsion dasturlar yaratish borasida ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish va ularni amaliyotga joriy etish ishlari davom ettirilmagan.

“O‘rganish davomida faqatgina 2016 yilda davra.uz milliy ijtimoiy tarmog‘i ishga tushirilgani aniqlandi, uning ham bugungi obunachilari soni 22,5 mingni tashkil qiladi va bu uning ommalashmaganidan dalolat beradi. Messenjer borasida “Uchar” milliy messenjeri 2016 yilda taklif qilingani haqida qisqa ma’lumotni ko‘rdik”, dedi Farhod Boqiyev.

AKT vaziri o‘rinbosari Doniyor Rustamov yaratilayotgan milliy messenjerlar ommalashmayotgani sabablari o‘rganilganini qayd etdi. 

"Milliy messenjer va ijtimoiy tarmoqlarni yaratish rivojlanmayotgani bo‘yicha ishchi guruh tuzib o‘rganish olib bordik. Ularning rivojlanmay qolayotganiga bir qancha sabablar bor. 

Bu birinchi navbatda aholining bu ijtimoiy tarmoqlarga ishonchsizlik bildirishi yoki ommalashmayotgani bilan bog‘liq. Milliy messenjer ishlab chiqilgandan keyin ulardagi ma’lumotlarni uzatish va qabul qilishda xavfsizlik masalasi yoki barqaror ishlashi, foydalanuvchilar uchun platformada qulayliklar yaratish muammolari aniqlanib, belgilab olindi”, dedi vazir o‘rinbosari. 

Uning qayd etishicha, shundan kelib chiqib dasturiy ishlanmalar yaratgan mualliflar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning muammolari eshitilgan. 

"Eng muhimi, server masalasi. Ko‘p ishlanmalar mualliflarning o‘z xonadonida ishlab chiqilgan va xonadoni yoki ofisidagi serverlarga ulangan. Bunday serverlarning esa imkoniyati katta emas. Ikkinchi masala ma’lumotlarni uzatish va qabul qilishdagi xavfsizlik bilan bog‘liq. Ishlab chiqilgan messenjerlarning kriptografik himoya vositalaridan foydalanilishini o‘rnatilgan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilib, sertifikatlashtirish kerak bo‘ladi", dedi vazir o‘rinbosari.

Doniyor Rustamov yil oxirigacha axborot xavfsizligi talablariga to‘la javob beradigan bir yoki bir nechta ijtimoiy tarmoq yaratilishi rejalashtirilganini ta’kidladi.

Shuningdek, yalpi majlisda ta’lim muassasalarida mediasavodxonlik bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmayotgani, bu bo‘yicha faqat tarqoq tadbirlar o‘tkazilayotgani tanqid qilindi.

Mavzuga oid