O‘zbekiston | 23:25 / 30.05.2022
28440
11 daqiqa o‘qiladi

Moliya vazirligi mulozimi – narxi oshib borayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va hukumat ko‘rayotgan choralar haqida 

30 may kuni AOKA majlislar zalida g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilishi jarayonlari yuzasidan navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi.

Kun.uz muxbiri tadbir yakunida Moliya vazirligi departament direktori To‘lqin Mirzayev bilan jarayon atrofidagi muhim savollar yuzasidan intervyu uyushtirdi.

—  Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan urushi ko‘plab davlatlarning don ta’minotiga o‘z ta’sirini o‘tkazib, yangi xavflarni paydo qilyapti va bu urush ko‘plab ekspertlar aytayotgani kabi uzoq muddat davom etishi ham mumkin. Xo‘sh, O‘zbekiston hukumati qanday ssenariylarga tayyorgarlik ko‘rmoqda?

— Rossiya va Ukraina o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyatli munosabat qancha vaqt davom etishini oldindan aytish qiyin. Bu ziddiyat ko‘p joylarda oziq-ovqat narxlariga ta’sir qilayotganini ma’lum qilishmoqda, haqiqatan ham shunday. Endi buning sababi nimada?

Rossiya don eksport qilish bo‘yicha dunyodagi eng yirik davlat hisoblanadi. Eksportchilarning baholariga ko‘ra, 2020 yilda Rossiya butun dunyo bozoriga salkam 40 mln tonna donni eksport qilgan.

Ukraina ham eng yirik don eksportyorlarining 10 taligiga kiradi. Adashmasam, Ukraina tomonidan ham dunyo davlatlariga yiliga 17 mln tonna don sotiladi. Mana shu ikki davlat umumiy qilib aytganda, dunyo bozoriga eksport qilinadigan donning 30 foizini beradi.

Shuning uchun hozirda bozorlardagi narxlarning tebranishlari tabiiy holat hisoblanadi.

Biz qanday ssenariylarga tayyormiz? Mutaxassislarimizning ma’lumotiga ko‘ra, bu yil juda yaxshi hosil kutilyapti, doim shunday bo‘lsin. Bu – bizning birinchi zaxiramiz. 

Ikkinchidan, bizga eng yirik eksportyor davlat Qozog‘iston bo‘lgani uchun bu yil ularda ham yaxshi hosil bo‘lishi kutilmoqda. Chunki qish ularda ham yaxshi o‘tgan. G‘alla qishdan yaxshi o‘tgan. Bundan tashqari, bozordagi narxlarning qimmatligi Qozog‘istonda qo‘shimcha maydonlarga ham g‘alla ekishga turtki bo‘lgan. Bularning hammasi g‘alla hosilining mo‘l bo‘lishiga olib keladi deb o‘ylayman.

Shuningdek, Qozog‘istondagi hamda o‘zimizning hosil bilan biz yetarli zaxiraga ega bo‘lamiz, deb o‘ylayman.

To‘lqin Mirzayev

— Shunisi qiziq-da, deylik, Qozog‘iston o‘z g‘allasi eksportiga tez-tez cheklovlar qo‘yib turadi. Biz mana shunday holatlar uchun ham ma’lum choralar ko‘rishimiz kerak-ku.

—  Hozir tadbirkorlarimiz nafaqat Qozog‘iston, balki Rossiya Federatsiyasi yoki boshqa davlatlardan ham don olib kiryapti. Hozir import bo‘yicha hech bir cheklov yo‘q. Bojlar ham eng past darajaga olib kelingan. Lekin har xil holatlarga tayyor turish uchun bizda donning strategik zaxirasi ham yaratilgan. Zarur hollarda buni ishlatish imkoniyatimiz bor. O‘ylaymanki, bu darajaga yetib bormaymiz, chunki Qishloq xo‘jaligi vazirligi, boshqa davlat idoralari tomonidan qozog‘istonlik, rossiyalik tadbirkorlarimiz bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Un yoki bug‘doy importini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar jarayoni  ketmoqda. Bundan tashqari, biz hali mavsum boshida turibmiz, respublikada yetishtirilgan g‘allani yig‘ishtirib olsak, yaxshi hosil bo‘lishi kutilmoqda, mana shular hisobiga import masalasida unchalik muammo bo‘lmasa kerak.

—  Endi bu yerda sifat masalasi ham bor-da. Ko‘pchilik aholi kundalik iste’molda qozoq unini ma’qul ko‘radi. Shu ma’noda biroz vaqt o‘tib qozoq unining bozorlarimizdagi narxida pasayish bo‘lishi mumkinmi?

— To‘g‘ri savol. Yuqorida aytganimdek, bu yerda Qozog‘iston hukumati qo‘ygan cheklovdan foydalangan tadbirkorlar sun’iy tarzda narxni oshirib yubordi. Ertaga biz u yerdan import qiladigan bug‘doy va un hajmini kamaytiradigan bo‘lsak, ular ham narxni pasaytirishga majbur bo‘ladi. Chunki Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, u yerdan eksport qilinayotgan donning salkam yarmi O‘zbekistonga kelmoqda. Bu bizning ichki bozorimiz uchun hamda o‘sha unni qayta ishlab, boshqa qo‘shni mamlakatlarga sotilishi uchun ishlatiladi.

Nima uchun Qozog‘iston O‘zbekistonga asosiy importyor davlat sifatida qaraydi? Bizning davlatga eksport qilish xarajatlari juda arzonga tushganligi sababli qozog‘istonlik tadbirkorlar bozorimizni yo‘qotishni istamaydi. Shu ma’noda hozirgi narxlar sakrashi yoki oshishi vaqtinchalik, uni vahimali holat deb hisoblamayman.

Uzog‘i bilan bir yoki ikki oy ichida qo‘shni davlat tadbirkorlari kelib, “yangi hosildan g‘allani shu narxda olgin” deb bizga iltimos qilishiga umid qilaman. Chunki o‘tgan safar bug‘doy va un narxini erkinlashtirganimizda shu holat kuzatilgan.

— To‘lqin aka, bozordagi narx-navo bo‘yicha ikkinchi savol. Bugun dehqon bozorlaridagi kartoshkaning narxi 8-10 ming so‘mdan yoki piyozning o‘rtacha narxi 6 ming so‘mdan sotilyapti. Savol tug‘iladi, aynan hosil, yig‘im-terim davrida narxlar bunchalik baland bo‘lar ekan, hali oldimizda kuz-qish mavsumlari turibdi. Demak, oziq-ovqat narxlari yanayam ko‘tarilib ketish ehtimoli bor, bunga qanday tayyorgarlik ketmoqda?

—  Bilmadim, buni bizning xalqimizga xos desam noto‘g‘ri bo‘ladi, ko‘plab joylarda shunday. Pandemiya davrida yoki yaqinda Amerika yoki Yevropa davlatlarining Rossiyaga nisbatan sanksiyalar qo‘llagan vaqtida tushunmovchilik deymizmi, xaos deymizmi, shu bilan bog‘liq.

— Bizdagi holatni xaos natijasi deyish mumkinmikan?

—  Hozir aytmoqchi bo‘lganim, biz mana shu narsaga berilishimiz kerak emas. Chunki mana o‘zingiz ham to‘g‘ri aytdingiz, piyoz, kartoshkani endi yig‘ib olishni boshladik. Qishloq xo‘jaligi vazirligining baholariga ko‘ra, yaxshi hosil kutilyapti.

Bundan, adashmasam, bir, bir yarim oy oldin, Surxondaryoda o‘tgan yilgiga o‘xshagan holat yuzaga kelib, piyoz ekkan fermerlarimiz: ”bekor piyoz ekibman”, – deyishgan edi. Chunki piyoz sotib oladigan xaridorning o‘zi juda kam edi. O‘tgan yildan o‘tib kelayotgan piyoz zaxirasi hali-hamon bozorlarimizda bor. Istalgan bozorga kirib ko‘rsangiz bo‘ladi, haligacha o‘tgan yilgi piyozlar savdo rastalarida turibdi. Buning hammasi inflyatsion bosim deymizmi, xalqimiz orasida tarqalgan har xil mish-mishlar sabab deb o‘ylayman. Lekin bu – vaqtinchalik holat. Bunga xalqimiz e’tibor bilan qarashiga ishonaman. Xudo xohlasa, bir hafta, o‘n kunlarda kartoshka yoki piyoz o‘zining haqiqiy narxiga qaytadi. Hosil yaxshi, bunga hech qanday asos yo‘q.

Ammo narxning oshishiga eksport sabab ekan, degan fikrlar ham bor. Bunga qo‘shilmayman, bizda yetishtirilgan mahsulot birinchi navbatda ichki bozor ta’minotiga yo‘naltiriladi. Agar ichki bozordan ortib, narxlar pasayib, bozorda isrofgarchilik xavfi yuzaga kelganda, biz o‘sha mahsulotni eksport qilamiz. Bu bizda meva-sabzavot bo‘ladi, buni hammamiz bilamiz. Xohlagan mahallaga, qishloqdagi uyga kiring, o‘rik, gilos pishgan. Hali daraxtda pishib, terib olinmagani qancha? Mana shunday mahsulotlarni biz chirib ketmasligi, uvol bo‘lmasligi uchun eksport qilishimiz kerak, undan biz daromad ko‘rishimiz kerak. Lekin aytaylik o‘sha kartoshka o‘zimizning bozorga kerak bo‘lsa, biz uni sotmaymiz. O‘zi eksport qilinayotgani ham yo‘q. Bularning hammasi mish-mishlar, shubhaga hech qanday asos yo‘q.

— To‘lqin aka, O‘zbekiston birjalarida shakar narxlarining tez-tez o‘ynab turishiga guvoh bo‘lamiz. Ayrim iqtisodchilarga ko‘ra, bunga O‘zbekistonga shakar mahsulotlarini olib kiradigan yirik monopollarning sun’iy harakatlari sabab bo‘lar ekan.

Shakar kundalik iste’mol mahsuloti bo‘lgani uchun aholida uning narxlariga nisbatan e’tibor juda ham katta. Endi bu monopol holatdagi korxonalarimizni to‘liq ayblay olmayman. Ular ham dunyo bozoridagi narx-navodan kelib chiqib mahsulot ishlab chiqaradi.

— Lekin ular olib kiradigan xomashyo narxida o‘zgarish bo‘lmaydi-ku.

— Ikkala korxonamiz ham: “Angren shakar” va “Xorazm shakar” korxonalarimiz shakarqamishdan olingan xomashyoni olib kelib, qaytadan ishlashadi. Keyingi vaqtlarda ularning bahosi o‘zgarishiga asosiy sabab – ayrim tadbirkorlarning narxni sun’iy ravishda oshirishi, ikkinchi sabab – Qozog‘istonda shakarning narxi bizga nisbatan ancha balandligi uchun bojxona postlaridan katta miqdordagi shakarni olib ketish holatlari kuchaygan. Hozir shu narsani tartibga solish bo‘yicha ishlar olib borilyapti. Bu ham ichki bozordagi narxlarni ma’qul darajada saqlab turish uchun chora deb hisoblayman.

Bundan tashqari, hukumat tomonidan shakar ishlab chiqaruvchi korxonalarga kerakli yordam ko‘rsatilmoqda, hozirgi shakar xomashyosi asosan “Novorossiyskiy porti” orqali kirib kelgan, hozir esa Qora dengizda yuzaga kelgan holat sababli bu shakarni boshqa portlar orqali tashib kelish logistik nuqtai nazaridan o‘rganilyapti.

Biz xohlamagan holda narxlar tashqi xarajatlarning oshishiga olib keladi, mana shular tufayli bozordagi narxlarda qisman qimmatlashish holati yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Lekin vahimaga o‘rin yo‘q, boya aytib o‘tganimdek, monopoliyaga qarshi qonunchilik doirasida shu ikkala korxonalar faoliyatida monitoring ishlari olib borilmoqda. Ularning monopol harakatidan foydalanishga hech qanday imkoniyat berilmaydi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid