Jamiyat | 08:19 / 30.05.2022
20057
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 8-qavatning panjara o‘rnatilmagan deraza tokchasida o‘tirgan bolalar bo‘yicha rasmiy ma’lumot berildi

2022 yilning 25 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanida sodir bo‘lgan xavfli holat aks etgan video paydo bo‘ldi. Ikki nafar voyaga yetmagan bolani kattalar 8-qavatdagi panjara o‘rnatilmagan deraza tokchasiga chiqishiga yo‘l qo‘yib, ularning hayotiga xavf tug‘dirgan. 

Foto: IIBB axborot xizmati

Toshkent shahar IIBB xabariga ko‘ra, shu kuni bolalar yonida ularning buvisi, Katta Olmazor mahallasida yashovchi 1962 yil tug‘ilgan M.U. bo‘lgan. Ayol ikki nafar voyaga yetmagan nabiralarini nazorat qilmagani oqibatida, ular 8-qavatning panjara o‘rnatilmagan deraza tokchasida o‘tirgan.

Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 27 may kuni “Katta Olmazor” mahalla fuqarolar yig‘inida muhokama o‘tkazildi. Unda mahalla raisi, faollari va fuqarolari, tuman hokimi yordamchisi, Chilonzor tumani IIO FMB mahalla profilaktika inspektori, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha inspektor, inspektor-psixologlar ishtirok etgan.

Yig‘ilishda bolalar xavfsizligini ularning ota-onalari tomonidan ta’minlash masalasi ko‘tarilib, mavjud vaziyat muhokama qilindi. Xonadon egalari bilan psixolog-inspektorlar ishtirokida, bunday loqaydlik va e’tiborsizlik natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan og‘ir oqibatlar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

Tuman aholisiga Konstitutsiya 64-moddasi, ya’ni “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majbur” ekani haqida eslatildi, deyiladi ma’lumotda. 

Mavzuga oid