O‘zbekiston | 07:40 / 02.06.2022
5329
2 daqiqa o‘qiladi

Ekologiya qo‘mitasi fermerlar va aholini somon poyalarini yoqmaslikka chaqirdi

Davlat ekologiya qo‘mitasi respublikaning barcha fermerlar, korxona, tashkilot rahbarlari va aholisiga murojaat bilan chiqdi.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi

Mamlakatda 2022 yil g‘alla o‘rim yig‘imi mavsumi boshlanishi munosabati bilan g‘alladan bo‘shagan maydonlarda somon poya qoldiqlarini yig‘ishtirib olish, ular yoqib yuborilishi holatlarini bartaraf etish lozim. 

Shu sababdan, barcha xo‘jalik hududlarida yetishtirilgan boshoqli don mahsulotlari o‘rib, yig‘ib olingandan so‘ng, dalalarda somon poya qoldiqlarini yig‘ishtirib olish va ushbu hududlarda yong‘in sodir bo‘lishi kabi noxush holatlar oldini olish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rish so‘ralgan.

Somon poya qoldiqlari yonishi natijasida atmosfera havosiga uglerod oksidi, azot oksidi, azot ikki oksidi, oltingugurt oksidi kabi inson sog‘lig‘i uchun zararli bo‘lgan zaharli moddalar ajralib chiqadi.

“Somon poya qoldiqlari yoqilishi nafaqat ona tabiatimizga, balki inson salomatligi bilan bir qatorda iqtisodiyotimizga ham jiddiy zarar yetkazishini ham unutmang”, deyiladi murojaatda.

Somon poyalari va ularning qoldiqlari yoqilgan hududlarda yer unumdorligi keskin pasayishi, tuproq strukturasi buzilishi hamda yong‘in natijasidagi yuqori harorat tufayli makro va mikro elementlar yo‘q bo‘lib ketishi oqibatida ekin yerlari ball boniteti keskin pasayadi.

Somon poyalari va ularning qoldiqlarining yoqilish holatiga yo‘l qo‘ygan huquqbuzarlar va yer egalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdori 10 barobarigacha (3 million so‘m) bo‘lgan miqdorda ma’muriy jarimalar qo‘llaniladi hamda yong‘in sodir bo‘lgan g‘alla ekin maydonlari har bir gektariga yetkazilgan zarar bo‘yicha amaldagi tartib asosida iqtisodiy choralar belgilanadi.

Mavzuga oid