O‘zbekiston | 08:01 / 08.06.2022
9482
3 daqiqa o‘qiladi

Mahalla vazirligi huzurida «Obod va xavfsiz mahalla» jamg‘armasi tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasining “Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tartibga soluvchi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzurida budjetdan tashqari «Obod va xavfsiz mahalla» jamg‘armasi tashkil etildi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi to‘g‘risidagi nizom (1);

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi «Obod va xavfsiz mahalla» jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom (2).

Nizom (1) quyidagilarni belgilaydi:

vazirlik maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari;

vazirlik tizimi, uning markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari asosiy vazifalari va funksiyalari;

vazirlik, uning markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari huquqlari hamda javobgarligi;

vazirlik, uning markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari rahbar va xodimlari asosiy funksional vazifalari hamda javobgarligi;

vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini moliyalashtirish, ular xodimlari mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi.

Vazirlik asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:

mahallalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ular huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mahalla tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

mahallalar jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, aholi kundalik muammolari bilan ishlash va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi mavqeyini yuksaltirish;

nuroniy va keksalarni mahallalarda oilalarni mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlarni vatanga muhabbat, ezgulik va rahmdillik singari an’analarni hurmat qilish ruhida tarbiyalashga keng jalb etish;

nuroniy va keksalarni qo‘llab-quvvatlash sohasiga oid qonunchilik hujjatlari ijrosi, shu jumladan, hududlarda, ayniqsa, olis qishloqlarda keksa avlod vakillariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishini muvofiqlashtirib borish;

o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarni ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash, ular muammolarini o‘rganish hamda manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda hal etish choralarini ko‘rish;

fuqarolar yig‘inlari moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Nizom (2) quyidagilar bilan bog‘liq munosabatlar asosida tartibga solinadi:

«Obod va xavfsiz mahalla» jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish manbalari va vazirlik tomonidan jamg‘armaga mablag‘lar tushishi to‘liqligini nazorat qilish tartibi;

jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish yo‘nalishlari;

mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri tomonidan jamg‘arma mablag‘larini boshqarish va taqsimlash tartibi.

Mavzuga oid