O‘zbekiston | 14:09 / 10.06.2022
7230
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh kongressi O‘zbekiston mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan rezolyutsiyani ma’qullamoqchi

Vashingtonda AQSh kongressidagi «O‘zbekiston bo‘yicha kokus»ning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo

8 iyun kuni Vashington shahrida AQSh kongressidagi «O‘zbekiston bo‘yicha kokus»ning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi tomonidan ma’lum qilinishicha, tadbirda Senat raisi birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi, kongress a’zolari, Oq uy, Davlat departamenti, Pentagon, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), nufuzli kongressmen va senatorlar ma’muriyati vakillari, nodavlat tashkilotlar, xalqaro institutlar, AQSh yetakchi tahlil markazlari xodimlari ishtirok etdi.

Kokus hamraisi, kongressmen Trent Kellining so‘zlariga ko‘ra, ushbu do‘stlik guruhi tashkil etilgan 2018 yildan buyon har ikki davlat qonunchilari o‘zaro tashriflari sezilarli darajada faollashgani kuzatilmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekistonga 35 dan ortiq kongressmen va stafferlar tashrif buyurgan, bu esa, uning fikriga ko‘ra, Kapitoliy tepaligida O‘zbekistonga nisbatan doimiy va ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlash mavjudligidan dalolat beradi.

Kongress vakili ta’kidlashicha, «O‘zbekiston bo‘yicha kokus» o‘z faoliyatini boshlaganida 4 nafar kongressmen unga a’zo bo‘lgan bo‘lsa, qisqa vaqt ichida kokus kengayib, a’zo kongressmenlar soni 17 nafarga yetdi. 

O‘z navbatida, kokus kengashi hamraisi, demokrat kongressmen Visente Gonsales O‘zbekiston AQSh kongressi kun tartibida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. 

O‘zbekiston mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlashga va O‘zbekiston - Amerika hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan AQSh kongressi rezolyutsiyasi 21 nafar kongressmen tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. «Biz tez orada AQSh kongressi spikeri Nensi Pelosi ushbu rezolyutsiyani ma’qullashi uchun yana 4 ta ovoz olishni kutmoqdamiz», - dedi u.

Kongressmen V.Gonsales mamlakatga nisbatan «Jyekson-Venik» tuzatishining qo‘llanilishini to‘xtatishga qaratilgan maxsus «HRes-1913» nomli qonun loyihasini ilgari surish niyatida ekanini ma’lum qildi. Ushbu qonun loyihasi O‘zbekiston - AQSh savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Tadbir yakunida do‘stlik guruhi hamraislari -  kongressmenlar V.Gonsales va T.Kelli tomonidan imzolangan «O‘zbekiston bo‘yicha komissiya ikkinchi majlisi bayonnomasi» qabul qilindi va unda a’zo kongressmenlar yana bir bor mamlakat bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish strategik ahamiyatga ega ekani, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va kengaytirishga intilishini ma’lum qildi.

AQSh kongressi huzuridagi «O‘zbekiston bo‘yicha kokus» 2018 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil topgan. O‘rnatilgan amaliyotga ko‘ra, kokus ikki marta yilda bir marotaba yig‘ilib, AQSh - O‘zbekiston hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qiladi. Ushbu guruh a’zolari, boshqa kongressmenlar, AQSh rasmiy va ishbilarmon doiralari vakillari birinchi uchrashuvi 2019 yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan.

Mavzuga oid