Hayotiy hikoya: Shifokorlikning og‘ir yo‘li
“Hayotiy hikoyalar” ruknining navbatdagi qahramoni – shifokor. Koronavirusga qarshi kurashga jalb qilinib, o‘zi ham shu kasallikka chalingan va uzoq vaqt komada yotib, qo‘l-oyog‘i ishlamay qolgan. Shunga qaramay, u hayot uchun kurashda davom etmoqda.
Tibbiyotga qiziqishim
Namanganlikman. Uchinchi sinfda o‘qiyotgan paytimda onajonim juda og‘ir kasallik bilan og‘rib, 1,5 yil to‘shakka mixlanib qoldi. Shunda bu kasbning naqadar muhimligini anglab yetganman va o‘zimga aniq maqsad qo‘yganman. Maktabda, litseyda yaxshi o‘qidim. Turli tanlovlar g‘olibi bo‘ldim. Imtihonga ham juda jiddiy tayyorgarlik ko‘rdim va birinchi yildayoq ToshMIga grant asosida qabul qilindim.
Talaba bo‘lishdagi ko‘tarinki kayfiyat tez orada o‘tib ketdi. Gap shundaki, 1995 yillar ancha og‘ir kechgan, odamlar oddiy yegulik muammosiga duch kelishgan, talabalar juda qiyinchilik bilan kun kechirishar, qisqasi, hech kimda pul yo‘q davrlar edi.
Birinchi kursdanoq anatomiya darslari boshlanadi, talaba murda bilan ishlashi, o‘rganishi kerak. Pulsizlikdan xalat ham, qo‘lqop ham olmay, qo‘lim bilan ushlab boshlaganim esimda. Oladigan 440 so‘m stipendiyam yetmay, majburlikdan darsdan keyin ishlay boshlaganman.
4-kursga o‘tganimda Yangi ToshMI reanimatsiya bo‘limida tibbiyot og‘asi bo‘lib ishga kirdim. Navbatchilik og‘ir o‘tardi, ba’zi kunlari 15-20 nafargacha insonni reanimatsiya qilishga to‘g‘ri kelardi. Shunday kunlari avtobusda tik turgan joyimda uxlab qolardim.
Qiziqarli voqealar ko‘p bo‘lgan, shifoxonada liftlar tez-tez buzilib turar, ba’zan murdalar bilan lift ichida qolib ketardim.
Toshkentdagi oilaviy hayot
Institutni qiyinchiliklar bilan, lekin a’lo baholarga bitirdim. Uy-joyim yo‘q, yangi uylanganman, ijarada yashayman. Uy olishga harakat qilib, 4 joyda ishlaganman, navbatchiliklarda turganman. Ayolim 17 yoshida, maktabni bitiriboq menga turmushga chiqqan, uyga har 3-4 kunda kelgan paytlarim ham bo‘lgan.
Ijara uyimizda birorta jihozimiz yo‘q edi. Muzlatkich, televizor kabi eng zarur narsalarsiz ikki yil yashadik. Ishonsangiz, go‘shtni qovurib saqlash uchun bitta banka topolmaganmiz.
To‘g‘risini aytsam, Toshkent ahlidan minnatdorman, chunki ijara uylar topishda, hattoki uy olishimda qalbi keng insonlar ko‘p yordam berishgan. Ijara uyda yashaganimda Mohira opa degan hamkasbim uyimga bitta 1 litrlik bankada baqlajon ikrasi, bitta 3 litrlik bankada kompot olib kelgandi va shu bankalarni ishlatib turishimiz uchun tashlab ketdi. Bankaning kichigini sovuq choy yoki 200-300 gramm go‘sht qovurib qo‘yib saqlash uchun ishlatardik. Esimda, katta qizim 7 oylik edi, ayolim va qizim vitaminlar yeb turishsin, deb meva olib kelardim. Bir kuni bir kilo atrofida uzum olib keldim. Kechki ovqatdan keyin uzumni olib keling, desam, ayolim “uni 1 litrlik bankada kompot qilib berkitdim”, desa bo‘ladimi?! Shu bilan sovuq choy idishi ham yo‘q bo‘lib qolgan.
Qisqasi oila, magistratura, ish, malaka oshirish instituti, Milliy universitet va reanimatsiya bo‘limi o‘rtasida bo‘zchining mokisidek qatnab umrim o‘taverdi. Nihoyat 2005 yil magistraturada o‘qiyotgan paytda ota-onamning yordamlari bilan, yana katta miqdorda qarz olib uy oldim. Hamkasblarim o‘zlari qarz berib, uy olishga majburlashgan. Nihoyat 2007 yilda aspiranturaga qabul qilindim. Dissertatsiyamni 1,5 yilda yozib bo‘lganman. Hatto ikkita ilmiy kengashdan o‘tgan, lekin taqdir, oilaviy sharoit va boshqa sabablar bilan qolib ketdi.
Shifokorligim va og‘ir sinov
Poytaxtda kardiologiya sohasida ancha ishladim. Mehnatim ko‘zga ko‘rindi shekilli, 2017 yilda prezident tashabbusi bilan Respublika kardiologiya markazi Namangan filialiga direktor qilib tayinlashdi. 2020 yilda Toshkentga qaytdim va yana kardiologiya markazida ishlay boshladim.
Aynan mana shu yili nafaqat yurtimiz, balki butun dunyoga koronavirus balosi yopirildi. Ko‘pchilik shifokorlar unga qarshi kurashga jalb qilinishdi, men ham ular qatoriga qo‘shildim. Tajribam va malakamni hisobga olib Zangiota 2-shifoxonasiga tibbiy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari vazifasiga tayinlashdi. Shunday vaqtlar bo‘ldiki, hatto 6-7 sutkalab tuzuk uxlamay ishlashga to‘g‘ri keldi.
Lekin eng og‘ir sinov hali oldinda ekan. 2021 yilning yanvar oyida koronavirus yuqtirib oldim va 24 kun koma holatida yotdim. O‘shanda yashab ketishimga umid ham so‘ngan, hatto tayyorgarlik ko‘rishni maslahat qilishgan ekan.
Asta-sekin o‘zimga keldim, ammo kasallik asorati tufayli qo‘l-oyoqlarim ishlamay qoldi. 5 oydan ortiq shifoxonada yotdim va uyga olib kelishdi. Oila a’zolarim men uchun ko‘p kuyunishdi. Ayolim mening boshimda shuncha kun turdi, haligacha u yelkadoshim.
1,5 yilki uzluksiz davolanayapman. Allohga shukr, ota-onamning, farzandlarim, yaqinlarimning duolari ijobat bo‘lib hozir sekin-asta tiklanyapman, harakatdaman. Moslamalar orqali yura boshladim. Birinchi guruh nogironi bo‘lsam-da, yaratganga shukr, ruhan cho‘kmadim, chekinmadim. Hayotni sevib yashayapman va yashashda davom etaman!
Shifokor Zafar Jo‘raboyevning hikoyasini Abror Zohidov yozib oldi.
Mavzuga oid
15:20 / 11.12.2024
«Otamning qadriga yetmadim» - padaridan orlangan o‘g‘ilning nadomatlari (hayotiy hikoya)
11:45 / 06.12.2024
Lordan stomatologga: tish davolatishga kelgan bemor shifokor shilqimligiga uchradi
19:11 / 05.12.2024
“Bitta brigada kuniga 25 tagacha chaqiriqqa chiqyapti” - Tez yordam qishda qanday ishlayapti?
18:33 / 29.11.2024