Jahon | 11:00 / 12.06.2022
32826
8 daqiqa o‘qiladi

Bayden Zelenskiy urush haqidagi ogohlantirishlarini «eshitishni istamagani»ni aytdi. Kiyevdagilar G‘arb nimani eshitmaganini eslatdi

AQSh prezidenti Jo Bayden ukrainlar yetakchisi Volodimir Zelenskiy dunyodagi boshqa ko‘plab davlat arboblari kabi Vashingtonning Rossiya Ukrainaga bosqin qilishi muqarrarligi to‘g‘risidagi ogohlantirishlarini jiddiy qabul qilmaganini eslatdi. Bunga javoban Ukraina hukumati vakillari Kiyev urushga tayyor bo‘lgani, G‘arb davlatlari esa Rossiya tajovuzining oldini ololmagani haqida aytishdi.

Foto: EPA

Los-Anjyelesda Demokratik partiya homiylari bilan uchrashuv chog‘ida Bayden yil boshida tez orada Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli tajovuzi boshlanishi to‘g‘risidagi bayonotlar ko‘pchilik uchun u qadar real ko‘rinmaganini tan oldi. «Men ular nega bu haqda eshitishni istashmaganini tushunaman», degan Bayden.

Ammo u yana shunday ta’kidlaydi: «Men bilaman - ko‘plar meni oshirib yuborayotgan bo‘lishi mumkin deb o‘ylashgan. Ammo men buni aniq bilardim va bizda Putin chegarani kesib o‘tishga otlanganini tasdiqlaydigan barcha ma’lumotlar bor edi. Bunga hech qanday shubha yo‘q edi. Va Zelenskiy ham boshqa ko‘plar qatori buni eshitishni istamagandi».

Shu bilan birga Bayden Putinni Ukrainaning «nafaqat xalqini, balki madaniyatini ham yo‘q qilishga urinish»da ayblagan va rossiyaliklar prezidenti Kiyevni «Ona Rossiya merosi» deb bilishini aytgan.

G‘arb razvedka xizmatlari vakillari rossiyalik harbiylar Ukraina bilan chegara yaqinida to‘planayotgani to‘g‘risida 2021 yil kuzidan xabar bera boshlagan. Keyin ular tajovuz ehtimoli to‘g‘risidagi aniqroq sanalarni aytishgan. Yanvar oyi oxirida Bayden bir necha bor Zelenskiy bilan telefon orqali muloqotlarda voqealarning shunday rivoji - reallashganini aytdi.

Zelenskiy o‘shanda vahima qo‘zg‘amaslikka chaqirgan, ammo Kiyev «turli ssenariylarga jiddiy tayyorlanayotgani»ni ma’lum qilgan.

28 yanvar kuni u xorijlik jurnalistlar bilan uchrashuvda shunday degandi: «Bugun biz avvalgidan ko‘ra jiddiyroq eskalatsiyani ko‘rmayapmiz. Ha, harbiylar soni jiddiy darajada ortgan, ammo men bu haqda 2021 yil boshida, Rossiya Federatsiyasi o‘quv mashg‘ulotlari to‘g‘risida gapirganimda ham aytgandim [...] Va hozir ham men vaziyat o‘sha mashg‘ulotlarning avj pallasidagidan ko‘ra keskinroq deb hisoblamayman - vaziyat o‘shanda ham juda keskin edi».

«Bizga bunday vahima kerak emas [...] Bizga mamlakatimiz iqtisodiyoti barqarorlashuvi kerak [...] chunki «ertaga urush» boshlanishi haqidagi signallar yangramoqda - hatto davlatlarning hurmatli rahbarlaridan ham signallar keldi, ular diplomatik tilda ham emas, ochiqchasiga shunday demoqda: «Ertaga urush bo‘ladi». Bu — vahima. Bozorlarda vahima, moliyaviy sektorda vahima. Bu bizning davlatimizga qanchaga tushadi!» degandi Zelenskiy.

Baydenga Kiyevda qanday javob qaytarishdi?

Baydenning Zelenskiy Amerikaning ogohlantirishga quloq tutmagani haqidagi so‘zlariga bir necha ukrain amaldorlari munosabat bildirishdi.

Volodimir Zelenskiy shanba kungi matbuot anjumanida. Foto: Reuters

«Eshitishni istamagan» iborasi, katta ehtimol bilan, izoh talab qiladi. Qolaversa, agar eslasangiz, Ukraina prezidenti hamkorlarni Rossiyani qo‘shinlarini uzoqlashtirishga va vaziyatni keskinlashtirmaslikka undash uchun ogohlantiruvchi sanksiyalar paketini kiritishga chaqirgandi. Va bu o‘rinda biz ham hamkorlarimiz «bizni eshitishni xohlamagandi» deyishimiz mumkin», degan Zelenskiyning matbuot kotibi Volodimir Nikiforov.

Urush boshlanishidan oldin, bir necha oy davomida Zelenskiy ko‘p bor G‘arbni Rossiyaga qarshi sanksiyalar qo‘llashga va qo‘shinlarini ukrain chegaralari yaqinidan olib ketishni talab qilishga chaqirgandi. Ammo G‘arb mamlakatlari bosqin ro‘y bergan taqdirda qo‘llanishi nazarda tutilgan cheklov choralarini muhokama qilish bilan cheklangandi.

Nikiforov ortidan Baydenning so‘zlariga Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak ham javob berdi.

«Agar [Ukraina] urushga «tayyorlanmagan» bo‘lsa, nima uchun birinchi zarbalar maketlarga berildi, barcha o‘q-dorilar joylarga taqsimlandi, yanvar va fevral oylarida esa mashg‘ulotlar o‘tkazildi? Ukraina urushga o‘tgan yildan buyon tayyorlanib keldi: kutilayotgan bosqin to‘g‘risidagi ma’lumotlarni nafaqat G‘arb razvedkasi, balki biznikilar ham berib kelishdi», deya yozgan u tvitterida.

«Rossiya ekspansiya (imperialistik davlatlarning yangi territoriyalarni bosib olishga intilishi) bo‘yicha turli ssenariylarni ishlab chiqayotganini yaxshi bilardik. Volodimir Zelenskiyning stolida doimo yuqori sifatli razvedka ma’lumotlariga asoslangan tegishli tahliliy ma’lumotlar bo‘lgan. Prezident hamkorlarimizning barcha so‘zlari va ogohlantirishlariga diqqat bilan javob qaytardi.

Asosiy savol Rossiyaning bosqini ko‘lami qay darajada bo‘lishi borasida edi», degan Podolyak Liga.net portaliga bergan izohida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning butun hududi muntazam ravishda intensiv o‘qqa tutilishini prognoz qilib bo‘lmasdi. «Bosqinning ko‘lami ko‘plab mamlakatlarni, jumladan, Ukraina hamkorlarini ham shokka tushirib qo‘yganiga shubha yo‘q», degan u.

«Va nihoyat, menimcha, asosiy davlatlar Rossiya Federatsiyasining militaristik ishtahasini juda yaxshi bilgan holda uni ogohlantirish signallari bilan to‘xtata olmaganida, 100 kundan ortiq vaqtdan beri ancha qudratli va katta resurslarga ega raqibga qarshi to‘laqonli urush olib borishni uddalayotgan mamlakatni ayblash bema’nilikdir», - deya xulosa qilgan Podolyak.

Eng ko‘p yordam - AQShdan

Reintegratsiya va okkupatsiya qilingan hududlar bo‘yicha vazir Irina Vereshchuk esa, G‘arb mamlakatlari bosqinning ilk kunida Zelenskiyga Kiyevni tark etishni tavsiya qilishganini eslatib, ukrainlar prezidenti bunday qilmagani urushning birinchi bosqichida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

«Bizning G‘arbdagi hamkorlarimiz, albatta, prezident Zelenskiy ularning Rossiya bosqini to‘g‘risidagi ogohlantirishini eshitishni istamagani haqida gapirishi mumkin. Rossiyaning ochiqchasiga hujum qilishidan oldin prezident nima qilishi kerak bo‘lgani haqida turlicha taxminlar bildirishi mumkin. 

Ammo bosqin boshlanganidan keyin bizning prezident o‘z xavfsizligiga jiddiy tahdidlar bo‘lganiga qaramay, poytaxtni tashlab ketmadi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, u g‘arblik hamkorlarimiz tavsiyalarini eshitishni xohlamadi. Va aynan bu qaror katta ahamiyatga ega bo‘lgan, buning ahamiyatini faqat vaqt o‘tib baholay olamiz», deya yozgan u telegram-kanalida.

AQSh Ukrainaga butun dunyo mamlakatlarinikidan ko‘proq yordam ko‘rsatmoqda. Amerika kongressi Kiyev uchun 40 mlrd dollar ajratgan, bu mablag‘lar qurollar sotib-olish va boshqa maqsadlarga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, Bayden ma’muriyati Ukrainaga uzoq masofaga otuvchi gaubitsalar va zamonaviy baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari yuborgan, bu orqali ukrain hukumati RF armiyasining artilleriya bobidagi katta ustunlik farqini yo‘qqa chiqarishga umid qilishi mumkin.

Mavzuga oid