O‘zbekiston | 15:11 / 13.06.2022
14180
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Mudofaa vaziri AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni bilan uchrashdi

Mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov O‘zbekistonga ikki kunlik tashrif bilan kelgan AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Maykl Kurilla bilan uchrashdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: KUN.UZ

Suhbat boshida Bahodir Qurbonov general Maykl Kurillaning yangi lavozimga tayinlovi bilan qutladi hamda vazirlik binosidagi Amir Temur hayotiga doir bo‘rtma tasvirlar haqida mehmonga ma’lumotlar berdi.

Shuningdek, vazir tenglik asosida rivojlanayotgan O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga o‘tganini hamda o‘zaro harbiy hamkorlikni, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi hamkorlikni yuqori baholashini ta’kidladi.

«Biz uchun AQSh global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda asosiy ahamiyatga ega bo‘lgan, vaqt bilan sinalgan hamkordir...

AQSh bilan mudofaa sohasidagi hamkorlikni yanada faollashtirishga tayyormiz. Sizning tashrifingiz mudofaa sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishiga yuksak ishonch bildiraman», – dedi O‘zbekiston Mudofaa vaziri.

AQSh rasmiysi mehmondorchilik uchun minnatdorchilik bildirdi. General Kurilla bir kun oldin Samarqanddagi tarixiy ziyoratgohlarga tashrif buyurgani va kurash, ko‘pkari kabi xalq o‘yinlari guvohi bo‘lganini aytib, kelasi safar bu kabi uchrashuvlarda qatnashish xohishini bildirdi.

«Ayni vaqtda men AQSh Markaziy qo‘mondonligi javobgar hududlar bo‘ylab 90 kunlik tanishuv safaridaman. Ular qatoriga 21 mamlakat kiradi. Biz bu safarni rejalashtirganimizda, men alohida O‘zbekistonga ham borishim kerakligiga ishonch hosil qildim.

AQSh prezidenti menga topshirgan vazifa, berilgan resurslar [ushbu davlatlar uchun] qanday tahdidlar, aloqalarda qanday bo‘shliqlar va asosiysi hamkorlikni rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar borligini tushunib olishga imkon beradi», – deya general Maykl Kurillaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uchrashuvning qolgan qismi yopiq eshiklar ostida o‘tdi.

Mavzuga oid