Jamiyat | 22:07 / 13.06.2022
19569
8 daqiqa o‘qiladi

Sil dispanserining koykalari poliklinikaga zararsizlantirmay olib kelinganmi?

Andijon viloyati sil dispanserining 10ta krovati Asaka tumanidagi 10-oilaviy poliklinikaga keltirilib, Kun.uz surishtiruvi fonida yana qaytarib olib ketildi. Koykalar sil tayoqchalarining tarqalish xavfiga qaramay dezinfeksiya qilinmagani aytilmoqda. Buni rad etayotgan mas’ullar sanitariya qoidalarida belgilangan, dezinfeksiyani tasdiqlovchi hujjatni taqdim eta olmayapti.

Sil – yuqumli va inson hayoti uchun xavfli kasallik, buni hammadan ham tibbiyot xodimlari yaxshi biladi. Biroq Asaka tumanidan kelgan murojaatda tibbiyot xodimlarining o‘zlari bemorlarga xavfli kasallik yuqishi uchun sharoit yaratib berayotgani aytiladi.

Murojaatchilar Qoratepa qishlog‘idagi 10-oilaviy poliklinikada krovatlar yo‘qligi tufayli sil kasalliklari dispanseridan krovatlar keltirilib, bemorlar sil yuqishi xavfi ostida o‘sha krovatlarda yotib davolanayotgani haqida xabar berishdi.

Mebellarni viloyat hokimligi tomonidan mazkur poliklinikada ish tashkil etish uchun vakil etib tayinlangan Andijon viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazi rahbari Faxriddin Nasriddinov olib kelgan.

Achinarlisi, mebellar dispanserning dori-darmonga chidamli og‘ir sil kasallar davolanuvchi uchinchi va to‘rtinchi bo‘limlaridan keltirilgan.

Biz “30 ming aholiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan krovatlar oilaviy poliklinikaga qanday kelib qoldi?”, “Nahotki, oilaviy poliklinikaga budjetdan 10 dona krovat uchun mablag‘ topilmasa?” kabi savollarga javob izladik.

“Sil kasallar yotgan krovatlar xavfli ekanini bilamiz, lekin...”

Qoratepa qishlog‘ining 30 ming aholiga xizmat ko‘rsatuvchi 10-oilaviy poliklinikasidamiz. Muassasa palatasida 10 nafar bemor haqiqatda sil kasalliklari dispanseridan keltirilgan krovatlarda yotib davolanayotgan ekan.

“Poliklinikamizga kuniga 150-200 nafar bemor keladi. Emlash kunlari 300 nafargacha qabul qilamiz. Sil dispanseridan krovatlar hech qanday hujjatlarsiz keldi. Bo‘lim mudiri so‘ragan ekan. Axir bunday harakatlar SES xodimlari bilan hamkorlikda qilinishi kerak-ku? O‘ta yuqumli kasallik bilan og‘rigan bemorlar yotgan sim krovatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri palataga qo‘ya olmadim.

Bo‘lim bekasiga aytib, qo‘ldan kelganicha xlor bilan yuvib, tozalab keyin o‘rnatdik. Sil dispanseri boshlig‘i bizga vakil bo‘lganidan beri hamshiralari ham muassasamizga kelib, aholi bilan aralashib yurishibdi. Ular kasallik yuqtirmasligiga kim kafolat beradi? Men o‘rta tibbiyot xodimiman, boshliqlarimiz oliy ma’lumotli va tajribali mutaxassislar. Ularni mana shu holatlarga beparvo bo‘layotganidan hayronman”, deydi 10-oilaviy poliklinika katta hamshirasi Ra’noxon Shodmonova.

Muassasa xo‘jalik mudirasi Muqaddasxon Mahmudova ham krovatlar hech qanday hujjatlarsiz kelgani, ularni omborxonaga joylab, so‘ng zararsizlantirishga harakat qilib, xonaga olib kirishganini aytdi.

Poliklinika mudiri Sardorbek Alimjonovning izohlashicha, qishloq tuman markazidan 22 km uzoqlikda joylashgani sabab aholi vakillariga yotib davolanishlari uchun sharoit yaratish maqsadida poliklinikada 10 ta koyka tashkil qilinganini aytdi.

“Aholi Asaka tumani markaziga borib kelishga vaqt va mablag‘ sarflamasligi uchun tuman Tibbiyot birlashmasi bilan hamkorlikda yotib davolanish sharoitini qildik. Lekin bizda krovatlar yetishmasdi. Shuning uchun sil kasalliklari dispanseridan yaroqli, lekin ishlatilmay turgan krovatlarni olib kelib o‘rnatdik. Dezinfeksiya qildik. So‘ng o‘zimizni vrachlardan biri homiylik qilib matras va yopinchiqlar olib bergach, palataga qo‘ydik. Odamlar xursand”, deydi bo‘lim mudiri Sardobek Alimjonov.

Uning aytishicha, bizning surishtiruvimizdan keyin koykalar qaytarib olib ketilgan.

“Men tuman Tibbiyot birlashmasiga jihozlar so‘rab ko‘p bora murojaat qilganman. Natija bo‘lmagan. Mana, sizlar kelgach, mana shu krovatlarni ham dispanser olib ketdi. Bemorlar koykasiz qoldi”, – dedi Sardobek Alimjonov.

“Krovatlarni zararsizlantirganmiz, lekin hujjati yo‘q...”

10-oilaviy poliklinikaga 10 ta krovat yetkazib bergan viloyat sil kasalliklari dispanseri rahbari Faxriddin Nasriddinovdan savollarimizga javob so‘radik.

“O‘sha krovatlar bizniki va bizning ro‘yxatda turibdi, inkor qilmayman. Krovatlarni o‘sha poliklinikaga borishining sababi, davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan “Ochiq muloqoti”dan so‘ng, Andijon viloyati hokimining aholiga e’tibori bilan birlamchi tibbiy yordam tizimida 24 soatlik ishni tashkil qilish tavsiyasi berildi. Biz o‘zimizdagi 2015 yildan beri foydalanilmay turgan krovatlarni zararsizlantirib, xlorlab, oftobga qo‘yib, so‘ng 10-oilaviy poliklinikaga olib bordik.

Tuberkulyoz tayoqchasi oftobda ikki soatda o‘ladi. Men tuberkulyoz tayoqchasini yashovchanligini bilganim uchun “obrabotka” qilganimizdan so‘ng jo‘natdim. Krovat – temir buyum, xlorli eritmada yuvilgach, bemalol ishlatish mumkin. U yerda ham oftobda turdi. Bizning maqsadimiz o‘sha yerdagi bemorlarga yaxshilik qilish bo‘lgan”, – deydi Nasriddinov.

— Sanitariya me’yorlariga ko‘ra, yuqumli kasalliklar dispanseridan chiqayotgan buyumlar muassasa dezinfektori tomonidan zararsizlantirilib, tegishli hujjat bilan chiqariladi. Mana shu hujjatni taqdim qila olasizmi?

— Biz zararsizlantirganimizni hujjatlashtirmaganmiz. Unday hujjat yo‘q. Lekin amalda aniq qilganmiz.

— Nega biz poliklinikada tasvirga olishni boshlaganimizdan so‘ng krovatlar sizni buyrug‘ingiz bilan dispanserga qaytarib olib kelindi?

— Men bu qilgan ishim murojaatchilar yoqmagani uchun orqasidan boshqa muammolar kelib chiqmasin, deya shu ishni qildim. Aslida bu tuman tibbiyot birlashmasining muammosi edi. Endi masalani birlashma o‘zi hal qilib oladi.

Viloyat sanitariya osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yusufjon Ortiqovdan holat bo‘yicha izoh so‘raganimizda, mas’ul yuqumli kasalliklar bo‘limidan hech qanday buyum dezinfektor tomonidan zararsizlantirilib, tegishli hujjat rasmiylashtirilmagunicha chiqib ketmasligini bildirdi.

Xulosa o‘rnida

Tasdiqlangan sanitariya me’yorlariga ko‘ra, yuqumli kasalliklar shifoxonasidan buyumlar mas’uliyatli rejim ostida, dezinfektor mutaxassis tomonidan zararsizlantirilgach, tegishli hujjat rasmiylashtirilib so‘ng tashqariga chiqariladi.

Oilaviy poliklinika xo‘jalik mudirasi krovatlar hech qanday hujjatlarsiz kelganini aytdi. Dispanser rahbari ham krovatlar zararsizlantirilgani bo‘yicha hujjat yo‘qligini tan oldi. Biz krovatdan surtma olib mustaqil laboratoriyada tekshirtirmoqchi bo‘lganimizda krovatlar zudlik bilan dispanserga qaytarib olib ketilibdi.

Yaxshiyam jamiyatda hushyor odamlar bor. Bizni o‘ylantirgani – tibbiyot xodimlarining o‘zlari 30 ming aholiga xizmat qiluvchi poliklinika bemorlarini xavf ostiga qo‘yganmikan? Hokimlikka yaxshi ko‘rinish uchun bunday “tashabbus” qilish katta muammolar keltirishi mumkin.

Undan-da katta muammo esa qishloq tibbiyot muassasasiga budjetdan 10 dona krovat uchun pul topilmaganida. Poliklinika mudiri o‘sha krovatlarga to‘shak va adyollarni ham shifokorlardan biri homiylik qilib sotib olib berganini aytdi.

O‘ylaymizki, holat tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganib chiqiladi.

Elmurod Ermatov,
Azizbek Ismoilov

Mavzuga oid