Jahon | 14:28 / 14.06.2022
7998
3 daqiqa o‘qiladi

Sberbank va Rossiyaning yana ikkita banki SWIFT’dan uzildi 

Foto: TASS

AQShning eng yirik banklari JPMorgan Chase va Goldman Sachs Rossiya qarziga xizmat ko‘rsatish operatsiyalaridan bosh tortdi, deb xabar bermoqda Bloomberg.

Rossiyaning Sberbank, Rosselxozbank va Moskva kredit banki moliya institutlari SWIFT xalqaro to‘lovlarning eng yirik tizimidan uzilmoqda. YeIning Ukrainaga bostirib kirishi sababli Rossiyaga qarshi joriy etgan sanksiyalarining oltinchi paketi doirasida qabul qilingan ushbu chora 14 iyun, seshanba kunidan boshlab ishlay boshladi. 

12 martdan boshlab ushbu moliyaviy xabarlar tizimi VTB, «FK Otkrytiye», Promsvyazbank, Sovkombank, «Rossiya» banki, Novikombank va VEB davlat korporatsiyasi banklariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatdi. 

Ayni paytda, Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning eng yirik banklari JPMorgan Chase va Goldman Sachs Rossiya qarz majburiyatlariga xizmat ko‘rsatish operatsiyalaridan bosh tortgan. Bu o‘tgan hafta AQSh Moliya vazirligining amerikalik investorlarga bunday aktivlarni qo‘lga kiritishni taqiqlash to‘g‘risidagi kutilmagan bayonotidan keyin sodir bo‘ldi, deb yozadi agentlik masaladan xabardor manbalarga tayanib. 

Shu bilan birga, AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) yangi va mavjud qarzlar hamda Rossiya qimmatli qog‘ozlarini sotib olishni taqiqladi. «OFAC’ning yangilangan ko‘rsatmalariga va Goldman Sachs’ning Rossiyadagi biznesi tugatilishiga muvofiq, firma endi Rossiya yuridik shaxslari bilan bozorda faollik hosil qiluvchi ayrim operatsiyalarni amalga oshirmaydi», — deyiladi bank bayonotida. 

24 may kuni AQSh Moliya vazirligi Rossiya suveren obligatsiyalari egalariga ushbu qimmatli qog‘ozlarga xizmat ko‘rsatish va qarzni to‘lash uchun dollar to‘lovlarini olish imkonini beruvchi 9S bosh litsenziyasini yangilamaganini e’lon qildi. Lisenziya muddati 25 may kuni Moskva vaqti bilan soat 07:01 da tugadi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin G‘arb tomonidan kiritilgan sanksiyalar Rossiya Moliya vazirligi, Markaziy banki yoki Milliy farovonlik jamg‘armasi bilan operatsiyalarni taqiqlaydi. Shu bilan birga, 2 mart kuni OFAC qarzni to‘lash va aksiyadorlarga to‘lovlar doirasida foizlar va dividend to‘lovlarini olish uchun imkon yaratdi. Ushbu litsenziya Rossiyaga davlat obligatsiyalari bo‘yicha to‘lovlarni davom ettirishga va shu bilan davlat qarzi bo‘yicha defoltning oldini olishga imkon berdi. 

Mavzuga oid