Bor-yo‘g‘i 3 oy ichida imtiyozli dasturlarning kamida 23,5 mlrd so‘mi talon-toroj qilingan
Yilning birinchi choragida bank xodimlari “Har bir oila – tadbirkor” dasturi bo‘yicha 20 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilgan. “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi doirasida esa 3,5 mlrd so‘m mablag‘ jinoiy sxemalar orqali noqonuniy o‘zlashtirib yuborilgan. Avvalroq Markaziy bank raisi imtiyozli kreditlash korrupsiyaga yo‘l ochishini aytgandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzgan reyting natijalariga ko‘ra, 2022 yilning birinchi choragida bank xodimlari 128 ta korrupsion jinoyat sodir etib, O‘zbekistonda ta’lim sohasidan keyingi 2-o‘rinni egallagan.
Bu haqda agentlik direktori Akmal Burhonov 14 iyun kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish Toshkent shahar kengashi majlisida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bir qancha holatlarda aholini qo‘llab-quvvatlash uchun turli ijtimoiy loyihalarga mo‘ljallangan budjet mablag‘lari ayrim bank mansabdor shaxslari tomonidan talon-toroj qilingan.
Masalan, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi bo‘yicha 20 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ bank xodimlari tomonidan talon-toroj qilingan. Talon-toroj qilingan mablag‘lar Milliy bankda 1,3 mlrd, Mikrokreditbankda 2,4 mlrd, Xalq bankida 3 mlrd, Agrobankda 12,3 mlrd so‘mni tashkil qiladi.
Shuningdek, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi doirasida ham 3,5 mlrd so‘m mablag‘ yoshlar bandligini ta’minlashga yo‘naltirilmasdan, jinoiy sxemalar orqali noqonuniy o‘zlashtirib yuborilgan.
Korrupsiyaga qo‘l urgan bank xodimlarining 5 nafari respublika, 74 nafari viloyat va 597 nafari tuman (shahar) miqyosidagi banklarda faoliyat yuritgan. Mazkur jinoyatlar oqibatida 354,2 mlrd so‘m kredit mablag‘lari talon-toroj qilingan.
“Birgina Toshkent shahrida 2021 yilda 12 nafar shaxsga nisbatan 10 ta jinoyat ishi (6 tasi – Markaziy bank va uning quyi tizimi hamda 4 tasi tijorat banklari xodimlari) sudga yuborilgan.
Xususan, 7 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 3 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 1 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) hamda 1 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 208-moddasida (Hokimiyat harakatsizligi) ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir qilishgan.
Mazkur jinoyatlarni sodir qilgan 12 nafar shaxsning 2 nafari Toshkent shahri va 10 nafari tuman darajasidagi bank tizimi xodimlari hisoblanadi”, – dedi Akmal Burhonov.
Avvalroq Senat va Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Norboyeva ma’lum qilgandiki, 2021 yilda sudlarga yuborilgan korrupsiyaviy jinoyat ishlari bank sohasida 3 barobarga oshgan.
“Imtiyozli kreditlar korrupsiyaga moyillikni oshiradi”
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov imtiyozli kreditlash siyosati korrupsiyaga moyillikni yuzaga keltirishini aytib keladi.
“Imtiyozli kredit bor joyda muayyan darajada korrupsiya elementlari ham bo‘ladi. [...] Qayerda imtiyozli kredit bo‘lsa, albatta, [mablag‘ni] boshqa maqsadda ishlatishga moyillik ham bo‘ladi”, degandi MB rahbari 2020 yildagi matbuot anjumanlaridan birida.
Nurmurodov, shuningdek, 2021 yildagi chiqishlaridan birida “bozor tamoyillaridan qancha ko‘p cheklansak, korrupsiyaga moyillik ortib boraveradi”, deya ta’kidlagandi.
2021 yil aprelidagi prezident selektorida Shavkat Mirziyoyev bank tizimidagi korrupsiya yo‘qolmayotganini aytgandi.
“Banklar tizimida korrupsiya yo‘qolmayapti. Men [Markaziy bank raisi] Mamarizo Nurmurodovning o‘ziga ishonaman, lekin tizimiga ishonmayman. Haligacha qing‘irliklar bor”, deya qayd etgandi davlat rahbari.
Kambag‘allikka qarshi kurash: nima to‘g‘ri, nima noto‘g‘ri bo‘lyapti? — Behzod Hoshimov bilan suhbat
Mavzuga oid
17:38
O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish reytingida 81-o‘rinni egalladi
17:20 / 17.12.2024
Xitoyda katta miqdorda pora olishda ayblangan partiya mulozimi qatl etildi
12:00 / 11.12.2024
Netanyahu korrupsiya bo‘yicha ish yuzasidan sudda ko‘rsatma berishni boshladi
21:00 / 09.12.2024