«Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi parlamentga kiritildi
Qonun qabul qilinsa, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvi holatlari bo‘yicha bayonnoma tuzib, sudga yuborish, hujjatlarni bekor qilish haqida taqdimnoma kiritish yoki haqiqiy emas deb topish bo‘yicha sudga da’vo kiritish vakolatini oladi. Biroq avvalroq aytilganiga qaramay, affillanganlik holatlari natijasida davlatga ko‘p miqdorda zarar yetkazishni Jinoyat kodeksiga kiritish rejada yo‘q.
“Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Loyihada manfaatlar to‘qnashuvi tushunchasiga aniqlik kiritilmoqda. Unga ko‘ra, manfaatlar to‘qnashuviga davlat tashkiloti xodimi, uning yaqin qarindoshlari va unga aloqador shaxslar shaxsiy manfaatlari bilan fuqarolar, tashkilot yoki davlat huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelgan va kelayotgan yoxud yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat, deya ta’rif berilmoqda.
Davlat tashkiloti xodimlari manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha ko‘rilgan choralar ustidan yuqori turuvchi davlat tashkilotiga, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yoki sudga shikoyat qilish huquqiga ega ekani belgilanmoqda.
Davlat tashkiloti xodimlari mavjud manfaatlar to‘qnashuvida o‘z ish yurituvidagi hujjatlar bo‘yicha qaror qabul qilinishidan oldin bevosita rahbariga yoki maxsus bo‘linmaga xabar berishi, davlat tashkiloti boshqa xodimlari bo‘yicha o‘ziga ma’lum bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berishi majburiy etib belgilanmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi manfaatlar to‘qnashuvi oldini olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilanmoqda. Agentlikka quyidagi vakolatlar berilmoqda:
- davlat tashkilotlari manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
- manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha davlat tashkiloti faoliyatini o‘rganish;
- manfaatlar to‘qnashuvi holatlari to‘g‘risidagi xabarnoma, taxmin qilinayotgan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiya hamda manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiya namunaviy shakllarini tasdiqlash;
- manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq har qanday holatlar aniqlanganda, bitim, buyruq va boshqa hujjatni bekor qilish to‘g‘risida davlat tashkilotiga taqdimnoma yoki ularni haqiqiy emas deb topish bo‘yicha sudga da’vo kiritish.
Manfaatlar to‘qnashuviga oid talablarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda:
- davlat organi xodimlari manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabar bermagani uchun – BHM 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima (takroran bo‘lsa – BHM 5 baravaridan 10 baravarigacha);
- mansabdor shaxslar ushbu vaziyatni tartibga solmagani uchun – BHM 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima (takroran bo‘lsa – BHM 10 baravaridan 15 baravarigacha).
Bunda ma’muriy bayonnoma tuzish va sudga yuborish vakolati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi o‘tgan oyda muhokamaga chiqarilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Norboyeva manfaatlar to‘qnashuvi qonun bilan tartibga solinmaganini aytib, shu bilan birga “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilgani, manfaatlar to‘qnashuvi va affillanganlik holatlari natijasida davlatga ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan bo‘lsa-da, xarid ishtirokchilariga jinoiy javobgarlik belgilanmaganini tanqid qilgandi.
Ayni paytda parlamentga “Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan birga, javobgarlik belgilash bo‘yicha alohida qonun loyihasi ham kiritilgan, biroq unda, yuqorida ta’kidlanganidek, faqat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha qo‘shish belgilangan.
Mavzuga oid
17:38
O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish reytingida 81-o‘rinni egalladi
17:20 / 17.12.2024
Xitoyda katta miqdorda pora olishda ayblangan partiya mulozimi qatl etildi
10:05 / 13.12.2024
«Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonunning jamiyat va davlat uchun ahamiyati
12:00 / 11.12.2024