Jamiyat | 12:45 / 18.06.2022
14212
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda 50 gektar yerni 500 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan klaster mas’uli ushlandi

Buxoro viloyatida doimiy ro‘yxatda turib, Zarbdor tumanidagi klasterda mas’ul lavozimda ishlovchi shaxs 50 gektar yerni 500 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan.

Jizzax viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, Jizzax shahrida yashovchi ayol chorvachilikni yo‘lga qo‘yish maqsadida yer maydoni olmoqchi bo‘lgan. Zarbdor tumani Oqar mahallasi hududida fermerlik qiladigan shaxs ayol bilan uchrashib, unga 50 gektar yerni 500 million so‘mga sotmoqchi ekanini aytadi. Shart bo‘yicha ayol oldindan 20 ming dollar berib, qolgan pulni keyin to‘lashiga kelishishadi.

Shundan so‘ng yerni faqat auksion orqali sotib olish mumkinligini eshitgan ayol viloyat IIBga ariza bilan murojaat qiladi.

Huquqni himoya qilish organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida doimiy ro‘yxatda turib, Zarbdor tumani Oqar mahallasi hududidagi klasterda mas’ul lavozimda ishlovchi shaxs ayoldan 20 ming dollar olayotganda daliliy ashyo bilan qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan Zarbdor tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid