Sport | 07:39 / 20.06.2022
25993
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik tennischi Uimbldonda qatnashish uchun fuqaroligini o‘zgartirdi 

Natela Dzalamidze Uimbldonda Gruziya bayrog‘i ostida ishtirok etadi. Avvalroq, Rossiya va Belarus vakillari Buyuk Britaniyadagi turnirlardan chetlashtirilgan edi.

Foto: Picture Alliance

Avvalroq Rossiya sharafini himoya qilgan tennischi Natela Dzalamidze Gruziya bayrog‘i ostida Uimbldon turnirida ishtirok etadi, bu haqda musobaqa saytida e’lon qilingan arizalar ro‘yxatida ma’lumot berilgan. Ayollar tennis uyushmasi (WTA) saytida ham juftlik bahslarida dunyoning 44-raketkasi Gruziya vakilasi sifatida qayd etilgan.

«Sportchilarning professional musobaqalarda qaysi bayroq ostida qatnashishi WTA va ITF (Xalqaro tennis federatsiyasi) tomonidan tartibga solinadigan, kelishilgan jarayondir», deb xabar berdi 19 iyun, yakshanba kuni turnir tashkilotchilari.

27 iyundan 10 iyulga qadar bo‘lib o‘tadigan «Katta dubulg‘a» turkumiga kiruvchi turnirda Dzalamidze serbiyalik Aleksandra Krunich bilan juftlik bahslarida qatnashadi.

Aprel oyida Uimbldon tashkilotchilari - Butunangliya laun-tennis klubi va Laun-tennis assotsiatsiyasi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi sababli rossiyalik va belaruslik sportchilarga turnirda qatnashishni taqiqlagan edi. Buyuk Britaniyadagi boshqa tennis musobaqalari ham taqiq ostida qolib ketdi.

WTA va Professional tennischilar assotsiatsiyasi (ATP) bu qarorni tanqid qildi, may oyida esa 2022 yilgi Uimbldon reyting ochkolarisiz o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid