O‘zbekiston | 18:05 / 22.06.2022
26371
2 daqiqa o‘qiladi

170 dan ortiq tuzatishlar: Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha qonun loyihasi parlamentga kiritildi

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 66 ta moddasiga 170 dan ortiq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish kerak, degan xulosaga keldi Konstitutsiyaviy komissiya. Ishlab chiqilgan qonun loyihasi parlamentga kiritildi. Loyiha hozircha e’lon qilingani yo‘q.

Foto: Kun.uz

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi amaldagi qomusning 83-moddasiga asosan Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida quyi palataga kiritildi. Bu haqda Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati ma’lum qildi.

Loyihada amaldagi Konstitutsiyaning barcha bo‘limlaridagi 66 ta moddaga 170 dan ortiq tuzatishlar ko‘zda tutilmoqda.

Qonun loyihasiga quyi palataning Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitalari mas’ul etib belgilangan.

Loyiha, shuningdek, parlamentdagi partiyalarning siyosiy fraksiyalariga ham tarqatilgan. Hozircha jamoatchilikka ochiqlangani yo‘q.

Bugun, 22 iyul kuni bo‘lib o‘tgan mas’ul qo‘mitalarning qo‘shma yig‘ilishida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan. Quyi palata kengashi ham shu mazmundagi qarorni qabul qilgan.

Endilikda manfaatdor vazirlik va idoralar, ekspertlar xulosalari asosida dastlabki xulosalar olinadi va yalpi majlisda birinchi marotaba ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi.

Ma’lum qilinishicha, yalpi majlisda konseptual ravishda ko‘rib chiqilgan qonun loyihasini xalq muhokamasiga chiqarish bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda.

Avvalroq prezident mazkur o‘zgarishlarni referendum o‘tkazish orqali qabul qilishni taklif etgandi.

Mavzuga oid