«Haqiqiy bosim – ertaga nima yeyishingni bilmaslik». Ryudiger hayotidagi eng unutilmas onlar, «Chelsi»dagi musulmonlar va Kante haqida
Antonio Ryudiger yaqinda «Chelsi»ni tark etdi va erkin agent sifatida Madridning «Real» jamoasiga kelib qo‘shildi. Albatta, so‘nggi mavsumlarda Yevropaning eng yaxshi himoyachilaridan biri Madridda yangi sahifa ochadi, ammo undan oldin e’tiboringizga Ryudigerning Londondagi hissiyotlarini havola qilamiz. ThePlayersTribune loyihasi mehmoni bo‘lgan futbolchi shu bahona «Chelsi» bilan xayrlashib oldi.
«Xayrlashishni yoqtirmayman. Lekin bu jarayon chin dildan bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Agar shoshilmay tursanglar, hammasini aytaman, Chempionlar ligasi finali, undan oldinroq esa futboldagi eng yoqimtoy yigit haqida hikoya qilmoqchiman. Albatta, N’Golo Kanteni nazarda tutyapman.
«Chelsi»ga kelishimdan oldin u haqida juda ko‘p eshitganman. Har doim kulib turishini aytishgan. Haliyam Mini Cooper’da yurishi haqida eshitganman. Aytishlaricha, u hech qachon ovozini ko‘tarib gapirmas ekan. Ammo bilamiz-ku, futbolda bunday bo‘lishning iloji yo‘q, to‘g‘rimi? Haddan tashqari bosim, mag‘lubiyatlar domida xotirjamlikni saqlab qolishning iloji yo‘q. Keyin esa, N’Goloni uchratdim.
Unga hammasi yarashadi. Hatto o‘sha odamlar kuladigan Mini Cooper’ning ham o‘z tarixi bor. Kante uchun Premer ligaga qaytish katta orzu bo‘lgan, Mini esa, u Angliyaga kelganda sotib olgan ilk avtomobil hisoblanadi. Demak bu shunchaki mashina emas, chuqur ma’noga ega.
Yigitlar doim uning ustidan hazil qilishadi, kulishadi, lekin ishonavering, bu odam shu qadar muloyimki, doim siz eshitishni istagan so‘zlarni aytadi, xafa qilmaydi.
Kimdir unga «N’Golo, bilasanmi eng zo‘r mashina qaysi? Mersedes, bro. Sen qora Mersedes haydab yurishing kerak», desa, «Ha, ok, o‘ylab ko‘raman, rostdan ham zo‘r maslahat», degan javobni eshitadi.
Ammo u shunchaki, siz bilan o‘yin qiladi. Alaloqibat, siz yana o‘n yil parkovkada o‘sha tanish Mini’ni ko‘rasiz. Men doim odamlarga aytaman: kamtar inson bor, o‘ta kamtar bor va Kante bor.
Albatta, bu yerda yutgan sovrinlarimning o‘rni katta, ammo «Chelsi»ni o‘ziga xos qilib turgan asosiy jihat – do‘stlik. Biz shunchaki, jamoadoshlar bo‘lmaganmiz. Kante, Kova, Ziyosh, Lukaku – biz xuddi aka-ukalar kabimiz. Rostini aytsam, futbolda doim ham shunday bo‘lavermaydi. Mazmunan hammasini aks ettiruvchi yagona sahna haqida so‘rashsa, Chempionlar ligasi finalidan keyingi yuvinish xonasidagi holatimni aytgan bo‘lardim. Bu haqida keyinroq.
Tabiiyki, o‘sha mavsum men uchun g‘aroyib kechgandi. O‘sha finaldan bir necha oy oldin meni asosiy tarkibdan chetlatishgandi, desam ishonasizmi? Sababini o‘zim ham bilmayman. Bir kuni murabbiy menga tarkib katta ekani va boshqa futbolchilarni tanlaganini aytdi. Shundan so‘ng ko‘p mish-mishlar tarqadi, ijtimoiy tarmoqlarda meni haqorat qilishdi. Bu faoliyatimdagi eng og‘ir damlar bo‘lsa-da, sukut saqlashni lozim topdim, zero klubda muammolar paydo bo‘lishini xohlamasdim.
Tasavvur qiling, o‘sha paytlarda menga, bir necha oy o‘tib «Siti»ga qarshi YeChL finalida asosiy tarkibda bo‘lasan, deyishganda qanday ahvolga tushardim? Ammo agar och bo‘lsang, imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q.
Yo‘qotadigan hech narsasi qolmagan odamdan xavflisi yo‘q. Tuxel kelib, menga imkoniyat taqdim etganida, boshqatdan dunyoga kelgandek bo‘ldim. Aslida u juda ko‘p boshqa murabbiylar ham o‘rganishi kerak bo‘lgan ishni qildi – men bilan taktika, rejalar haqida gaplashmaydi, shunchaki so‘radi: «Toni, o‘zing haqingda gapirib ber...»
U mendagi agressiya va tashnalik qayerdan paydo bo‘lgani bilan qiziqdi, men esa, Berlin-Noykelndagi bolaligim, beton maydonlarda qanday shug‘ullanganim, hatto o‘sha paytlarda «Rembo» laqabini orttirib olganim haqida aytib berdim. U menga imkoniyat berganida, ishtiyoqim shu qadar yuqori ediki, boshqa hech qachon zaxira o‘rindig‘iga qaytmadim. Men haqimda nima deyishsa ham, bu klub uchun borimni berishim lozimligini anglab yetgandim.
Yarimfinalda «Real»ga duch kelganimizda, bizga ishonishmadi. Hamma hali yosh ekanimizni aytardi. Raqib esa Madrid. Imkoniyat yo‘q. Ammo biz ayniqsa, «Stemford Brij»dagi o‘yinda juda kuchli o‘ynadik. Haqiqiy oiladek. Yakuniy hisob 3:1 bo‘ldi, lekin bemalol 5-1 ham bo‘lishi mumkin edi. Men uchun Chempionlar ligasi finaliga yetib kelish, ayniqsa boshimdan kechirganlarim, muxlislarsiz kechgan mavsum, pandemiya davri, hammasidan so‘ng haqiqiy mo‘jiza edi. Vau!
Esimda, final oldidan Portudagi mehmonxonada men, N’Golo, Zuma va Ziyosh namoz o‘qigani bordik. Odatda, ibodatdan so‘ng biz biroz o‘tirib, chaqchaqlashamiz. Ammo bu safar hammaning diqqati jamlangan, sokin edik. Bir-birimizga «Inshaalloh, ertaga biz chempion bo‘lamiz», dedik va xayrli tun tilab tarqaldik. Xonamga kelganimda, telefonimga do‘stimdan xabar kelgandi. Video ekan. Ochsam, kutilmaganda, yaqin do‘stlarimdan, oila a’zolarimdan lavhalar – ular ertangi o‘yinga omad tilashayotgandi. Darhol butkul xotirjam bo‘ldim. Bosim qayergadir g‘oyib bo‘lgandi. Bu video menga juda muhim narsani eslatgandi. Men tug‘ilgan joylarda bosimning futbolga aloqasi yo‘q.
Haqiqiy bosim – ertaga nima yeyishingni bilmaslik. Har doim biror muhim o‘yin oldidan o‘zimda qandaydir kichik bosim his qilsam, bolaligimdagi bir voqeani eslayman va xotirjam tortaman.
Fuqarolar urushi tugagach, Serra-Leonega ilk bor ota-onam bilan qaytganimda, taksida aeroportdan chiqishda tirbandlikka duch keldik. Mashina oynalaridan butun ocharchilik va qashshoqlikni ko‘rib turardim. Erkaklar, ayollar, bolalar meva, suv, kiyim va boshqa narsalarni aeroportdan chiqqan odamlarga sotishga urinishardi. Ana shundagina men nega ota-onam Berlinda yashagan rayonimizni «getto» deb atamasliklarini tushunib yetdim. Ular doim u yerni «yerdagi jannat» deyishardi. Serra-Leonega kelibgina ular uchun haqiqiy qiyinchilik nima ekanini angladim.
Bir bola mashina oynasini chertib, non sotib olishimizni so‘radi. Ko‘rinishi juda bechorahol edi. Rad qildik. Keyingi bola yanayam qat’iyroq edi, qo‘lidagi nonni rosa maqtay boshladi. «Rahmat, kerak emas», – dedik biz.
Keyin mashina oldiga uchinchi bola keldi va deyarli yalina boshladi. Qo‘lidagi non shaharda eng yaxshisi ekanini aytar va uni sotib olishimizni o‘tinib so‘rardi.
Futbolda qanaqadir bosim, qiyinchilikka duch kelganimda o‘sha sahna yodimga tushadi. Haqiqat shundaki, uchala bolakay ham bir xil nonni ayni novvoyxonadan olib kelib, ayni mashinalarga sotishga urinishardi. Faqat ulardan birining uyidagi stolda bir tarelka ovqat bor. Qolgan ikkisinikida esa balki shuyam yo‘q.
Mana bu haqiqiy bosim. Mana bu haqiqiy hayot.
Shuning uchun, rostini aytsam, Chempionlar ligasi finali oldidan men yosh boladek uxladim, ertalab esa g‘oliblardek uyg‘ondim. Ortimda butun oilam, stolimda esa ovqat, yutqazishga haqqim yo‘q.
O‘yin juda chiroyli o‘tdi. Juda kuchli bo‘lgan «Manchester Siti»ga qarshi butun oila bo‘lib himoyalandik, qarshi hujumlar uyushtirdik. Final hushtagi yangraganda, tentakka o‘xshab yugurib ketdim. Tuxel esa oldimga kelib, qattiq quchib oldi. Bu men uchun juda ahamiyat kasb etardi, zero yolg‘iz qolganimda, aynan u menga imkoniyat tuhfa etgandi.
Kiyim almashtirish xonasiga kirganimizda, yigitlar shampan vinosi bilan bayramni boshlab yuborishdi. Islom diniga e’tiqod qiluvchi ba’zi futbolchilar shuning uchun vannaga kirib, o‘zimizni bosishga harakat qildik. Kante, men, Ziyosh va Zuma vannaxonaga qulflanib olib, bo‘ynimizga ilingan oltin medallarga tikilar va bir-birimizga qarab bosh silkitardik.
Kantening og‘zi qulog‘ida edi.
«Qoyil-ye, biz buni uddaladik», – dedi u va kulib yubordi.
U kulganida siz beg‘ubor quvonchni his qilmay qolmaysiz. To‘rtovlon xuddi yosh bolalardek qiqirlab kula boshladik. Bu onni hech qachon unutmayman.
Axir qarang, hayotimda hamma narsani ko‘rdim: qashshoqlik, diskriminatsiya, qo‘pollik, shubhalar, tanqidlar, haqoratlar. Tarkibdan butunlay chetda qolish bilan Chempionlar ligasidagi g‘alaba orasi atigi bir necha oy. Qayerlarda tug‘ilganimni e’tiborga olsak, men uchun bu yanayam kattaroq g‘alaba. Lekin boshqa tarafdan, tarkibimizga qarang, mendaylar juda ko‘p. Yigitlar ichida aynan shu taqdirdan kelganlar yetarlicha topiladi. Va biz chempionmiz.
Klubni tark etishim og‘ir bo‘lyapti. Men uchun «Chelsi» butun hayotimga aylangandi. Hatto juda qiyinchilikda o‘tgan oxirgi mavsumda ham iliq xotiralar ko‘p. Axir bu futbol. Biz shundoq ham bepul o‘ynashimiz mumkin bo‘lgan o‘yinning ichida yashayapmiz. Qanaqadir moliyaviy cheklovlar, ba’zi o‘yinlarga avtobus yoki kichikroq samolyotda borish kerakligini aytishganda, kulgi bilan qabul qilardik: ehhe, avtobus, kichikroq samolyot deysizlarmi? Bu qanaqasi-ya? Nimalar bo‘lyapti?
Qo‘ysanglar-chi! Qayerlarda ulg‘ayganimni bilasizlar-ku, to‘g‘rimi? U yerlarda kichik samolyotda faqat boylar uchadi, Manchestergacha avtobus mazza bo‘lardi judayam...
Afsuski, yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralarimiz qiyinlashib ketdi. Pul o‘z yo‘liga, ammo avgustdan yanvargacha hech qanday yangilik bo‘lmasa, vaziyat og‘irlashadi. Dastlabki taklifdan so‘ng, uzoq tanaffus bo‘ldi. Axir biz robot emasmiz, to‘g‘rimi? Kelajaging haqida ishonch bo‘lmay turib, uzoq vaqt kutish qiyin. Tabiiyki, sanksiyalarni oldindan bilish qiyin edi, ammo boshqa katta klublar ham qiziqish bildirishni boshlashganda, qaror qabul qilishim shart edi. Shu yerda to‘xtayman, chunki ishning biznes tarafidan boshqa, klub haqida birorta yomon so‘z ayta olmayman.
«Chelsi» doim qalbimda qoladi. London har doim mening uyim. Bu yerga bir o‘zim keldim, rafiqam va ikki shirin farzandim bilan tark etyapman. Bu yerda butun umrlik birodarimni topdim – Kovachich. Menda Angliya kubogi, Yevropa ligasi va Chempionlar ligasi sovrinlari bor. Albatta, umrimning oxirigacha yetadigan yuzlab shirin xotiralar.
2019 yil edi, «Etihad»da «Siti»ga 0:6 hisobida yutqazib qo‘ydik. Rostini aytsam, ular bizni deyarli o‘ldirib qo‘yishdi. Noqulay edi. O‘yin tugagach, stadionga tashrif buyurgan «Chelsi» ishqibozlari oldiga borib, uzr so‘ramoqchi bo‘ldik. Tabiiyki, hushtak chalishlarini kutgandim. Ammo ular o‘rnidan turib qarsak chalishardi. Eng yomon kunlarda ham bizning himoyachimiz edilar.
Qoyil.
Men qo‘llarimni ko‘tarib, uzr ishorasini qildim. Yaqinroq kelganimda, old qatordagi yigitlardan biri haqorat qila boshladi. Ko‘zimga tik qarab turgandi. Bilasizmi, men ko‘p haqorat eshitganman, lekin bunisi boshqacha ta’sir qildi. Shaxsiyatga o‘ta boshlagandi. Men unga «agar gaping bo‘lsa, pastga tush, gaplashamiz», dedim.
Tabiiyki, u bir qadam ham oldinga tashlamadi. Ammo baqirishdan to‘xtadi. Qizig‘i, uning atrofida turgan ishqibozlar tanbeh bera boshlashdi: «Ey, nima qilyapsan? U kechirim so‘rash uchun oldimizga keldi. Senga nima bo‘ldi?»
Muxlislar ismimni aytib hayqira boshlashdi – «Rudi! Rudi! Rudi!»
Dahshat. Biz olti-yu nolga yutqazdik, ular esa, nafratga qarshi bizni himoya qilishardi. Men buni unuta olmayman. Hech qachon.
Albatta, futbol olamida nafrat ko‘p. Bu fakt. Bundan badtarlarini ham ko‘rganman. Ammo quvonch ko‘proq. «Chelsi»da men har ikki chegaraga borib keldim. Ha, haqoratlarni eshitdim. Ammo muhabbatni ham his qildim.
Oxiridagi yorug‘lik zulmatdan kuchliroq edi.
Shuning uchun ham «Chelsi»dan minnatdorman.
Rahmat!»
Antonio Ryudiger
ThePlayersTribune
Mavzuga oid
11:12 / 19.12.2024
«Real»da yangi sovrin, «Arsenal»ga hakamlar yordam berdi, Shomurodov gol urdi
12:23 / 15.12.2024
«Liverpul» ochko yo‘qotdi, «Real» uchta gol o‘tkazdi. Kun o‘yinlari
10:10 / 11.12.2024
Mbappe gol urdi va jarohat oldi, ammo «Real» bir amalladi. YeChLda kun o‘yinlari
10:38 / 09.12.2024