O‘zbekiston | 14:41 / 22.06.2022
15147
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimligi liftlardagi «buzg‘unchilar» zararni qoplashi va jarima to‘lashini ma’lum qildi

Toshkent shahar hokimligi poytaxtdagi ko‘p qavatli uylarga o‘rnatilgan yangi liftlarda sodir bo‘layotgan tartibsizlik videolarini e’lon qilib, ularni buzg‘unchilikdan boshqacha izohlab bo‘lmasligini ta’kidladi. Shuningdek, zararni qoplash uchun kimdan qancha undirilishi ma’lum qilindi.

Liftda o‘rnatilgan kuzatuv kameralaridagi videoyozuvlar Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Sergeli, Chilonzor, Shayxontohur, Bektemir, Olmazor va Uchtepa tumanlaridagi ko‘p qavatli xonadonlardan olingani aytilmoqda.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, 2016-2021-yillarda Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarga 206,8 milliard so‘mlik 1200 dan ortiq yangi liftlar o‘rnatilgan. 2022 yilda 130,2 milliard so‘m hisobiga yana 548 ta yangi lift o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

«Bitta lift qurilmasining devor panellari – 4,2 million so‘m, lift ichidagi tugmali panel – 3 million so‘m, liftning eshik mexanizmi esa – 3,6 million so‘m turadi. Bu qurilmalarning bir qismi xolos. Har bir yangi liftda o‘rnatilgan kuzatuv kameralar orqali qoidabuzarlarning shaxsi aniqlanadi va unga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi», – deyiladi Toshkent shahar hokimligi bayonotida.

Hokimlik agar huquqbuzar 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, jarima majburiy tartibda ota-onasiga yuklatilishini bildirdi.

Bundan tashqari, tartibbuzarlik qilgan shaxslar jarima to‘lashdan tashqari, liftlarga yetkazilgan zararni ham qoplab berishi haqida ogohlantirildi. Xususan:

  • Lift ichidagi tugmali panelni buzganlar – 3 million so‘m + jarima;
  • Lift eshigini buzganlar – 1,4 million so‘m + jarima;
  • Lift chaqiruv tugmasini buzganlar – 960 ming so‘m + jarima summasini to‘lashlari kerak bo‘ladi.

Toshkent shahar hokimligi hammani liftlardan samarali va tartibli foydalanishga chaqirib, kuzatuv kameralari yozuvlari alohida nazoratga olinganini ta’kidladi.

Mavzuga oid