Jahon | 08:18 / 27.06.2022
17141
4 daqiqa o‘qiladi

G7 rivojlanayotgan mamlakatlarga 600 mlrd dollar sarmoya kiritmoqchi

Besh yillik dastur qashshoq mamlakatlardagi infratuzilma loyihalariga yuz milliardlab sarmoyalarni o‘z ichiga oladi va Xitoydagi shunga o‘xshash loyihaga javob bo‘lishi mo‘ljallangan.

Foto: AFP

«Katta yettilik» (G7) mamlakatlari yetakchilari sammit birinchi kunida Xitoyning kuchayib borayotgan ta’siriga qarshi turish maqsadida rivojlanayotgan mamlakatlar uchun umumiy qiymati 600 milliard dollar bo‘lgan besh yillik sarmoya dasturi boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda Oq uyning 26 iyun, yakshanba kuni e’lon qilingan xabarida aytiladi.

G7 mamlakatlari yetakchilari tomonidan ishlab chiqilgan «Global infratuzilma va sarmoya uchun hamkorlik» deb nomlangan dastur 2027 yilgacha amalga oshirilishi kerak. Uning maqsadi qashshoq mamlakatlarda «yuqori sifatli va barqaror infratuzilma»ni yaratishdir. «Ochig‘ini aytmoqchiman. Bu yordam yoki xayriya emas. Bu hamma uchun foydali bo‘lgan sarmoyadir», dedi AQSh prezidenti Jo Bayden. U dastur qabul qiluvchi mamlakatlarga «demokratik davlatlar bilan hamkorlik qilishning aniq afzalliklarini ko‘rishga» imkon berishini qo‘shimcha qildi. 

AQSh zarur xarajatlarning uchdan bir qismi - 200 milliard dollarni o‘z zimmasiga olishga va’da berdi. Pul federal fondlar, grantlar va xususiy investitsiyalar hisobidan ajratilishi rejalashtirilgan. Taxminan 300 milliard dollar sarmoya YeI mamlakatlariga to‘g‘ri kelishi kerak, dedi Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen.

Eng muhim loyihalar orasida Bayden Angolada quyosh energetikasini rivojlantirish uchun 2 milliard dollar va vaksinalar ishlab chiqaruvchi Afrikadagi Paster institutiga yordamni alohida ta’kidladi. Janubi-Sharqiy Osiyodan Yaqin Sharq orqali Yevropaga suvosti telekommunikatsiya kabelini qurish uchun 600 million dollarlik shartnoma imzolangan. 17 ming kilometrlik kabel Singapurni Fransiya bilan bog‘laydi va mintaqalar mamlakatlarini yuqori tezlikdagi va ishonchli aloqa bilan ta’minlaydi, deyiladi Oq uy bayonotida. 

Kot-d'Ivuarda 100 dan ortiq shifoxona va klinikalar qurish uchun yana 320 million dollar ajratilgan. Iqlim o‘zgarishi, global sog‘liqni saqlash va raqamli infratuzilma sohalariga boshqa investitsiyalar rejalashtirilgan. 

«Katta yettilik» davlatlarining sarmoyaviy dasturi Xitoyning 2013 yilda boshlangan xuddi shunday «Bir kamar, bir yo‘l» loyihasiga javob bo‘lishi kerak. Uning bir qismi sifatida Xitoy, birinchi navbatda, Osiyo va Afrikada turli infratuzilma loyihalarini moliyalashtirdi.

AFP agentligi ta’kidlashicha, dastur faol tanqid qilindi va Xitoyni qabul qiluvchi mamlakatlar emas, balki faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlaganlikda ayblashdi. XXR resurslardan foydalanishga va o‘z savdo yo‘llari xavfsizligini ta’minlashga intildi, deb yozadi agentlik.

Qabul qiluvchi mamlakatlarning aksariyati «hozirda o‘zlarining katta qarzdor ekanliklarini, ularning iqtisodiy o‘sishi sezilarli darajada oshmaganini va investitsiya deb atalgan narsalar aholiga yetib bormaganini anglab yetdi», — deya agentlik AQShning yuqori martabali mulozimlaridan iqtibos keltirgan. AFP suhbatdoshiga ko‘ra, «katta yettilik» davlatlari hali bunga qarshi tura oladi, G7 tashabbusining diqqat markazida esa Afrika davlatlari bo‘lishi kerak. 

Mavzuga oid