O‘zbekiston | 19:02 / 30.06.2022
28081
2 daqiqa o‘qiladi

Qurbon hayiti 9 iyulga to‘g‘ri kelmoqda 

Bayram sanasi rasman tasdiqlansa, o‘zbekistonliklar uchun 9-12 iyul – 4 kun dam olish bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

Bugun, milodiy 30 iyun – hijriy Zulhijja oyining 1-kunidir, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Musulmonlari idorasi.

Bu shuni anglatadiki, Zulhijja oyining 10-kunida nishonlanadigan Qurbon hayiti 9 iyulga to‘g‘ri keladi.

“Shu munosabat bilan Saudiya Arabistonida haj ibodatini ado etayotgan ziyoratchilar 2022 yil 8 iyul, arafa kuni Arafot tog‘ida jam bo‘ladilar. O‘sha kunda hajda bo‘lmaganlarning ro‘za tutishi sunnat: u bir yil oldingi va keyingi (kichik) gunohlarga kaforat bo‘ladi”, deyiladi O‘zMI Fatvo markazi xabarida.

O‘zbekistonda Qurbon hayiti 9 iyulda nishonlanishi prezident qarori bilan rasman e’lon qilinsa, dam olish kunlari ketma-ket 4 kunni tashkil etadi.

Shu tariqa, O‘zbekiston aholisi Qurbon hayitida quyidagi kunlarda dam oladi:

  • 9 iyul – shanba, hayit bayrami (hali tasdiqlanmagan);
  • 10 iyul – yakshanba;
  • 11 iyul – dushanba, barcha uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
  • 12 iyul – seshanba: haftasiga 6 kun ishlaydiganlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni, haftasiga 5 kun ishlaydiganlar uchun 16 iyul – shanbadan ko‘chirilgan dam olish kuni.

Mavzuga oid