Jamiyat | 15:30 / 30.06.2022
22812
3 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Qudbiyev yosh soliqchilar bilan uchrashuvda DSQda ishlash istagini bildirgan qizni ishga oldi

“Men tizimda xotin-qizlarning ko‘proq bo‘lishi tarafdoriman. Agar sizning shunday niyatingiz bo‘lsa, bajonidil, sizni bugunoq ishga olamiz. Tabriklayman, siz ertadan qo‘mitada ish boshlashingiz mumkin”, dedi Yoshlar kunida yosh soliqchilar bilan uchrashgan DSQ raisi.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Fiskal institutda soliq tizimida faoliyat olib borayotgan yosh xodimlar hamda institutda tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashdi.

Uchrashuv samimiy, do‘stona ruhda boshlandi. Tadbirda DSQ raisi o‘zining yoshligi, talabalik davri haqida gapirib, yigit-qizlarga o‘qish, o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqni aslo so‘ndirmaslik lozimligini, barcha muvaffaqiyatlar zamirida mehnat yotishini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, uchrashuvga tizimdagi yosh xodimlarning rahbari, institut rektori sifatida emas, balki yoshlar bilan aka-uka, aka-singil singari oldindan belgilangan ssenariylardan chekingan holda, dildan suhbat qilish uchun kelganini aytib, yoshlarni erkin suhbatga chorladi.

Yoshlar o‘zini qiziqtirgan savollar bilan birga, takliflarini ham bildirdi. Ayniqsa, davlat soliq xizmati organlarida “Oy xodimi” nominatsiyasini amaliyotga tatbiq etish, “Zakovat” intellektual o‘yinining DSQ raisi kubogi” turnirini an’anaviy shaklda o‘tkazish, xotin-qizlarni rahbar lavozimlariga tayinlash, stol tennisi bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazish kabi yana ko‘plab taklif va mulohazalar ishtirokchilarning olqishiga sazovor bo‘ldi.

Uchrashuv davomida tizimdagi samarali faoliyati uchun yosh xodimlar hamda fan olimpiadalaridagi yuqori natijalari uchun Fiskal institut talabalaridan iborat bir guruh yoshlar taqdirlandi.

Yoshlar bilan uchrashuv yakunida Jizzax viloyati Davlat soliq boshqarmasi xodimi Diyora Rahmatova kunning birinchi yarmida hududiy inspeksiyalardan kelgan 30 ga yaqin yoshlar qatorida Davlat soliq qo‘mitasi faoliyati bilan yaqindan tanishganini, Qo‘mitada yaratilgan ish sharoitlari, axborot texnologiyalarining tizimga keng tatbiq etilganini ko‘rib, juda havas qilganini, imkon berilsa, Qo‘mitada ishlash niyati borligini bildirdi.

DSQ raisi Sherzod Kudbiyev uni Qo‘mitaga ishga oldi:

— Men tizimda xotin-qizlarning ko‘proq bo‘lishi tarafdoriman. Agar sizning shunday niyatingiz bo‘lsa, bajonidil, sizni bugunoq ishga olamiz. Tabriklayman, siz ertadan qo‘mitada ish boshlashingiz mumkin.

Yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar haqida balandparvoz gaplarsiz, samimiy va albatta, yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlarga boy o‘tgan uchrashuv yosh soliqchilar hayotida unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi.

Tadbirdan so‘ng DSQ raisi Fiskal institutida talabalarning sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi.

Y3HdHzhwdPf4e3HXWHsf7a5ogWrppWkd.jpg (1280×853)

DSQ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid