O‘zbekiston | 23:50 / 02.07.2022
20609
2 daqiqa o‘qiladi

“Qiyin paytda prezidentning o‘zi kelishi bizga ishonch berdi” - Nukusda vaziyat yaxshi tomonga o‘zgargani aytildi

Qoraqalpog‘iston kasaba uyushmalari birlashmasi raisi Ulug‘bek Jalmenovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, prezidentning qoraqalpoq xalqiga murojaatidan keyin Nukusdagi tartibsizliklar to‘xtagan.

“Bugun prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahriga keldi. Faollar bilan uchrashib yuz bergan holat bo‘yicha fikr almashdi. Shu o‘rinda Konstitutsiyaning 70-75 moddalari bilan bog‘liq o‘zgarishlarning kiritilishi noto‘g‘ri talqin qilinishi oqibatida xalq orasida tushunmovchiliklar yuzaga kelib chiqqan, to‘liq tushunmasdan turib namoyish uyushtirilgan va odamlar ko‘chaga chiqib ketib, shaharda vaziyat ancha keskinlashgan edi. Prezidentimiz kelib, uchrashib, holatni o‘rganib, o‘z fikrini bildirdi.

Shu o‘rinda davlat rahbarining bir fikrlarini aytib o‘tishim kerak: “Men o‘zimni qoraqalpoq farzandi ham deb bilaman. Ikki tug‘ishgan xalqning birgalikda rivojlanishi uchun harakat qilamiz. Bu o‘zgarishlar hali loyiha sifatida turibdi xolos. Kiritilayotgan o‘zgarishlarni qaytadan ko‘rib chiqamiz. Barchasi ijobiy hal etiladi” dedi. Bu yuzlashuv xalq tomonidan juda yaxshi kutib olindi”, deydi Ulug‘bek Jalmenov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Nukusda vaziyat yaxshi tomonga o‘zgargan, namoyishchilar tarqalmoqda.

“Bunday og‘ir vaziyatda prezidentimizning hamma ishni tashlab shaxsan o‘zi kelishi, odamlar bilan uchrashishi biz uchun katta e’tibor bo‘ldi. Hozir hammasi o‘z o‘rniga tushmoqda.

Bir narsani ta’kidlashim kerak, Mirziyoyevning o‘zi kelganini aholi cheksiz g‘amxo‘rlik sifatida qabul qildi, ularga katta ishonch berdi. Biz o‘zbek xalqi bilan bir millatmiz. Maqsadimiz – ikki xalqning birga rivojlanishidir”, dedi Ulug‘bek Jalmenov.

Mavzuga oid