Jamiyat | 20:40 / 03.07.2022
69604
3 daqiqa o‘qiladi

Ura deganga qo‘shilib ketaverish qahramonlik emas

Foto: MAKAN.UZ telegram-kanali

Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar barchani birdek qayg‘uga soldi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan feyk xabarlarni odamlar haqiqat sifatida qabul qilishi xavotirni yanada oshirdi. Aslida, bu voqealar ortida bir guruh g‘alamislar turganiga yetarlicha dalillar bor edi.

Tekshirib ko‘rilmagan axborotga ishonish va unga ko‘r-ko‘rona ergashish doim halokatli bo‘lgan. Nukusdagi voqealarni «olovlantirish»da ana shunday yolg‘on axborotlar «maydonga tashlandi». Buning ortida ma’lum bir guruh ishlaganini esa kimdir sezdi, kimdir sezmadi.

Masalan, ijtimoiy tarmoqlarning birida Qoraqalpog‘istonning pul birligi e’lon qilindi. Buni kim yasadi, qachon yasashga ulgurdi, degan savol hech kimni o‘ylantirmadi. Yoki o‘sha guruhda tarqatilgan videoda Qoraqalpog‘istonning yangi madhiyasini ham uchratish mumkin. Bunday g‘oyalar bir kunda va oddiy xalqda tug‘ilmasligi, alohida tayyorgarlik va vaqt talab qilishi barchaga ma’lum. Bu barchasiga oldindan tayyorgarlik ko‘rilganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ikki millat orasiga sovuqchilik tushirish maqsadida tinmay millatchilik ruhidagi qarama-qarshi fikrlar yozildi. Ushbu fikrlarni yozayotganlarning aksariyati noaniq profilda, kimligi noma’lum. Facebook va Telegram tarmoqlaridagi shunaqa provokatsion fikrlar taqqoslab ko‘rilsa, ma’no-mazmuni va so‘z ishlatishidan ularni ma’lum bir guruh yozayotganini tushunish mumkin edi. Ya’ni o‘zbekchasini ham, qoraqalpoqchasini ham. Bu oddiy odamlarni ushbu girdobga tortish va ularda millatchilik ruhini uyg‘otish uchun qilingan xiyla ekanini ko‘pchilik sezmadi. Oqibatda, bu girdobga tushib qolganlar ham bo‘ldi.

Prezident Qoraqalpog‘istonga yetib bordi, xalq bilan uchrashdi, ularning talabi bajarildi. Ammo ko‘chada to‘planishlar davom etdi, tinchlikni saqlash uchun borgan harbiylarga hujum qilish holatlari uchradi. Bu jihat ham ko‘p narsani «gapiradi» aslida. Ayni vaqtga kelib, ahvol yaxshilandi, vaziyat to‘liq nazoratga olingan.

Tekshirilmagan axborotlarda goh yashirin, goh oshkora undovlar hamon davom etayotgan bo‘lishi mumkin. Atrofdagi xabarlar to‘g‘ri tahlil qilinmas, uning ortida nima va kimlar turgani tushunilmas ekan, xavf saqlanib qolaveradi. Ura, deganga qo‘shilib ketaverish qahramonlik emas.

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid