O‘zbekiston | 12:40 / 04.07.2022
29116
2 daqiqa o‘qiladi

Nukusdagi tartibsizliklarda qatnashganlikda gumonlanib, 500 dan ortiq kishi qo‘lga olindi

Surishtiruv davomida ma’muriy choralar qo‘llanilgan ayrim fuqarolar qo‘yib yuborilayotgani ta’kidlandi.

Foto: AOKA

1-2 iyul kunlari tartibsizliklarda qatnashgani uchun voqea joylarda ushlangan 516 nafar fuqaro IIBga topshirildi. Bu haqda dushanba kuni Milliy gvardiya axborot xizmati rahbari Davron Jumanazarov ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, ular bilan surishtiruv ishlari olib borilyapti, surishtiruv natijasiga ko‘ra ayrimlari ma’muriy chora qo‘llanganidan so‘ng qo‘yib yuborilyapti.

Komendantlik tartibini buzgani uchun 110 nafar fuqaro ichki ishlar idoralariga topshirilgan. 12 ta avtotransport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Xususan, Nukus shahrida patrullik xizmati davomida komendantlik soatiga rioya qilmagan 58 nafar shaxs ushlangan. Shundan 28 nafar shaxsga nisbatan MJtKning 204-moddasi (favqulodda holat tartibi talablarini buzish) bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Qolganlar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, soat 7:00 dan keyin qo‘yib yuborilgan.

Qoraqalpog‘istondagi vaziyat bo‘yicha har kuni rasmiy ma’lumotlar berib borilishi ma’lum qilingan.

Qoraqalpog‘iston aholisidan vaqtincha o‘rnatilgan favqulodda holat rejimi talablariga rioya qilish, belgilangan komendantlik soatlari vaqtida ko‘chaga chiqmaslik so‘ralgan.

Mavzuga oid