O‘zbekiston | 16:31 / 04.07.2022
17045
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hududiy yaxlitligi va millatlar o‘rtasidagi birdamlik savol ostida qolmasligi shart

Kim aslida kimligini ko‘rsatib qo‘ygan Qoraqalpog‘iston voqealari hali ko‘p tahlil qilinadi. Lekin bu ham O‘zbekiston uchun bir sinov bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

Qurolsiz murosa

Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan tartibsizliklar qisqa muddat davom etgan bo‘lsa-da ho‘l-u quruq baravar yonib ketdi va vaziyat davlat rahbarining bevosita aralashuvi bilangina izga tushirildi. Albatta, bu masalada qat’iyat suv va havodek zarur edi, yo‘qsa notinchlik quloch yoyib ketishi yaqqol ko‘rinib turgandi. Shunday bo‘lsa-da, ommaviy qurol ishlatishga yo‘l qo‘yilmadi, O‘zbekiston tarixida qirg‘in aks etgan sahifa paydo bo‘lishining oldi olindi. Ya’ni jahl o‘rniga bosiqlik, shoshqaloqlik o‘rniga sog‘lom fikr, ziddiyat o‘rniga muloqot tanlandi.

Shubhasiz, O‘zbekiston o‘z salohiyati bilan, boshqa «xayrixoh»larning ko‘magi va «oltinga teng» maslahatlarisiz bu muammoni hal qilishga qodir davlat va shunday bo‘lib qoladi. Bugun jilovlangan vaziyat ertaga hammasi avvalgidek bo‘lishiga xizmat qiladi.

Muammo ildizi

Qoraqalpog‘iston murakkab hudud ekanligi, aholining turmush darajasi nisbatan pastligi, ekologiya, ishsizlik kabi muammolar depressiv kayfiyat tug‘dirganiga uzoq vaqt ko‘z yumib kelingandi. Yaqin tariximizda televideniye Qoraqalpog‘iston deganda rangdor liboslarda milliy raqsga tushayotganlar, turli festivallar, Orolni qutqarishga oid balandparvoz tadbirlarni namoyish qildi. Mukofotlar, orden-medallar ulashilganda norasmiy limitga ko‘ra Qoraqalpog‘iston ulushi ajratib kelindi, ammo ularni jilmayib qabul qilib olganlar mamnuniyati changli havodan tirishgan yuzlarda aks etmadi.

Ayollar, bolalar sog‘ligi ortga ketdi, aksariyat erkaklar ichkilikdan panoh izlashdi, iqtidorli yoshlar o‘z taqdirini hudud bilan bog‘lamay qo‘yishdi. Ishlab chiqarish degan tushuncha faqat tabiiy boyliklarni qazib olish va sotish deb tushunildi, hududiy birlik dotatsiyadan chiqolmay qoldi.

Yechim qayerda?

So‘nggi yillarda bu muammolarning borligi, vaqt va imkoniyat boy berilgani tan olinganligi o‘ziga xos dastlabki yutuq bo‘ldi. Prezident Qoraqalpog‘istonga boshqa hududlarga nisbatan ko‘proq bordi, eng uzoq tumanlarigacha kezishga erinmadi, ichki qarshiliklarga qaramay ajratilgan mablag‘ miqdorini karrasiga oshirdi.

Qoraqalpog‘istonning har bir shahar va tumani rivojlanishiga ko‘mak maqsadida yetakchi viloyatlarga biriktirib berildi. Jumladan, Nukus Toshkentga, Mo‘ynoq Toshkent viloyatiga, Kegeyli Andijonga. Bu qator loyihalarning amalga oshishi bilan birga hududlararo aloqalarni yaxshiladi, birdamlikka xizmat qildi.

Qoraqalpog‘istonda yangi tumanlar tashkil qilindi, ularning infratuzilmasi yaratildi. Bu harakatlar o‘z mevasini berishi uchun vaqt, barchaning hamjihatligi, vijdonan ishlashi talab qilinardi. Ya’ni faqat sabr va harakat bilangina maqsadga erishiladi, betoqatlik va to‘polon bilan emas.

«Mayli, indama uyiga ham olib ketsin!»

Davlat rahbari qoraqalpog‘istonliklar bilan gaplashganda boshqacha xursand bo‘lib ketishiga misollar juda ko‘p. Shavkat Mirziyoyev ikkinchi muddatga prezidentlik saylov kampaniyasidagi uchrashuvlarni ham Qoraqalpog‘istondan boshlagan. Unda besh yillik doirasida hudud uchun juda katta mablag‘ ajratilishi e’lon qilingan. Dasturda ko‘pchilik uchun yangilik bo‘lgan bir band bor edi va u ham aynan Qoraqalpog‘istondan boshlangan. Bu boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga bepul tushlik berilishi edi.

Prezident bu reja yo‘lga qo‘yilganidan keyin, navbatdagi tashrifida mutasaddilardan so‘radi:

– Bepul tushlik hamma bolalarga yetkazilyapti, muammo yo‘qmi?

– Yo‘q, hamma bolalarni qamrab oldik, ota-onalar rahmat aytishyapti. Hatto bolalarini kuzatib kelgan ayrim ota-onalar uylariga ham olib ketishyapti.

Ko‘pchilik shu paytda davlat rahbaridan bu yeguliklar birinchi navbatda bolalarga atalgani va faqat ularga berilishi kerakligiga oid gap kutgandi. Prezident aksincha bu javobdan kulib yubordi va shunday dedi:

– Mayli, havas qilgan bo‘lsa indamanglar, olib ketib yesin ota-onalar ham. Ularning ham sog‘ligi kerak menga.

Yana bir tashrifda davlat rahbari Mo‘ynoq tumanining budjeti qanday shakllantirilishiga oid ma’lumotlar bilan qiziqdi. Shunda mas’ullar tuman o‘z xarajatlarining o‘ndan birini ham qoplay olmasligi, dotatsiyada ekanligini bildirishdi. Shavkat Mirziyoyev yana ko‘pchilik kutmagan javobni bergandi:

– Mo‘ynoqqa rejalashtirgan loyihalarimizning birortasi amalga oshmay qolmasligi kerak. Qancha pul kerak bo‘lsa topib beraman. Muhimi, shu yerda yashovchi xalqimiz og‘iri yengil bo‘lsa bas.

Xuddi shunday fikrlar Bo‘zatov, Qorao‘zak tumanlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga oid tadbirlarda ham bildirilgan, ya’ni Qoraqalpog‘iston bugungi kunda e’tibordan chetda qolmagandi.

Kelajak

Ziddiyat tarixga muhrlandi, albatta u tezda unutilib ketmaydi. Hozir eng muhimi tinchlik, o‘sha olomonni Qoraqalpog‘iston xalqi deya qabul qilmaslik, milliy adovatning har qanday shaklini jilovlash, boshqalarni qoraqalpoq millatiga qarshi qayramaslik va O‘zbekiston hududiy yaxlitligini savol ostida qoldirmaslik. Albatta, O‘zbekiston umumiy uyimiz va unda nafaqat o‘zbeklar va qoraqalpoqlar, balki boshqa millat vakillari ham tinch-totuv yashashi lozim.

Ijtimoiy tarmoqlarda kimlardir qoraqalpoqlarni qayerdandir kelib hududimizda panoh topgani, endi esa o‘zimizga qarshi chiqayotganiga oid argument bilan muammoni chuqurlashtirib yuboryapti. Aslida o‘zbek/qoraqalpoq deb ajratish, o‘zaro taqqoslash, birini biridan ustun qo‘yish yoki ayro ko‘rsatishning o‘zi jiddiy xato. Biz bir xalqmiz va shunday bo‘lib qolishi shart!

Abror Zohidov

Mavzuga oid