O‘zbekiston | 09:04 / 05.07.2022
2419
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishda 6 oyda 7 mingdan ortiq qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yilgan 

Qoidabuzar tashkilotlar ro‘yxatida «O‘ztransgaz» AJ va «O‘zsuvta’minot» AJ «yetakchilik» qilmoqda.

Navoiy viloyati adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Eldor Bahodirovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 2022 yilning 1 iyul holatiga viloyatda aholi va tadbirkorlarga 165 mingdan ortiq davlat xizmati ko‘rsatilgan. Shundan 7 075 ta holatda murojaatchilar huquqi buzilgan.

Xususan, “O‘ztransgaz” AJ 3 108 ta, “O‘zsuvta’minot” AJ 2 205 ta, soliq organlari 634 ta holatda qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan. Shuningdek, davlat kadastr idorasi 363 ta, qurilish va arxitektura tizimi 93 ta, tijorat banklari 71 ta, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limlari 225 ta hamda tuman hokimliklari 51 ta holatda murojaatlarga muddatida javob qaytarmagan yoki asossiz rad javobini berishgan.

Navoiy viloyat qurilish bosh boshqarmasi va uning tuman (shahar) bo‘limlari o‘rganilganida, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilishida 22 ta va obektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnoma berishda 19 ta holatda qonunbuzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

Ushbu holatlar yuzasidan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan vakolatli organlarga 48 ta taqdimnoma kiritilgan, 51 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka, 9 holatda esa javobgar shaxslar ma’muriy jarimaga tortilgan. 

Mavzuga oid