Jamiyat | 18:17 / 05.07.2022
75749
3 daqiqa o‘qiladi

Nukusdagi noqonuniy miting ishtirokchilariga psixotrop moddalar va pul tarqatilgani ko‘rsatilgan «vedomost» paydo bo‘ldi

Nukusning «Gone kala»sida topilgani aytilayotgan ro‘yxatda 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda yuz bergan tartibsizliklar faollariga psixotrop moddalar, pul va boshqa vositalar tarqatilgani haqida ma’lumotlar qayd etilgan.

«Qoraqalpog‘istonda mitingga boshlovchi qizil liderlarga ajratilgan pullar» deb nomlangan ro‘yxatda 28 kishining ism-sharifi keltiriladi. Jumladan, Yerimbeteva Maryashga 12 mln so‘m, Esmuratov Quat, Sagintayev Murat, Dauletmuratov Allayar, Nuranov Ziyavatdin, Seydabullayev Omirzak, Matchanova Janar, Bauyetdinov Tursinbay, Abdiramanov Aydos va boshqalarga 7 mln so‘mdan, Yesboskinov Sadiraddin, Baynazar Muhabbat, Kadirekov Sharapatdin, Abdimuratova Akkenjye, Nurmanov Ruslan, Begjanov Amanyaz, Abdimuratov Ruslan, Yelmuratov Ixlas, Adigamov Muxtor, Jumagulov Kushat va boshqalarga 4 mln so‘mdan berilgani qayd etilgan.

Miting faollariga tarqatilgan pullarning umumiy miqdori 111 mln so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, ushbu ro‘yxatda noqonuniy miting ishtirokchilariga 12 blok aroq, tromodol, zopiklon va boshqa nomdagi psixotrop tabletkalar, futbolka hamda suv tarqatilgani haqidagi ma’lumotlarni ko‘rish mumkin.

E’tiborli jihati, ro‘yxatda 16-o‘rinda zikr etilgan Berdiyev Arslon psixotrop moddani olishdan yoki boshqa biror topshiriqni bajarishdan bosh tortgan – ushbu shaxs ism-familiyasining to‘g‘risiga «Rad etdi, sotqin» deb yozib qo‘yilgan.

Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayev 4 iyul kungi videomurojaatida tartibsizliklar sodir bo‘lgan joyda turli jarohatlar olib, vafot etgan 14 kishidan 13 nafari alkogol va giyohvand moddalar ta’sirida bo‘lgani aniqlanganini ma’lum qilgandi.

Kun.uz Qoraqalpog‘iston voqealarini tergov qilish va tezkor-qidiruv tadbirlariga rahbarlik qilayotgan Bosh prokuratura axborot xizmati bilan bog‘lanib, internetda tarqalgan ro‘yxat va unda keltirilgan ma’lumotlar yuzasidan rasmiy ma’lumot so‘radi. O‘zbekiston bosh prokurori matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov bu haqda ma’lumotga ega bo‘lishi bilan uni OAV uchun taqdim etishini bildirdi.

Avvalroq internetda namoyishchilar orasida turgan qizil kiyimli noma’lum shaxslar aks etgan suratlar tarqalgan, ular olomon ichiga kiritilgan provokatorlar ekani va bir-birlarini tanishlari uchun ham bir xil kiyim kiyib olishgani, zarur paytda sodda insonlarning hissiyotlariga tegib, g‘alayon yuzaga keltirishgani taxmin qilingandi.

5 iyul kuni Nukusning «Gone kala»sida topilgan ro‘yxat ushbu taxminlarni tasdiqlayotgandek. Lekin hozircha rasmiylar bu borada hech qanday munosabat bildirmadi.

Mavzuga oid