«Yo‘qotishlarsiz chiqdik». Lisichanskning boy berilishi Donbass uchun jangda qanchalik ahamiyatli?
Ukraina armiyasi qurshovga tushib qolishdan qochish maqsadida Lisichanskni tark etgan va bu ish yo‘qotishlarsiz amalga oshirilgan. Bu haqda dushanba kuni Luhansk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gayday ma’lum qildi.
U Lisichansk uchun jangda mag‘lub bo‘linganini tan olgan, ammo hozirgi bosqichda qo‘shinlarni Ukraina G‘arbdan va’da qilingan qurollarni olishi bilan boshlanadigan bo‘lajak qarshi hujumlar uchun saqlab qolish muhimligini qayd etgan.
«Bizning harbiylar shaharni yana uzoq vaqt davomida tutib turishi mumkin edi, ammo hozirda Rossiya artilleriya va o‘q-dorilar borasida katta ustunlikka ega bo‘lib qolmoqda. Ular shunchaki uzoqdan turib shaharni yakson etishi mumkin, bunday holatda esa qolishdan ma’no yo‘q. Biz qurshovda, o‘qlar yomg‘iri ostida o‘tirishga majbur bo‘lardik. Shuning uchun barchani bir vaqtning o‘zida olib ketishga to‘g‘ri kelmasligi uchun qurshovga yo‘l qo‘ymaslikka qaror qildik. G‘arbroqdagi oldindan mustahkamlab qo‘yilgan pozitsiyalarga o‘tib, shu yerdan rus armiyasiga qarshi kurash davom ettirishga qaror qildik. Natijada barcha bo‘linmalar shahardan yo‘qotishlarsiz chiqdi», degan Sergey Gayday BBC uchun intervyusida.
Uning izohlashicha, Ukraina qurolli kuchlari Lisichansk uchun jang olib borayotgan vaqtda boshqa ukrain bo‘linmalari Donetsk oblastida yangi mudofaa chizig‘ida istehkomlar tayyorlashga muvaffaq bo‘lishgan, uning fikricha, endi bu chiziq rossiyalik harbiylarning navbatdagi nishoniga aylanadi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Lisichansk egallangach berilgan videomurojaatida Luhansk oblastidagi janglarda ishtirok etgan harbiylar «dam olishi va o‘z harbiy imkoniyatlarini oshirishi kerakligi»ni aytdi, shuningdek boshqa uchastkalardagi Rossiya qo‘shinlarini «oldindan ma’qullangan rejalar» bo‘yicha harakatlanishda davom ettirishga chaqirdi. «Umid qilamanki, ularning yo‘nalishlarida ham barchasi xuddi Luhansk yo‘nalishidagi kabi kechadi», degan prezident Putin.
Lisichanskning qulashi - Donbass uchun janglar yakuni emas
Jonatan Bil, BBC korrespondenti
Lisichansk Shimoliy Don daryosining o‘ng sohilida, Severodonetskka yondosh joylashgan shahar. Bu shahar biroz yuqoriroqdaligi uning tabiiy mudofaasida tabiiy istehkom vazifasini o‘tashiga umid qilingandi. Ammo uning atrofidagi halqa torayib bordi, shaharga kirish va shahardan chiqish yo‘llarining katta qismi Rossiya qo‘shinlari nazoratiga o‘tdi.
So‘nggi hafta davomida ayrim ukrain bo‘linmalari qo‘shni mudofaa chizig‘iga chekina boshladi.
Yakshanba kuni ukrain rasmiy shaxslari ushbu shahardagi vaziyat bo‘yicha noodatiy tarzda sukut saqlashdi. Buni qisman «operativ xavfsizlik» sifatida tushunish mumkin. Bunday taktik chekinish haqida ma’lumot - ommaga e’lon qilish uchun emas.
Lisichanskning boy berilishi, shubhasiz, sharqdagi yana bir muvaffaqiyatsizlik, ammo bu Donbass uchun jang yakuniga yetganini anglatmaydi. Ukraina hamon qo‘shni Donetsk oblastida katta shaharlarni egallab turibdi. Ukraina qurolli kuchlari Baxmut va Slovyansk oralig‘ida yangi mudofaa chizig‘i tashkil etishdi, lekin bu shaharlar ayni vaqtda rossiyaliklarning intensiv zarbalari ostida qolgan. Bu hududdagi janglarda ikki tomon ham og‘ir yo‘qotishlarga uchramoqda.
Endi asosiy masala shuki, Ukraina yurishlarni to‘xtatishga qodirmi va Rossiya hozirgi sur’atni saqlab qola oladimi?
Referendum nima haqda?
Bu vaqtda Ukraina bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov dushanba kuni Rossiya 11 sentabrda bosib olingan hududlarda referendum o‘tkazishga tayyorlanayotganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha referendumda qanday masala o‘rtaga tashlanishi ma’lum emas - ushbu hududlarning Rossiyaga qo‘shilishi masalasimi yoki kvazirespublikalar tuzilishi. Shuningdek, gap qaysi hududlar haqida ketayotgani ham oxirigacha aniq emas.
Avvalroq Rossiya Xerson oblastida referendum o‘tkazmoqchiligi haqida xabarlar tarqalgandi. Ukraina razvedkasi boshlig‘i yana qaysi hududda referendum kutilayotganiga aniqlik kiritmagan.
«Ular [Rossiya] qo‘shib olishga tayyorlanmoqda, ammo boshqa variantlar ham bor. Yangi «xalq respublikalari» tuzilishi, yana bitta yirik «xalq respublikasi» tuzilishi, butun hududlar Rossiya tarkibiga qo‘shib olinishi - bularning barchasi, Rossiyaga odat bo‘lgani kabi, so‘nggi kunda hal qilinadi», deya izohlagan Budanov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina janubida rossiyalik bosqinchilarga qarshi partizan harakati rivojlanmoqda, ammo bu nechog‘lik muvaffaqiyatli bo‘lishini oldindan aytish qiyin.
Budanov okkupatsiya rejimi aholini mushkul ahvolga solib qo‘yganini aytgan. Internet bloklangan, televizorda - faqat rossiyaliklar propagandasi ketmoqda.
Shu bilan birga razvedka rahbari referendumga tayyorgarlik ko‘rilayotgani u albatta o‘tkazilishini anglatmasligini qo‘shimcha qilgan.
Qator g‘arblik ekspertlar avgust oxiriga borib Ukraina frontning alohida uchastkalarida keng ko‘lamli qarshi hujumga o‘tishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.
«O‘z hududlarimizni qaytaramiz»
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yakshanba kuni kechqurungi murojaatida hozirgi bosqichda Rossiya shaharlarni birin-ketin yakson etish uchun yetarli miqdorda baravar o‘t ochish reaktiv tizimlariga egaligini aytgan, shu bilan birga, bosqinchilarning o‘t ochish borasidagi ustunligi abadiy davom etmasligini qayd etgandi.
Zelenskiy G‘arbdan qurol yetkazib berish hajmi oshirilishi bilan Ukraina boy berilgan hududlarni, jumladan Lisichansk va Donbassning boshqa shaharlarini o‘ziga qaytarishiga ishonch bildirgan.
«Biz bosqichma-bosqich ilgarilayapmiz - Xarkiv oblastida, Xerson oblastida. Shunday kun keladiki, biz Donbass haqida ham shunday deymiz. Biz jangchilarimiz hayotini asraymiz. Agar armiyamiz qo‘mondonligi dushman katta ustunlikka ega bo‘layotgan frontning ma’lum uchastkalaridan - bu Lisichanskka ham taalluqli - odamlarni olib ketishga qaror qildimi, demak biz u yerga harbiy taktika va zamonaviy qurollarimiz bilan qaytamiz», dedi Ukraina rahbari.
Mavzuga oid
21:53
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15
Ukraina bo‘ylab bayram kechasi yopirilma zarbalar yo‘llandi
16:21
Rossiyadagi KXDR harbiylari: ular qanday jang qiladi va dezertirlik qilishi mumkinmi?
15:50