Jahon | 22:27 / 06.07.2022
10225
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropolning yirik operatsiyasi natijasida noqonuniy migratsiya bilan shug‘ullanuvchi o‘nlab kishilar qo‘lga olindi 

Ma’lumot berilishicha, jinoiy uyushma oxirgi bir yarim yil ichida La-Mansh orqali Fransiyadan Britaniyaga 10 mingdan ortiq kishini noqonuniy ravishda olib o‘tgan.  

Foto: PA MEDIA

Yevropol Yevropaning qator mamlakatlarida muvofiqlashtirilgan politsiya operatsiyasini o‘tkazdi. Operatsiya natijasida migrantlarni noqonuniy ravishda olib o‘tish tarmog‘ini tashkillashtirishda ayblangan o‘nlab kishilar qo‘lga olindi

Politsiyaning ma’lumot berishicha, jinoiy uyushma oxirgi bir yarim yil ichida La-Mansh orqali Fransiyadan Britaniyaga 10 mingdan ortiq kishini noqonuniy ravishda olib o‘tgan. 

Jinoiy uyushma a’zolarini qo‘lga olish operatsiyasida Fransiya, Belgiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Niderlandiya davlatlaridan yuzlab politsiya xodimlari qatnashgan.

Qayd etilishicha, bu noqonuniy migratsiyaga barham berish bo‘yicha o‘tkazilgan eng yirik operatsiya hisoblanadi.

Operatsiya chog‘ida politsiya 1200dan ortiq qutqaruv nimchalari, 150ga yaqin rezina qayiqlar va ularga o‘rnatiladigan dvigatellar, bir necha o‘n ming yevro pul, o‘qotar qurollar va giyohvandlik moddalarini musodara qilgan.

Jinoiy guruh Xitoydan Turkiya orqali keltirilgan qayiqlar, dvigatellar va boshqa jihozlarni Germaniyada saqlab kelgan.

OAVning ma’lumot berishicha, ular Fransiyadan Britaniyaga o‘tkazib qo‘yish uchun har bir kishidan 3,5 ming yevrogacha olishgan, bir qayiqda 20 nafargacha odam olib o‘tilgan.

Qo‘lga olinganlar to‘g‘risida ko‘p narsa ma’lum emas: ularning aksariyati iroqlik kurdlar bo‘lib, Germaniyaning Osnabryuk shahrida yashagan, yana to‘rt kishi, jumladan, bir ayol Angliyaning turli joylarida qo‘lga olingan. Hibsga olinganlarning yoshi 18dan 26 yoshgacha ekanligi aytilgan. 

Mavzuga oid