O‘zbekiston | 14:25 / 09.07.2022
35583
8 daqiqa o‘qiladi

Hayit kunlarida qurbonlik so‘yish kimlar uchun vojib? Qurbonlikka oid hukmlar

Bugun hijriy hisob bo‘yicha Zulhijja oyining 10-kuni – Islom dunyosining eng katta bayrami Qurbon hayiti yurtimizda ham keng nishonlanmoqda. Hayit namozidan keyingi 3 kunlikda, shuningdek, qurbonlik amali ham qilinadi.

Shu munosabat bilan bir qancha vaqt avval Toshkent shahri «Novza» jome masjidi imom-xatibi Jaloliddin domla Hamroqulov bilan qurbonlik hukmi va ahkomlariga doir uyushtirgan suhbatimizni takroran e’lon qilishni lozim topdik.

Bu oyda amalga oshiriladigan qurbonlikning hukmi qanday?

— Ushbu muborak oyda qilinadigan amali solihlarning eng afzali – Zulhijja oyining 10-kuni Hayit namozi o‘qilganidan so‘ng, uchinchi kun quyosh botgunga qadar, ya’ni 3 kun ichida, musulmon, oqil, balog‘at yoshiga yetgan, muqim va zakot berishga qodir bo‘lgan kishilarga bir jonlik so‘yish vojib hisoblanadi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Bu kunda eng birinchi qiladigan ishimiz qurbonlik so‘yishdir», deydilar.

Qur’oni karimning eng kichik «Kavsar» surasida: «Biz sizga, ey Rasululloh, Kavsarni ato etdik. Shunday ekan, Robbingizga namoz o‘qing va qurbonlik qiling», deyiladi. Mufassirlar ushbu oyatlar tafsirida, namozdan murod – Qurbon hayiti namozi, qurbonlikdan murod qurbonlik so‘yish ekanini aytishadi. Bundan ko‘rinadiki, qurbonlik qilishlik musulmon, oqil, solih, muqim va zakot berishga qurbi yetgan insonga vojib bo‘ladi.

Zakot beruvchi va qurbonlik qiluvchi o‘rtasidagi farq

— Shu o‘rinda, zakot va qurbonlik orasidagi nozik qirra haqida. Mazhabimizda zakot berishdan avval nisobga yetgan mol bir yil o‘zgarmasdan turishi shart qilingan bo‘lsa, qurbonlik qilish uchun nisobga yetgan moli uyda bir yil turishi shart emas. Qurbon hayiti bayrami arafasida yoki qurbonlik qilish mumkin bo‘lgan kunlari moli nisobiga yetsa, qurbonlik qilishi vojib bo‘ladi.

Yana bir tarafi: puldor, moli nisobiga yetgan odam musofir bo‘lib qolsa, unga qurbonlik qilishlik vojib bo‘lmaydi. Agar safarga ketayotgan odam moliga vasiylik qiladigan odamga: «Agar men safarda bo‘lib qaytolmay qolsam, qurbonlik qilinglar» desa, qilsa bo‘ladi. Ammo bu so‘zni aytmagan bo‘lsa, bo‘ynidan soqit bo‘ladi.

Qanday hayvonlardan qurbonlik qilinadi?

— Qo‘y, echki, qoramol, qo‘tos va tuya kabi hayvonlardan qurbonlik qilinadi.

Bizning Hanafiy mazhabimizda qo‘y bir kishi uchun, qoramol va tuya bir nafardan yetti nafargacha kishining nomidan so‘yilsa ham bo‘ladi.

Qurbonlik qilinadigan hayvonlarning yoshlari ham kitoblarimizda bayon qilingan. Qo‘y – 1 yoshli, qoramol – 2 yoshli va tuya – 3 yoshli bo‘lishi kerak. Echki-qo‘ylarni bir kishi, qoramol va tuyani bir necha kishi qo‘shilib, qurbonlik qilishi mumkin.

Qurbonlikda niyat muhim

— Alohida uqtirish kerakki, qurbonlik qilayotganlar qurbonlik niyatini qilishi kerak. Masalan deylik, 5-6 kishi qoramol qurbonlik qilishga niyat qildi, ammo ularning biri: «O‘zi uyga go‘sht olishim kerak edi, arzonga tushadi», deb oddiy go‘shtli bo‘lish niyatini qildi. Bu holda boshqalarning qurbonligi ham qabul bo‘lmaydi, soqit bo‘lmaydi.

Eng chiroylisi va sog‘lomi qurbonlik qilinadi

— Qolaversa, qilinayotgan qurbonlik mukammal, chiroyli va sog‘lom bo‘lishi kerak. Insonga doimo mana shunday chiroyli va sifatli narsalar yoqadi. Endi Alloh uchun, ibodat uchun ham, albatta har tomonlama mukammalining harakatini qilish kerak.

Buning sababi nimada? Buning sababi – xolislik va uning go‘shti taqdim qilinadigan miskin va kambag‘al insonlarning ko‘nglini to‘ldirish. Oladigan odam ham shu go‘shtning tozaligiga va sifatligiga ishonadi va ko‘ngli xotirjam bo‘ladi.

Quloqlari yoki boshqa a’zolarida belgisi bor hayvonlar hukmi

— Ba’zi bir cho‘ponlar boqayotgan hayvonlarini adashtirib yubormaslik uchun quloqlarini kesadi, sirg‘a taqib qo‘yishadi yoki shunga o‘xshagan qanaqadir belgilar qilib qo‘yishadi. Bu belgilar nuqson o‘rniga o‘tmaydi, balki ajratish ma’nosida aytiladi.

Qurbonlik ibodati joriy bo‘lishi tarixi

— Qurbonlik qilishning tarixi uzoq-uzoqlarga, aniqrog‘i, Ibrohim va Ismoil alayhimussalomlarning zamonlariga borib taqaladi. Ibrohim alayhissalom payg‘ambarlarning otalari sanaladi. Chunki Ibrohim alayhissalomdan qolgan payg‘ambarlar tarqalgan. Sora onamizdan tug‘ilgan farzandlari Is’hoq alayhissalomdan ming-minglab payg‘ambarlar, Hojar onamizdan tug‘ilgan katta o‘g‘illari Ismoil alayhissalomdan payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom dunyoga kelganlar.

Ibrohim alayhissalom yolg‘on arafa kuni, ya’ni Zulhijja oyining 8-kuni bir tush ko‘radi. Unda katta o‘g‘li Ismoil alayhissalomni bo‘g‘izlab qurbonlik keltirayotgan bo‘ladi. Shunda Ibrohim alayhissalom bu tushni shaytoniy bo‘lsa kerak deb, e’tibor qilmaydi. Lekin uch marta ko‘rganidan keyin bu Alloh tomonidan buyruq ekani aniq bo‘ladi va o‘g‘lining oldiga borib: «Ey o‘g‘lim, sizni tushimda qurbonlik qilayotgan ekanman», – deydi. Shunda o‘g‘li: «Ey otajon, siz Allohning aytganini qiling, meni sabr qilguvchilardan topasiz, inshaalloh», deya javob qaytaradi.

Shu bilan Ibrohim alayhissalom o‘g‘lini yetaklab Mino vodiysida ketayotganlarida Ismoil alayhissalomning ortidan uch marta shayton chiqib: «Otang seni so‘yishga olib ketyapti», deb vasvasa qiladi. Lekin Ismoil alayhissalom uning shayton ekanini bilib tosh otadi. Haj ibodatini ado etishda Mino vodiysida tosh otish shundan qolgan.

Qurbonlik qilish odobi

— Ibrohim alayhissalom o‘g‘lini qurbonlik qilishlikka yotqizganida, o‘g‘li: «Ey otajon, meni bo‘g‘izlayotgan paytingizda yuzimni yerga qaratib qurbonlik qiling. Men sizga yomon nazar bilan qarab qo‘ymayin», – deydi. Shu bois, qurbonlik qilishda qo‘yning qulog‘ini bir qo‘l bilan ushlab, uning ko‘zi to‘silib, qurbonlik hayvonini so‘yish qurbonlik qilish odobi hisoblanadi.

Ibrohim alayhissalom tig‘ni tortgan vaqtlarida mo‘jiza yuz berib, tig‘ Ismoil alayhissalom bo‘yinlarni kesmaydi.

Shunda Alloh tomonidan: «Ey Ibrohim, sizning tushingiz vojib bo‘ldi, siz va o‘g‘lingiz imtihondan o‘tdingiz, sizga jannatdan bir qo‘y ato etdik, o‘shani qurbonlik qilasiz», degan nido kelgan va shu paytgacha shunday bo‘lib qolgan.

Intervyu Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan diniy ekspertizadan o‘tkazilgan.

Mavzuga oid