O‘zbekiston | 20:02 / 10.07.2022
14986
3 daqiqa o‘qiladi

“Nukusdagi namoyishlar vaqtida chaqaloq o‘qdan yaralangani haqidagi xabarlar yolg‘on” – Milliy gvardiya

Rasmiy bayonotga ko‘ra feyk xabarlar xorijdan turib tarqatilmoqda.

Foto: MAKAN.UZ telegram-kanali

Internetda Nukusdagi shifoxonada yotgan chaqaloq o‘qdan yaralanganligi aytilgan yolg‘on xabarlar tarqaldi. Milliy gvardiya rasmiy bayonot bilan chiqdi.

“Chet davlatlardan biridagi ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston halqi nomidan turli feyk xabarlar tarqatishga urinmoqdalar. Unda aks ettirilgan fototasvirga izoh berilib, shifoxonada yotgan chaqoloqning jangovar o‘qdan yaralanganligi to‘g‘risida aytilgan”, deyiladi bayonotda.

Milliy gvardiya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mas’ul xodimlar Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialiga borib, bu xabarni o‘rganishgan. Navbatchi shifokor jarroh Boburbek Tilmurodov tarqatilgan surat va unga berilgan izoh noto‘g‘ri ekanligini aytib, bunday jarohat olgan chaqaloq shifoxonada umuman qayd etilmaganini tasdiqlagan.

Boshqa bir bayonotda tartibsizliklar sodir bo‘lgan joylardan o‘qotar qurollardan otilgan gilzalar topilgani aks etgan videotasvirlar tarqatilgani, biroq videotasvirda o‘qdan halok bo‘lganlar ko‘rsatilmagani ta’kidlanadi. Milliy gvardiya xabarida Nukusdagi namoyishlar vaqtida haqiqiy o‘q-dorilar ishlatilmagani yana bir marta takrorlangan.

“Faqat olomonni tarqatish va tartibsizliklarni bostirish uchun maxsus vositalar – yorug‘lik, shovqin va tutun ishlatilgan. Aniqlik kiritib o‘tamizki, pirotexnika vositalari bilan to‘ldirilgan patronlarning o‘qlari maxsus 4 o‘qli qo‘shimchali Kalashnikov avtomatidan otiladi. Albatta bunday maxsus vositalarni qo‘llash uchun avtomatga paxtovon o‘qlar joylanadi.

Olomonni tarqatish uchun ishlatilgan bu kabi maxsus vositalar qoldiqlarini topib olgan ayrim fuqarolar provokatsion ruhdagi videoxabarlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishni maqsad qilishgan. Biroq  huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining bunday vaziyatlarda qurollardan foydalanishi uchun qonuniy asoslari mavjud”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Milliy gvardiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Abdijan Abduvaliyev ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan namoyishlar bo‘lib o‘tgan ko‘chada qon oqayotgani, go‘yoki maxsus mashina qonni suv yordamida yuvayotgani iddao qilingan videodagi qon emas bo‘yoq ekani, namoyishlarni tinchitishda bunday usuldan ko‘plab davlatlarda foydalanilishi, tartibsizliklarni tinchitish maqsadida namoyishchilarga qizil bo‘yoq sepilishidan maqsad ular orasidagi yetakchilarni ajratib olish ekanini aytgandi.

Qoraqalpog‘istondagi talato‘plarda jarohatlangan harbiylar jurnalistlarning savollariga javob berib, tinch aholiga qarshi qurol ishlatishmaganini ma’lum qilishgandi.

Mavzuga oid