Jamiyat | 12:15 / 10.07.2022
12302
3 daqiqa o‘qiladi

SSV: Toshkentda 6 oy ichida 3 nafar ona farzandini «Tez yordam» mashinasida dunyoga keltirgan

Tez tibbiy yordam xizmati xodimlari sa’y-harakati tufayli 25 nafar homilador ayol o‘z uyida farzandli bo‘lgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirligi 2022 yil boshidan buyon Toshkent shahrida «103» xizmatiga qilingan tug‘uruq va homiladorlik patologiyalari bo‘yicha murojaatlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

«Tug‘uruq amaliyoti — o‘ta murakkab jarayon. Shu sababli uning xavfsiz va asoratsiz kechishi bevosita tibbiyot xodimlarining kasbiy bilim va malakasi, ularning tajriba hamda mahoratiga bog‘liq.

Biroq ba’zida shunday holatlar bo‘ladiki, homilador ayolda to‘lg‘oq to‘satdan boshlanadi. Natijada ushbu amaliyotni uyda yoki yo‘lda bajarishga to‘g‘ri keladi.

Mana shunday kutilmagan vaziyatlarda, tabiiyki, tez tibbiy yordam xizmati shifokor va hamshiralaridan yanada mas’uliyat va qat’iyat, tezkorlik va o‘ta ziyraklik talab etiladi. Aks holda, ona va bolaning hayoti xavf ostida qolishi mumkin», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, mamlakatda «Tez yordam» xizmati xodimlari ana shunday favqulodda tug‘uruq jarayonlarining muvaffaqiyatli kechishi hamda ona va bola salomatligini asrash uchun zarur bilim va malakaga ega.

Xususan, joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida Toshkent shahar «103» xizmatiga tug‘uruq va homiladorlik patologiyalari bo‘yicha jami 21 ming 143 ta chaqiriq kelib tushgan. Shundan 38-40 haftalik homiladorlik davrida bo‘lgan 2342 nafar ayol tug‘uruq uchun murojaat qilgan.

Qolaversa, tez tibbiy yordam xizmati xodimlarining bevosita sa’y-harakati tufayli 25 nafar homilador ayol o‘z uyida farzandli bo‘lgan.

Kutilmaganda boshlangan tug‘uruq va yana boshqa omillar sababli esa 3 nafar ona chaqalog‘ini «Tez yordam» mashinasida dunyoga keltirgan.

«103» brigadalarining tezkor amalga oshirgan tibbiy yordami tufayli ushbu tug‘uruq jarayonlarining barchasi muvaffaqiyatli va hech qanday asoratlarsiz kechgan.

Ma’lumot uchun, 2022 yil yanvar-iyun oylarida Toshkent shahar «Tez yordam» xizmatiga jami 622 ming 578 ta chaqiriq kelib tushgandi.

Mavzuga oid