O‘zbekiston | 13:09 / 11.07.2022
20187
5 daqiqa o‘qiladi

Ota-onalar uchun soliq imtiyozlari, budjetdagi intizomsizlik va portlayotgan gaz ballonlari – Senatning 28-yalpi majlisi qanday o‘tdi?

2022 yil 8 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining yigirma sakkizinchi yalpi majlisida 13 ta masala ko‘rib chiqildi, shu jumladan 4 ta qonun qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

Dastlab senatorlar Vazirlar Mahkamasining Davlat budjetining 2021 yil yakunlari va 2022 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarini muhokama qildi.

Ma’lum qilinishicha, davlat budjeti daromadlari hajmi 2021 yilda oldingi yilga nisbatan deyarli 32 trln so‘mga o‘sgan. 2022 yilning  1-choragida esa davlat budjeti daromadlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 trln so‘mga ko‘paygan. Senatorlar davlat budjetining xarajatlarini moliyalashtirilishiga doir hisobotlarni ham tinglab, tegishli qaror qabul qildi.

Yalpi majlisda senatorlar «Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risida»gi qonunni ko‘rib chiqib, qabul qildi. Qonun soliq maslahati sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish va soliq to‘lovchilarga malakali soliq maslahati xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash tizimini yaratishga qaratilgan. Soliq maslahati sohasini tartibga solish vakolati va Moliya vazirligining ayrim funksiyalari O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasiga o‘tkazilmoqda.

Senatorlar, shuningdek «Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunni bir ovozdan qabul qildi.

Qonun bilan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish tadbirlari, uni e’lon qilish xavfi to‘g‘risida aholiga xabar berish, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning aniq vazifalari hamda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish tadbirlariga rahbarlik qilish va yana bir qator jihatlar belgilanmoqda.

«O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun bilan maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga ular tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmidan kelib chiqqan holda 3 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatga foyda solig‘idan ozod etilishi belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan ma’qullangan «Soliq va bojxona qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz solig‘i stavkasi tushirilmoqda, farzandlariga nodavlat ta’limga oid xizmatlar uchun ota-onalarga soliq imtiyozlari berilmoqda.

Shuningdek, qonun bilan jismoniy shaxslar va tadbirkorlar uchun yana bir qancha soliq imtiyozlari belgilanmoqda.

Yalpi majlisda daryolar o‘zanlarini obodonlashtirish, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof-muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi obektlariga salbiy ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.

Senatorlar shuningdek, hukumatga iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohasida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan parlament so‘rovi yuborish bo‘yicha ham Senatning tegishli qarorini qabul qildi.

Shundan keyin senatorlar eksport hajmining barqaror o‘sishini ta’minlash va uning nomenklaturasini diversifikatsiyalash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini muhokama qildi.

Senat yalpi majlisida O‘zbekistonda gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta’minlash holati va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi bo‘yicha Hukumat tomonidan qayta ko‘rib chiqilgan parlament so‘rovi natijalari ham muhokama etildi.

Senatorlar homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda go‘daklarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam holati yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ham muhokama qildi.

Senatorlar tomonidan parlament so‘rovida ko‘tarilgan masalalarni hal etish yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjat qabul qilishni nazarda tutuvchi Senat qarori qabul qilindi. Bundan tashqari, 28-yalpi majlisda senatorlar Senatning ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish va Senat Kengashi qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, Senat tomonidan qabul qilingan qonunlar 10 kun muddatda prezidentga yuboriladi. Qonunlar 30 kun ichida prezident tomonidan imzolanadi (yoki parlamentga qaytariladi) va har bir qonunning o‘zida ko‘rsatilgan muddatlarda kuchga kiradi. 

Mavzuga oid