Jamiyat | 13:04 / 11.07.2022
22893
7 daqiqa o‘qiladi

Yengilmas byurokratiya: OTMlarda bitiruvchilardan “obxodnoy” to‘ldirish talab qilinmoqda

Qator oliygohlarda bitiruvchilardan aylanma varaqa to‘ldirish talab etilyapti. Bu amaliyot prezident farmoni bilan bekor bo‘lganiga esa bir yildan oshdi. Jarayonni raqamlashtirish topshirig‘ini paysalga solayotgan rahbarlarni deb talabalar eshikma-eshik sarson bo‘lyapti.

Foto: Kun.uz

Kun.uz'ga oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bitiruvchilari tomonidan kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, oliygohlar ma’muriyatlari bitiruvchilardan “agar diplom kerak bo‘lsa” aylanma varaqani to‘ldirishni talab qilmoqda.

Bunda bitiruvchi xonadan xonaga yugurib, marketing-u yotoqxonadan qarzi yo‘qligini isbotlaydigan imzolarni yig‘ishi kerak.

Vaholanki, 2021 yilda prezident farmoni bilan bitiruvchilardan aylanma varaqani talab qilish bekor qilingan, bu jarayonni elektronlashtirishga topshiriq berilgan.

“Yo aylanma varaqa to‘ldir, yoki diplom yo‘q”

Aylanma varaqa – bu talaba OTMni bitirganidan keyin marketing bo‘limi (kontrakt bo‘yicha qarzi yo‘qligi haqida), kutubxona (kitoblar bo‘yicha qarzi yo‘qligi haqida), o‘quv bo‘limi (akademik qarzdor emasligi haqida) va talabalar turar joyidan olinadigan imzolar yig‘indisi.

Ya’ni OTM ma’muriyati bitiruvchining qo‘liga bir parcha qog‘ozni tutqazadi va u xonadan xonaga yugurib, har bir bo‘limdan qarzdor emasligini ko‘rsatuvchi imzo va muhrlarni yig‘ishi kerak.

Kun.uz'ga murojaat qilgan bir nechta OTM bitiruvchilari bu ovoragarchilik va byurokratiyadan shikoyat qilmoqda.

Masalan, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining magistratura bitiruvchilariga “Universitet bilan hisob-kitob” varaqasi berilgan.

Ayniqsa, kutubxonadan qarzingiz bo‘lmasa ham, bo‘yningizga qarz ilib qo‘yishadi. Chunki yo‘qolgan kitoblarning o‘rnini kimdir to‘ldirishi kerak-ku. Bitiruvchi esa mute, diplom olishi kerak”, – deydi shaxsini oshkor qilmaslik sharti bilan bir bitiruvchi. U bitirayotgan OTM nomini aytsa, o‘ziga muammo bo‘lishi mumkinligi, chunki bunday varaqa hozircha sanoqli bitiruvchilarga berilganini aytmoqda.

Telegram'dagi “Masofaviy ta’lim” kanali mualliflari ham xuddi shu holatga duch kelgan va mavzuga e’tibor qaratgan.

Agar siz oliy ta’lim muassasasini tamomlagan bo‘lsangiz, rasmdagi (aylanma varaqa)ni to‘ldirib kelishingiz kerak. Bittasiga borsangiz, avval boshqa uchtasi tasdiqlashi kerakligini aytadi. O‘sha uchtadan bittasiga borsangiz, hali ishga kelmagan bo‘ladi.

Ilmiy kutubxonani topib borsangiz, avval fakultet kutubxonasi tasdiqlagan bo‘lishi kerakligini aytadi. Marketingni topib borsangiz, boshqa joyga ko‘chib ketgan bo‘ladi. “HEMIS”ga borsangiz, eng oxiri ularga kelishingiz kerakligini tushuntirishadi.

Eng kulgilisi shuki, agar siz umuman yotoqxonada yashamay, o‘z uyingizda yashagan bo‘lsangiz ham, yotoqxonani topib borib, imzolatishingiz va pechatlatishingiz kerak bo‘ladi. Agar buni qilmasangiz, unda diplom ham yo‘q.

Eng yomoni shuki, bu o‘ntasi o‘n xil joyda o‘tiradi. Shu bir parcha qog‘ozni to‘liq to‘ldirish uchun sizning kamida 3-4 kun vaqtingiz, har qanday qo‘pol muomalani ko‘taradigan asab tolalaringiz va yugur-yugur qilishga bardoshingiz sarf bo‘ladi”, – deydi muallif.

Foto: Masofaviy ta’lim Telegram-kanali

Shuningdek, ta’lim mavzusini yoritadigan boshqa Telegram-kanallariga talabalardan aylanma varaqa mojarosi haqida murojaatlar kelgach, qaysi oliy ta’lim muassasalarida bekor bo‘lgan hujjat talab qilinayotganini aniqlash uchun so‘rovnoma o‘tkazilgan. “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash” kanaliga joylangan post izohlariga qarab xulosa qilish mumkinki, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat transport universiteti, Buxoro tibbiyot instituti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti ham shunday varaqa to‘ldirishni talab qilgan bo‘lishi mumkin.

Aylanma varaqa to‘ldirish bekor qilingan – tartib elektronlashtirilgan

Yuqorida aytilganidek, ta’lim muassasalarini tugatganda yoki o‘qishni bir ta’lim muassasasidan boshqasiga ko‘chirganda aylanma varaqa to‘ldirish amaliyoti prezidentning 2021 yil 23 martdagi PF-6191-sonli farmoni bilan bekor qilingan.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi joriy yilning mart oyida aylanma varaqa to‘ldirish amaliyoti raqamlashtirilgani va “HEMIS” axborot tizimi orqali amalga oshirilishini ma’lum qilgan.

Vazirlik buning tartibini quyidagicha tushuntirgan:

Talaba o‘z profili orqali elektron aylanma varaqasini olish uchun so‘rov jo‘natish imkoniyatiga ega. Shundan so‘ng oliy ta’lim muassasasidagi buxgalteriya va kadrlar bo‘limi, fakultet dekanati, axborot resurs markazi hamda yotoqxona mas’ullari tomonidan talabaning elektron aylanma varaqasi shakllantiriladi. Talaba o‘z profili orqali shakllantirilgan aylanma varaqa va unga kiritilgan izohlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi”.

Demak, yangi tartibda aylanma varaqani ibtidoiy usulda bo‘limlardan qarzi bo‘lsa-bo‘lmasa bittalab imzolatish emas, balki qaysi bo‘limdan qanday va qancha miqdorda qarzi borligi elektron aks ettirilishi belgilangan. Bu shuni anglatadiki, qarzi bo‘lmagan bitiruvchi uni to‘ldirishiga hojat qolmaydi, qarzi bo‘lganlar esa nimani qanday to‘g‘rilash kerakligini bilib, qarzlarini bartaraf etadi.

Avvalroq, Kun.uz Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti bitiruvchisi homilador bo‘lishiga qaramay “obxodnoy” to‘ldirish uchun sarson bo‘lishga majbur bo‘lgani haqida yozgandi.

Holat yuzasidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi “aylanma varaqa to‘ldirishni talab qilish mumkin emasligi”ni ta’kidlab, agar biror-bir OTMda shu kabi holatga duch kelingan taqdirda jamoatchilikdan vazirlikning @eduuzaxborotxizmati_bot orqali murojaat qilishlarini so‘ragandi.

Bayonotda vazirlik qilingan murojaatlarni zudlik bilan o‘rganib chiqib, holat yuzasidan zarur choralarni ko‘rishi ma’lum qilingan edi.

Madina Ochilova tayyorladi.

Mavzuga oid