O‘zbekiston | 18:11 / 14.07.2022
89127
7 daqiqa o‘qiladi

Magistraturaga qabul: o‘zgarishlar katta

2022 yildan OTMlarning magistratura bosqichi uchun qabul yangicha tizimga o‘tkazildi. Kun.uz onlayn hujjat topshirish tartibi, abituriyentlar hech qanday imtihonsiz qanday tanlab olinishi, o‘zbek tili va rus til yo‘nalishiga qanday sertifikatlar mos kelishi kabi abituriyentlardan kelib tushayotgan savollarga javoblarni taqdim etadi.

“90 foiz holatda korrupsion mexanizm ishladi”, deya avvalgi yillardagi magistraturaga qabulni ta’riflagan edi bundan bir yil oldin oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov.

Toshqulov o‘shanda magistraturaga qabulni DTMga o‘tkazishni “najot” deb atagandi, biroq qisqa muddat amal qilgan bu tartib ham o‘zgarib, oxir-oqibat magistraturaga kirishda imtihonlar bekor qilindi.

Endilikda nomzodlar bakalavriatda olgan baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichi va chet tilini bilish darajasi bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikat balliga qarab, ballar ketma-ketligi asosida saralab olinadi.

Hujjat topshirish qanday amalga oshiriladi?

1 iyuldan OTMlarning magistratura bosqichiga qabul uchun vazirlikning magistr.edu.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish boshlandi va jarayon 30 iyulga qadar (shu kuni ham) davom etadi.

Ariza topshirish jarayoni uch bosqichdan iborat:

  • abituriyent tizimdan ro‘yxatdan o‘tib, ariza to‘ldiradi;
  • diplom va chet tilini bilish sertifikati ma’lumotlarini kiritadi;
  • qabul komissiyasi arizani qabul qiladi.

Qabulning dastlabki 14 kunida qariyb 2200 nafar abituriyent magistraturaga hujjat topshirdi. Bu yilgi kvota 16 933tani tashkil qiladi. Bu ko‘plab OTMlarda hali diplom berilmagani bilan izohlanmoqda.

OTMlar kesimida qaysi yo‘nalishga qancha ariza topshirilganini magistr.edu.uz saytining statistika bo‘limidan ko‘rish mumkin.

Abituriyentlarni saralash: bakalavriatdagi baholar va sertifikat balli qancha yuqori bo‘lsa, shuncha yaxshi

Hujjatlar qabuli tugagach, abituriyentlarning bakalavriat diplomi ilovasidagi ballarning o‘rtacha ko‘rsatkichi (GPA) va til sertifikatidagi ball asosida reyting tuziladi.

Buni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati mutaxassisi Zafar Amirqulov shunday tushuntirdi:

“Abituriyentlarni saralashda 4 yil davomida oliy ta’lim muassasasidagi o‘qish davomida barcha fanlardan yig‘ilgan ballar inobatga olinadi. Misol uchun, OTMda abituriyent 60 ta fan o‘qigan bo‘lsa, shu fanlardan olgan baholari qo‘shib chiqilib, 60 ga bo‘linadi.

Saralashda yana bir muhim rol o‘ynaydigan jihat – chet tili sertifikati darajasi. Kimdir B2 olga bo‘lsa, yana kimdir C1 yoki C2 olgan bo‘lishi mumkin. Ushbu jihatlar abituriyentlarning grant yoki kontrakt o‘rinlarini ham belgilaydi”.

Yangi tizimning kamchiliklaridan biri sifatida shuni aytish mumkinki, korrupsiya darajasi yuqori oliygohlarning bitiruvchilari bakalavriatda yuqoriroq ball olgani hisobiga nisbiy ustunlikka erishishi mumkin.

Turdosh yo‘nalishlar

Abituriyentlar magistratura uchun tanlagan yo‘nalishi bakalavriatda o‘qigan yo‘nalishi bilan bir xil yoki turdosh bo‘lishi kerak. Misol uchun, filologiyani tamomlagan abituriyent magistraturada iqtisodiyot yo‘nalishida o‘qiy olmaydi va hokazo.

Turdosh yo‘nalishlar ro‘yxati bugun, 14 iyulda e’lon qilindi. Ro‘yxatni mana bu yerdan yuklab olish mumkin. Bu ro‘yxatga kiritilmagan yo‘nalishlarning bitiruvchilari magistraturada ham faqat bakalavriatdagi yo‘nalishida o‘qiy oladi.

O‘zbekistondagi xorijiy va xususiy oliygohlarning bitiruvchilari mos (muvofiq) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishi mumkin.

Chet tili sertifikati

Chet tilini bilish sertifikati bo‘lmagan abituriyentlar magistraturaga hujjat topshira olmaydi. Chet tilidan ichki imtihon o‘tkazilmaydi.

Xorijiy tillar yo‘nalishlariga C1, qolgan barcha yo‘nalishlarga esa B2 darajasidan kam bo‘lmagan milliy sertifikat yoki unga teng darajadagi xalqaro sertifikat talab qilinadi. Eng keng tarqalgan xalqaro sertifikat – IELTS bo‘yicha filologik yo‘nalishlarda kamida 7, boshqa yo‘nalishlarda kamida 5,5 ball olish kerak.

Ona tili va adabiyot, adabiyotshunoslik kabi yo‘nalishlar ham filologik bo‘lgani uchun bitiruvchilarda C1 darajadagi til sertifikati talab qilinadi degan yanglish fikr yoki ma’lumotlar bor. Kun.uz Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan aniqlik kiritishicha, bu kabi yo‘nalishlarga B2 sertifikati talab qilinadi.

Nomdor stipendiya sohiblaridan magistraturaga kirish uchun sertifikat talab qilinmaydi.

Yuqoridagi ro‘yxatda rus tili sertifikati yo‘q. Rus tili yo‘nalishini bitirgan talabalarning bu boradagi savoliga oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Komiljon Karimov javob berdi:

“Magistraturaga qabul qilishda xorijiy tilni bilish sertifikatini talab qilishdan maqsad – OTMlarga eng iqtidorli, bilimli yoshlarni jalb qilish. Magistratura – ilm-fanga yo‘naltiradigan bosqich. Butun dunyoda tan olingan tartibni joriy etdik. Ilmni xorijiy tillarsiz tasavvur qilish qiyin. Bugungi kunda 90 foizdan ortiq ilmiy ma’lumot ingliz tilida. Ko‘plab davlatlarda ingliz tili ustuvor til sifatida belgilanmoqda.

Rus tili to‘g‘risida gapiradigan bo‘sak, tasdiqlangan 10 ta tildan 24 xil sertifikat qabul qilinadi. Bunda asosan ommaviy tillar belgilangan. Nega bularda rus tili yo‘q degan savol turibdi. O‘zbekistonda maktabdan oliy ta’limgacha 7ta til ta’lim tili sifatida belgilangan, bularning ichida rus tili ham bor. 70 foizgacha talabalarimiz o‘zbek tilida, 20 foiz talabamiz rus tilida ta’lim olyapti. Rus tili – O‘zbekistonda ommalashgan til va uni xorijiy til sifatida ko‘rmaymiz”.

Yanvar oyida ham qabul bo‘ladi

Endilikda yozgi qabulda kvotalar to‘lmay qolgan taqdirda, yanvarda ham qabul o‘tkazilishi mumkin. Buning uchun hujjatlar dekabr oyida qabul qilinadi.

Agar ayrim OTMlarda qabul kvotalari to‘lsa, qo‘shimcha qabul qilish borasida OTMning o‘zi mustaqil qaror qabul qiladi.

Magistratura – qizlar uchun tekin

Shu yildan boshlab magistraturaning barcha bosqichlarida xotin-qizlar to‘lov-kontraktdan ozod qilindi. Shu ma’noda abituriyent qizlar uchun grant chizig‘idan pastda yoki yuqorida bo‘lishi faqat ramziy ahamiyatga ega.

Madina Ochilova tayyorladi.

Mavzuga oid